Oʻzbekiston: Rossiya, Amerika, Janubiy Koreya - kim, qayerga ketmoqchi?

Migrantlar

"Koʻproq yoshlar, asosan Rossiyaga, koʻproq ish va yaxshiroq pul topish ilinjida migratsiyani ixtiyor etishmoqda".

Podrobno.uz saytining yozishicha, olib borgan tadqiqotlari ortidan, bu kabi xulosaga Oʻzbekistondagi "Ijtimoiy Fikr" omma fikrini oʻrganish markazi mutaxassislari kelishgan.

Ular oʻzlarining tadqiqotlari asosida, taʼbir joiz, oʻzbekistonlik mehnat muhojirining "bugungi qiyofasini chizib berishgan".

Rossiyadan olgan suhbatimizga mana bu link orqali quloq tuting.

Agar, yangi soʻrov tafsilotlariga tayanilsa, soʻnggi yillarda oʻzbekistonlik mehnat muhojirlarining katta qismini erkaklar tashkil etishadi.

18-19 yoshlilar orasida ular koʻpchilikni (16,7) tashkil qilishi ham maʼlum boʻlgan.

Bu kabi oʻzbekistonliklar ishlash uchun oʻz yoʻllarini asosan Rossiyaga solishadi.

Imkoniyat boʻlsa, yana Janubiy Koreya va Amerikada mehnat qilishni "afzal bilishadi".

Sabab va maqsad

Ular keltirgan omillar esa, asosan uchta izohda oʻz ifodasini topgan.

Birlari "vatanda ish topa olishmagan", boshqalariga oilalarini taʼminlash uchun olayotgan maoshlari kamlik qilgan, yana kimlaridir esa, "tezroq pul ishlash ilinjida" bu kabi qarorga kelishgan.

Har ikki soʻrov ishtirokchisidan biriga koʻra, chetda pul ishlab, uy-joy qilish, mashina olishni rejalagan.

Chorak foizi toʻy qilish, bolalarini oʻqitish va roʻzgʻorining boshqa kam-koʻstlarini toʻldirishni maqsad qilgan.

Har oʻntadan bittasi esa, "oʻz ishini yoʻlga qoʻyib olish uchun" boshlangʻich kapitalga pul ishlab kelmoqchi.

Ammo, shunga qaramay, yangi soʻrov oʻtgan yil bilan solishtirganda, mehnat muhojirligi kayfiyatida boʻlgan oʻzbekistonliklar soni kamayganiga dalolat qilgan.

Ayni damda bu ishni ixtiyor etish niyatida boʻlgan insonlar soni toʻqqiz foizdan sal ortishi maʼlum boʻlgan.

Hozir koʻproq Samarqand, Jizzax, Surxondaryo va Fargʻona viloyati aholisida bu kabi kayfiyat ustunroq ekani koʻringan.

Joriy yilda ishlash uchun Amerikaga ketish istagida boʻlgan oʻzbekistonliklar soni ortishi barobarida buning uchun Gʻarbiy Ovroʻponi afzal bilayotganlari foizi esa, kamaygan.

Ayon boʻlishicha, ishtirokchilardan birortasi soʻrov jarayonida Yaqin Sharqni tilga olmagan.

Qolaman...ketaman...

Ammo, shunda ham, soʻrov ishtirokchilarining 97 foizdan ortiqrogʻi oʻz taqdirlarini baribir Oʻzbekiston bilan bogʻlashlari, umrbod oʻzga yurtlarda qolib ketmasliklarini aytishgan.

Yoshlari 18-19 va 20-29 oraligʻida boʻlgan bor-yoʻgʻi 1,5 foiz oʻzbekistonlikkina mamlakatni bir umrga tark etgan boʻlishlari mumkinligi niyatini izhor etishgan.

Aytilishicha, soʻrov 2015-2017 yillar oraligʻida 1100 kishi orasida oʻtkazilgan.

Yillarki, oʻzbekistonlik eng katta sondagi mehnat muhojirlari aynan Rossiya hisobiga toʻgʻri keladi.

Hatto, bugungi hisob-kitoblarda ham ularning sonlari qariyb ikki million kishiga yetishi aytiladi.

Ammo, shunga qaramay, faqat soʻnggi yillarga kelibgina, ularning huquqlarini hukumatlar darajasida himoya qilish saʼy-harakatlari boshlangani kuzatiladi.

Taʼkidlash joiz, bu yaqin-orada Oʻzbekiston matbuotida migratsiyani ixtiyor etgan va etish niyatida boʻlgan oʻzbekistonliklarga oid bu kabi mufassal soʻrov deyarli koʻzga tashlanmagan.

BBC Oʻzbek Xizmati xuddi shu soʻrov manzarasida Rossiyadan oʻzbekistonlik mehnat muhojirlaridan biri bilan bogʻlanib, bu xususda ularning oʻz fikrlari bilan ham qiziqib koʻrdi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq