Nazarboyev: "Lotin alifbosiga oʻtish - rus tilidan voz kechish emas"

Nazarboyev Image copyright Getty Images

Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev mamlakatning lotin alifbosiga oʻtishi borasida gap-soʻzlarga javob bergan. "Xabar" telekanaliga gapirgan Nazarboyev lotinchaga oʻtish rus tilidan va unda ishlatiladigan kirillchadan voz kechishni anglatmasligini aytgan.

"Lotin alifbosiga oʻtganimiz bilan biz rus tilidan qochib ketamiz deganimiz yoʻq. Lotinchaga oʻtish rus tilidan, kirilchadan voz kechtirish degani emas. Lotincha ilk navbatda qozoq tiliga taalluqli boʻladi. Qozogʻistondagi rusiyzabonlar uchun rus tilida chop qilinadigan barcha nashrlar kirill imlosida qoladi", - degan u.

Nazarboyev lotin alifbosiga oʻtish muhim masala ekanligi va bu borada katta ishlar qilinayotganini aytgan.

"Yaqinda men bu borada shugʻullanayotgan olimlar, tilshunoslarni bir yerga toʻplab, maslahatlashib bir rejaga kelamiz", - deb aytgan Nazarboyev.

2012 yilning soʻnggida Qozogʻiston davlat tilini lotin alifbosiga oʻtkazish borasida qaror berdi. 2017 yilning oxirigacha qozoq lotin imlosining yagona standardtini ishlab chiqish borasida Prezident Nazarboyev topshiriq bergan.

Markaziy Osiyoda Qirgʻiziston va Tojikiston kirill alifbosidan foydalanadi. Oʻzbekistonda lotinchaga oʻtish jarayoni 24 yildan beri toʻliq amalga oshmagan. Turkmaniston va Ozarboyjon davlatlari toʻliq lotin alifbosiga oʻtishgan.

Bugungi kunda Lotindagi Qozoq alifbosidan Turkiya va boshqa Gʻarb davlatlarida yashaydigan Qozoq diasporasi vakillari foydalanadilar.

Biroq bu alifbo hech qanday maqomga ega emas.

Shuningdek, vatanini tark etgan Qozoq muhojirlari Qozoq Arab alifbosini ham qoʻllaydilar.

Qozogʻistonda 1929 yildan 1940 yilgacha foydalanilgan Lotin alifbosi Yanalif yoki yangi Turk alifbosi deb koʻrilgan.

Yanalif SSSRda tashkil qilingan yangi alifbo boʻyicha maxsus qoʻmita tomonidan tuzib chiqilgan.

Qozogʻistonda Lotin alifbosiga oʻtish masalasi 2007 yildan buyon muhokama etiladi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq