Oʻzbek mashinalari Tojikiston bozoriga kirdi

Dushanbeda "Ravon" avtosaloni ochildi Image copyright Asia-Plus
Image caption Dushanbeda "Ravon" avtosaloni ochildi

Oʻzbekiston bilan ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarning qayta tiklanishi manzarasida Tojikiston oʻz bozoriga oʻzbek avtomobillari kirib kelishiga yoʻl ochib bermoqda. Bu haqida Asia-Plus xabar agentligi yozmoqda.

Unga koʻra, aprelda poytaxt Dushanbedagi yarmarkada "UzAutoSanoat" oʻzining 200dan ortiq mashinalarini koʻrgazmaga qoʻygandi. Unda koʻpchilik tojikistonlik haydovchilar "Ravon" avtomobillari bilan qiziqib qolganlar.

Koʻrgazma yakun topishi bilanoq, Dushanbening Qahhorov koʻchasida "Ravon" avtosaloni ochilib, oʻzbek mashinalari savdosi boshlab yuborilgan.

Avtosalonda mashinaning R2, R4, Gentra, Nexia R3, Damas, hamda Labo kichik yuk mashinalarini sotib olish mumkin.

Mashinalar narxi 6,700 dollardan 12,600 dollargacha.

Image copyright Asia-Plus
Image caption Avtosalon direktoriga koʻra, bozor qizigan

Avtosalon direktori Farrux Zamonovning aytishicha, Oʻzbekistondan olib kelingan 40 mashinadan 30tasi allaqachon sotilgan. Bunga, uning aytishicha, Tojikiston hukumatining xorijdan mashinalar olib kelinishiga qoʻyilgan davlat bojini kamaytirishi qisman sabab boʻlmoqda.

Ishlab chiqarish toʻxtatildi

Ayni damda, Oʻzbekiston 24 saytiga koʻra, Asakadagi "GM Uzbekistan" zavodida ishlab chiqarish 22 avgustdan 11 sentyabrgacha toʻxtatilgan.

Zavod maʼmuriyati buni profilaktika nazorati va qishdan avvalgi taʼmirlash ishlari bilan izohladi.

Oʻzbekistonda mavjud boʻlgan yuqori bojxona toʻlovlari tufayli ichki avtomobil bozorida "GM Uzbekistan" monopoliyasi saqlanib qolmoqda. Haydovchilar esa raqobatning yoʻqligi va davlat oʻrnatgan sunʼiy narxlarning oʻta yuqoriligidan shikoyat qilib keladilar.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq