Ispaniyadan tortib, Rossiyagacha: IShID nimalarni koʻzlamoqda?

IShID Image copyright courtesy

Bor-yoʻgʻi bir necha kunning oʻzida Ispaniyadan tortib, Finlandiya va Rossiya qadar ustma-ust hujumlarga sahna boʻldi.

Ispaniyaning Barselonasi va Rossiyaning Surgutidagi hujumlarga masʼuliyatni esa, yana Yaqin Sharqdagi IShID jangari guruhi oʻz zimmasiga olib chiqdi.

Guruhning har ikki daʼvosini ham halicha mustaqil manbalardan tasdiqlashning imkoni boʻlgani yoʻq.

Iroq Moʻsulidan nima qoldi?

Ammo soʻnggi yillarda Gʻarbiy Yevropadan tortib, Shimoliy Amerika qadar bunga oʻxshash hujumlarning soni keskin ortgani kuzatiladi.

Oʻnlab oddiy insonlarning oʻlimi va yana katta sondagasining tan jarohati olishiga sabab boʻlgan bu hujumlardan aksariyatiga javobgarlikni aynan IShID guruhi oʻz zimmasiga olib chiqqan.

Soʻnggi hujumlar arafasida esa, IShID Markaziy Osiyoning shundoqqina biqinida, Afgʻonistonning shimoliy Saripul viloyatida "oʻnlab odamlarning shafqatsizlarcha qirib tashlanishi" ham oʻz ishlari ekanini iddao qilib chiqqan.

Soʻnggi qonli voqealarning barchasi iroqlik masʼullarning IShID deyarli mavh etib boʻlingani, guruh Yaqin Sharqda asos solgan islomiy xalifati barham topganiga oid rasmiy bayonotlari manzarasida yangramoqda.

Ustiga ustak, guruh lideri Abu Bakr al-Bagʻdodiyning taqdiri hanuz nomaʼlum qolayotgan, Rossiya uni oʻz havo hujumlarida oʻldirganligini daʼvo qilayotgan bir vaziyatda kuzatilmoqda.

Oʻtgan uch yil davomida IShID saflarida Markaziy Osiyo va rossiyaliklari ham doxil oʻn minglab xorijiy jangarilarning jang qilganliklari ishoniladi.

Dunyoning koʻplab davlatlari qatorida Qirgʻiziston, Tojikiston va Rossiyada ham IShID ning faoliyati rasman taqiqlangan, "terrorchi tashkilot", deb eʼlon qilingan.

Shunday ekan, bularning barchasi nimani anglatadi?

BBC Oʻzbek Xizmati xuddi shunday savol bilan Londondan Mudofaa masalalari boʻyicha xalqaro harbiy tahlilchi Pol Rojers (Paul Rogers)ga murojaat qildi:

Pol Rojers: Hali oʻzlariga qarshi havo hujumlari boshlangan 2014 yildayoq IShID qoʻl ostidagi hududlarining aksariyatini alal-oqibat boy berishini anglab yetgan. Xuddi shu bois ham, urushini oʻziga hujum qilayotgan davlatlarga qaratish yoʻliga oʻtgan. Asosiy eʼtiborini moʻljalga olish oson boʻlgan oddiy insonlarga qaratilgan individual hujumlarga qaratgan. Oʻtgan ikki-uch yil ichida xuddi ana shunday jarayon kechmoqda. Bu - qasddan koʻzlangan, musulmonlarga qarshi nafrat uygʻotish, jamiyatlarna rahna solishni maqsad qilgan siyosat. IShID birgina AQSh boshchiligidagi harbiy koalitsiyaning havo hujumlarida 60 mingga yaqin tarafdorini yoʻqotgan. Iroq va Suriyada jiddiy magʻlubiyatga uchragan. Yashirincha jang olib borish yoʻlini tutgan. Ammo oʻzining hanuz faoliyatda ekanini bildirish uchun dunyo boʻylab qarshi hujumga oʻtgan. Biz Gʻarbiy Yevropa, Shimoliy Amerika va yana boshqa qator davlatlarda guvoh boʻlib turgan koʻplab hujumlar bunga misol. IShID Afgʻonistonda shundoq ham faol. Hatto Janubiy Filippinga qadar kirib borishga muvaffaq boʻlgan. IShID bundan uch-toʻrt yil burun asosiy diqqat-eʼtiborini Yaqin Sharqda oʻz islomiy xalifatini barpa etishga qaratgan. Hozir esa, uzoq kelajakdagi maqsadlarini koʻzlab, oʻz taktikasini xuddi shu tariqa oʻzgartirgan.

BBC: Pol, vaziyat shunday ekan, IShID Yaqin Sharqdan tashqarida boʻlgan hududlarda qanchalik uzoqqa bora olishi mumkin? Dunyoning qolgan davlatlari xavfsizligi nazarda tutilganda, IShID qanchalik katta tahdidga aylanishi mumkin? Bu jangari guruhdan nima kutsak boʻladi?

Pol Rojers: Ular hozirning oʻzida kattagina tahdidga aylanib ulgurishgan. Gʻarb davlatlari juda kuchli aksilterror xizmatlariga ega. Ularning josuslik idoralari ham yaxshi ishlaydi. Ammo, shunga qaramay, ular barchani toʻxtatib qololmaydi, bunga qurbi yetmaydi. Bundan tashqari, IShID Suriya va Iroqda zaiflashib borishi bilan guruhga chetdan kelib qoʻshilgan jangarilari ham oʻz ona Vatanlariga qaytishmoqda. Ulardan ayrimlari IShID bilan aloqalarini butkul uzgan, uzishgan, toʻgʻri. Ammo bu kabi insonlarning orasida guruhga moyil qilib, oʻz yurtlarida ham hujumlarini davom etdirish ahdida qatʼiy qolganlari-da bor. Shu bois ham, bu muammo hali yana davom etadi.

BBC: Shu jumladan, Rossiyada ham deysiz, shundaymi?

Pol Rojers: Ha, xuddi shunday. Rossiyada ham. Asosan Shimoliy Kavkazdagi vaziyat bois...Rossiyada musulmonlarning soni 16 million kishidan ortadi. Ularning orasida oʻzlariga nisbatan munosabat va siyosatdan mamnun boʻlmaganlari ham oz emas. Xuddi shu bois ham, bunga qasdma-qasd ulardan bir qismining zoʻravonliklar yoʻliga oʻtishi xavfi, ehtimoli hamisha saqlanib kelgan. Biz oʻtgan oʻn yilning oʻzida bu kabi holatga takror va takror guvoh boʻldik.

BBC: Shunday ekan, sizningcha, bu kabi tahdidning oldini olish uchun nima qilmoq kerak? Bu borada IShID hujumi xavfi ostida boʻlgan yoki qolgan davlatlar qoʻlidan jiddiyroq bir ish kelarmikan? Nima deysiz?

Pol Rojers: Ular, menimcha, eng avvalo yoshlar orasida radikallashuv hollarining oldini olishga harakat qilishadi. Chunki xuddi shu narsa hozir bu davlatlar va ulardagi musulmon jamoalari toʻqnash kelib turgan asosiy muammo boʻladi. Ammo ular, bundan tashqari, IShIDga nisbatan oʻzlarining butun yondashuvlarini qayta koʻrib chiqishlari kerak boʻladi. Ular IShID va "al-Qoida"ga oʻxshash jangari guruhlarni yoʻq etishda asosiy eʼtiborilarini harbiy tanlovga qaratib kelishgan. 16 yildirki, urushning nihoyasi koʻrinmaydi. Iroq, Afgʻoniston va Liviya hanuz zoʻravonliklar, muammolar girdobida. Shunday ekan, Gʻarb terrorga qarshi urushga nisbatan oʻzining butun qarashi, yondashuvi va siyosatini jiddiy oʻzgartirmogʻi lozim, nazarimda.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq