Oʻzbekistonda nogironlarning vaziyati oʻnglanadimi?

Oʻzbekistonda nogironlarning vaziyati oʻnglanadimi? Image copyright Getty Images
Image caption Oʻzbekistonda nogironlarning vaziyati oʻnglanadimi?

Men nogironlar mavzusida yozgan maqolam uchun UNESCO koʻmagida Londonga ijodiy safar qilish imkoniga ega boʻldim.

Gʻarbning eng ilgʻor mamlakatlaridan biri poytaxtida nogironlar uchun yaratilgan sharoitlarni maqtashdan koʻra, oʻzimizdagi vaziyatni yaxshilash yoʻlida qogʻoz qoralashni afzal bildim.

Bugun Oʻzbekistonda aksariyat umid bilan yashamoqda. Nogironlar ham umidvor. 2017-21 yillarga bagʻishlangan Harakatlar strategiyasida aynan nogironlarning hayotini yengillatishga doir tartiblar ham kiritilishi haqida soʻz borar ekan...

Bundan sal avval men yoshi oltmishdan oshgan, oʻzining ikki oyogʻi kesib tashlangani va yana ham qoʻpolroq qilib aytsak, oyoqlari qaytib oʻsib chiqmasligini isbotlab nafaqa olib yurgan Zohid amaki bilan uchrashgandim.

Nogiron taksi haydovchisi

Hozir rahmatli boʻlgan suhbatdoshim oʻshanda meni oʻz hikoyasi bilan rostakamiga yigʻlatgan edi.

"Mana salkam besh yil oʻtibdiki, har yili davlatga oyogʻim qayta oʻsib chiqmaganligini isbotlab kelaman".

Maʼlum bir sabablar yuzasidan suhbatdoshimning ism familiyasini oshkor etishni istamadim. Ammo uning dardlariga befarq qarab turish mushkul.

Image copyright Getty Images
Image caption Hamma oʻzgarishlardan umidvor

Qahramonim qand kasalligi tufayli ikki oyogʻidan ajralgan, imkoniyati cheklangan shaxs. Toshkentda istiqomat qiladi.

Shu sababli, davlatdan nogironlar nafaqasini olish uchun har yili tegishli tashkilotlarga "yugurib" oyoqlari yoʻqligi haqida xujjat toʻplashi lozim...

"Nolimayman, ikki oyogʻim yoʻq boʻlsada, Ollohga shukr qilib yashayman. Shukr, farzandlarim toparmon-tutarmon. Nogironlik nafaqasiga qarab qolgan emasman. Lekin, shunga qaramasdan farzandlarimga ogʻirligim tushmasin, dori-darmonlarim uchun harna yordam deya nogironlik nafaqamni olishga xarakat qilaman. Nafaqani olish uchun xujjat toʻplash jarayoni shu qadar qiyinki gohida farzandlarim "biz sizga shu pulni beramiz qoʻying nafaqadan voz keching"-deyishadi. Shuncha yugur-yugurga yarasha nafaqa bir-necha yillik boʻlsa qaniydi. Uni har yili yangilashim lozim. Ayrim kasalliklar tuzalib ketishi, nogiron inson sogʻayib ketishi mumkindir, ammo mening kesilgan ikki oyogʻim qayta oʻsib chiqmasligi aniq-ku. Nima uchun nafaqani qayta-qayta yangilashga majbur qiladilar? Men mayli, farzandlarim shu nafaqasiz ham meni issiq-sovugʻimga qaray olishadi. Biroq, nafaqa orqasidan yurganimda shu pulga muhtoj boʻlgan kimsalarni koʻrib achinaman. Yoʻlkira uchun ham qiynalib, uydan chiqishga imkoniyati boʻlmagan nogiron kishini nima uchun har yili nafaqa uchun xujjat toʻplashga majburlashadi? Axir u shundogʻam jismonan va moddiy taraflama imkoniyati cheklangan-ku. Saraton kasalligining soʻnggi bosqichlarini boshidan oʻtkazayotgan shaxs xujjat toʻplab, nogironlik nafaqasiga erishguncha ahvoli yanayam ogʻirlashishi, boringki olamdan oʻtishi ham mumkin. Nazarimda ogʻir tuzalmaydigan kasal va qoʻl, oyogʻidan ajralgan nogironlar uchun davlat maxsus qonunlar qabul qilishi kerak. Toki, imkoniyati cheklangan shaxs oʻzi hasta xolda yugurmasin. Xujjatlarga imzo chekib, yumshoq oʻrindiqlarda oʻtirgan mutasaddilar oʻzlari nogironlarning uyiga borib xujjatlarni rasmiylashtirsin degan boʻlar edim. Chunki, mana besh yildirki nogironligim orqasidan tegishli idoralarga borib, qiynalgan kishilarning ahvolini koʻrib yuragim eziladi. Ular rosmana moddiy va maʼnaviy yordamga muhtoj. Oʻrindiqda oʻtirib, ulardan "qogʻoz" toʻplashni talab qilish esa mantiqsizlikdir".

Vaqti kelsa sogʻ-salomat kishi ham xujjatbozlikdan "dod" deb yuborgisi keladi, endi imkoniyati cheklangan shaxslarning qogʻoz yigʻib chop-chop qilishini tasavvur qilavering.

Mening qahramonim Zohid amaki vafot etdi.

Ammo Oʻzbekistonda Zohid amaki tilga olgan va sarson boʻlayotgan nogironlar oz emas...

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02