Aktsiz soliqlarining tushirilishi nimani anglatadi?

Endi chetdan keladigan goʻshtlarga aktsiz soligʻi solinmaydi Image copyright uza.uz
Image caption Endi chetdan keladigan goʻshtlarga aktsiz soligʻi solinmaydi

Oʻzbekiston birlamchi oziq-ovqat va yem narxlariga aktsiz soligʻini olib tashladi. Mutaxassislar ushbu choralar narxlarning tushishiga xizmat qilishi yoki konvertatsiya ochilishi jarayonida narxlar qimmatlashuvining oldi olinishiga qaratilganini taxmin qilmoqda.

Prezident Mirziyoyevning 15 avgustdagi qaroriga muvofiq 1 sentyabrdan boshlab kundalik ehtiyoj uchun zarur oziq-ovqat va yem mahsulotlariga aktsiz soliqlarini butunlay bekor qilish yoki keskin tushirish koʻrsatilgan.

Qarorga muvofiq chetdan kirib keladigan ushbu tovarlarga bojxona tomonidan solinadigan soliqlar ayrim oʻrinlarda butunlay bekor qilinganini koʻrish mumkin.

1 sentyabrdan boshlab sariyogʻ, soya va kungaboqar yogʻi, urugʻlik mahsulotlar kartoshka, bugʻdoy, makkajoʻxori, javdari, arpa kabi mahsulotlarining aktsiz soligʻi olib tashlangan.

Yem mahsulotlariga aktsiz soligʻi 70 foizdan 10 foizga tushirilgan. Kartoshkaga olib kirishga solingan soliq 20 foizdan nolьga tushirilgan. Shuningdek, 20 foiz boʻlgan kungaboqar yogʻi soligʻi ham yoʻq qilingan.

Eng katta oʻzgarishlardan biri goʻsht va goʻsht mahsulotlariga boʻlgan. Shu vaqtgacha 30 foizdan 70 foizgacha olingan goʻsht va goʻsht mahsulotlariga aktsiz soligʻi butunlay olib tashlangan.

Bundan tashqari unga solingan 11 foizlik aktsiz soligʻi ham butunlay olib tashlangan.

Mutaxassislar ushbu oʻzgarishlarni sentyabr oyida ochilishi kutilayotgan konvertatsiya jarayonida aholi imkon qadar kamroq zarar koʻrishi uchun qilinayotgan qadam sifatida baholamoqda.

Un, yogʻ va goʻsht mahsulotlariga aktsiz soliqlarining bekor qilinishi narx-navoning tushishi yoki keskin koʻtarilib ketishining oldini olishiga sabab boʻlishi kutilmoqda.

"Yaʼni aktsiz soligʻisiz va nol stavkada boj qoʻllanib, mamlakat kiritilgan import mahsulotlari mahalliy ishlab chiqaruvchilarni ham sergaklikka, raqobatga va sifatga chorlaydi. Oʻz-oʻzidan spekulyativ ravishda narxlarning oshishi ehtimoli pasayadi", - deb yozadi ushbu qarorga munosabat bildirgan oʻzbekistonlik.

Oʻzbekistonda Prezident Islom Karimov davrida turli mahsulotlarga shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlariga ham yuqori aktsiz soligʻingi ushlab turish afzal bilinardi.

Ushbu amal mamlakat ichidagi tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun qilinishi aytilgan. Biroq kuzatuvchilar amalda ushbu choralar monopoliyaga xizmat qilgani hamda raqobatga chidamsiz, sifatsiz mahsulotlar ishlab chiqarilishiga olib kelganini aytishadi.

Iqtisodchilar mamlakat ichidagi ishlab chiqaruvchilar ochiq raqobatga bardosh bera olsagina yashab ketishini va buning oqibatida xalq oldida tanlov paydo boʻlishini aytishadi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq