Mirziyoyev dalalarga samolyotlar chiqarmoqchi, ammo oʻqituvchilarni-chi?

Paxta terimiga oz qoldi
Image caption Paxta terimiga oz qoldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev "2017 yilda gʻoʻza defoliatsiyasini oʻz vaqtida va samarali oʻtkazish boʻyicha kompleks tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarorni imzoladi. Ammo, qarorda shu kunlarda qizgʻin bahslarga sabab boʻlayotgan oʻqituvchi va shifokor kabi byudjet xodimlarini dalalarga jalb etmaslik haqida biron soʻz yoʻq.

Oxirgi ikki hafta ichida Oʻzbekistonning toʻrt viloyati hokimi - Namangan, Fargʻona, Buxoro va Surxondaryo viloyatlari hokimlari - oʻqituvchi va shifokorlarni paxta terimiga jalb qilmaslikka vaʼda berishdi.

Ularning bu vaʼdasi qanchalar rasmiy Toshkent bilan muvofiqlashtirilgani va Mirziyoyevning xohish-istagiga naqadar mos tushishi noaniq.

BBC bilan suhbatda boʻlgan Jizzax viloyati oʻqituvchisining aytishicha, oʻqituvchilarni bu yil paxtaga chiqarmaslik haqida hali ularga hech narsa aytilgani yoʻq.

"Oʻtgan yil har bozor kuni chiqardik. Bu yil hali bir gap deyishmadi... Olib chiqishsa kerak bizni yana, boshqa kim teradi paxtani?" - deya ajablanadi oʻqituvchi.

Samolyot

Prezidentning oxirgi qarorida gʻoʻzani sifatli defoliatsiya qilish boʻyicha turli muassasalarga koʻrsatma va buyruqlar beriladi.

Defoliatsiya samolyot va traktorlar yordamida maxsus kimyoviy moddalar bilan oʻsimlik bargini toʻkishni anglatadi.

Image copyright Timur Karpov
Image caption Qarorda oʻqituvchilar ishtiroki tilga olinmadi

Qarorda "Oʻzbekiston havo yoʻllari" milliy aviakompaniyasi "Oʻzagrokimyohimoya" buyurtmanomalari boʻyicha gʻoʻza defoliatsiyasini oʻtkazish uchun samolyotlar ajratsin va ularning 2-ilovaga muvofiq 2017 yil 31 avgustgacha mintaqalarga yetib borishini taʼminlasin", deyiladi.

Samolyotlar yordamida dalalar uzra kimyoviy moddani sochish Sovet Ittifoqi davrida qoʻllangan va koʻp bahsu-munozaralarga sabab boʻlgan.

Uning nafaqat yer va suv zahiralariga, balki inson hayotiga oʻta salbiy taʼsiri bir necha bor yoritilgan.

Prezident oʻz qarorida "defoliantlarni ishlatish normalari va tavsiyalariga qatʼiy rioya etilishi uchun shaxsiy javobgarlik"ni turli muassasayu hokimliklarga boʻlib bergan.

Ammo, BBC bilan suhbatda boʻlgan toshkentlik jurnalistning aytishicha, bu muassasa va hokimlar shaxsiy masʼuliyatni qanchalar sezishlari katta savol ostida.

U, oʻtgan yildan boshlab dalalarda, xususan Toshkent viloyatining Parkent tumanida defoliatsiya maqsadida qoʻllanilgan samolyotlarga guvoh boʻlganini aytadi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq