"Nusxasi Oʻzbekistonga qaytayotgan "Devoni Bobur"ning bahosi yoʻq"

Dehli

"Bobur" xalqaro jamgʻarmasining raisi Hindiston tomonining Oʻzbekistonga qilgan ikki noyob tuhfasiga oid yangilikka xuddi shu tariqa munosabat bildirdi.

Soʻz esa, ulugʻ shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning 1528 yilgi qadim devoni va 1640 yilga mansub "Shahzoda Dori Shikohning toʻy marosimi" miniatyurasining nusxalari haqida ketmoqda.

"Bu devonning qimmati yoʻq. Chunki bu Bobur tiriklik paytida mujassamlashgan devon boʻlgan. Mana, Istanbulda saqlanadi, Parijda saqlanadi. Oʻsha Dehlidagi milliy muzeyning oʻzida saqlanadi. Men shuni aytmoqchimanki, Boburning asarlari ummon, hali oxiriga yetib borganimiz yoʻq", - deydi Zokirjon aka Mashrabov BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida.

Rasmiy xabarlarga koʻra, bu ikki noyob asarning nusxalariga Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi hayʼatning Hindistonga safari chogʻida ega boʻlingan.

Zokirjon aka Mashrabov bilan bu xususdagi suhbatimizni nazardan qochirmang.

Bu ish Oʻzbekiston rahbarining oʻzbek xalqi tarixiy va madaniy boyliklari namunalarini ortga qaytarishga oid topshirigʻi doirasida amalga oshirilgan.

Oʻzbekistonning Dehlidagi elchixonasi Hindiston Milliy Muzeyi bilan bu xususda kelishib olgan.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi hayʼatning tashrifi chogʻida esa, muzey Bosh direktori Budha Rashmi Mani har ikki noyob asr nusxasini ularga rasman topshirgan.

"Men ham bu devonni koʻrganman. Afsuski, olish imkoniyati boʻlmagan u mahalda...Bundan 12-13 yil ilgari. Mana, endi vaqti keldi, uni mukammal oʻrganamiz. Agarda, biz chop etgan devonlarga nisbatan yangiliklar boʻlsa, bu - yana bir bor butun Boburshunoslarning gʻalabasi. Bir yilga qolmasdan, uni Bobur ixlosmandlariga yetkazamiz", - deydi "Bobur" xalqaro jamgʻarmasi raisi.

Xabar tafsilotlaridan maʼlum boʻlishicha, endi bu nusxa-tuhfalar Oʻzbekiston Davlat tarix muzeyidan joy oladi.

"Devoni Bobur"dan Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan bitilgan ruboiylar oʻrin olgani aytiladi.

Tashrif va muzey

Dehlidagi muzey Hindistonning eng yirik va eng boy muzeylaridan biri boʻladi.

Agar, ayrim maʼlumotlarga tayanilsa, bu muzeydan Boburiylar davriga mansublari doxil 200 mingdan ortiq osori atiqa saqlanadi.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi hayʼatning Hindistonga uch kunlik rasmiy tashrifi 21 avgust kuni boshlangan.

Vazir Abdulaziz Komilov allaqachon hindistonlik hamkasbi bilan uchrashib, muzokaralar ham olib borgan.

Xabarlarga koʻra, tomonlar oʻzaro hamkorliklarining bugungi ahvoli, istiqbollari, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama etishgan.

Oʻzbek hayʼatining, bundan tashqari, Oʻzbekiston-Hindiston biznes-forumi va boshqa qoʻshma tadbirlarda ham ishtirok etishi aytilgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq