Trampning Afgʻonistonga oid yangi strategiyasi Rossiya va Toshkent prizmasida

Tolibon Image copyright Getty Images

"AQSh harbiylari Afgʻonistonda qolaveradi, ularning soni oshiriladi, bundan buyogʻiga asosiy eʼtibor esa, "terrorchilarni yoʻq etish"ga qaratiladi".

AQSh yangi prezidenti Donald Tramp Afgʻonistonga oid oʻzining uzoq kutilgan strategiyasini va nihoyat - rasman qudratga kelishidan naq sakkiz oy oʻtib eʼlon qildi.

Ammo oʻz harbiylarining yana aniq qanchaga Afgʻonistonda qolishi va ularning soni yana qanchaga oshirilishi tafsilotlariga oydinlik kiritmadi.

Bungacha turli doiralarda rasmiy Vashingtonning Afgʻonistonga qoʻshimcha toʻrt mingta askar joʻnatishi aytilgan, kutilgan, ammo prezident Tramp oʻzining kechagi chiqishida bu masalaga oydinlik kiritmagan.

AQSh yangi prezidenti saylovoldi kampaniyasi chogʻida oʻzining Afgʻoniston va afgʻon mojarosiga oid qarama-qarshi bayonotlari bilan tanilgan.

Dastlab, 2014 yilgi ommaviy safarbarlik ortidan ham Afgʻonistonda qolayotgan 10 mingga yaqin AQSh askarining olib chiqib ketilishiga tarafdorlik qilgan.

Ammo prezident Donald Trampning soʻnggi chiqishi tafsilotlaridan maʼlum boʻlishicha, Iroqdagi xatolarini qayta takrorlamaslik uchun Afgʻonistonda qolish va afgʻon urushini bir yoqli qilishga ahd qilishgan.

Toshkentdan siyosiy tahlilchi Farhod Tolibov bilan suhbatimizga quloq tuting.

AQSh yangi prezidentining bayon qilishicha, shosha-pisha chiqadigan boʻlishsa, Afgʻonistonda ham "terrorchilar toʻldirishi mumkin boʻlgan boʻshliq" vujudga keladi.

Unga koʻra, Afgʻoniston masalasida bundan buyogʻiga vaqtga qarab emas, obʼektiv shart-sharoitga qarab ish tutishadi.

Sulh?

Xuddi shu soʻzlari manzarasida Tramp "samarali harbiy amaliyotlari" ortidan ilk bor afgʻon mojarosiga alal-oqibat sulhu madora yoʻli bilan yechim topishlari ehtimolini ham nazardan soqit etmagan.

Ammo uzoq kutilgan yangi strategiya allaqachon tahlilchilar orasida "mavhumlik" va "eskilaridan deyarli farq etmaslik" mazmunidagi tanqidlar ostida qolib ketgan.

AQSh yangi prezidentining Afgʻonistonga oid strategiyasiga Tolibon harakatining munosabati keskin boʻlgan.

"Agar, oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketmasa, Afgʻoniston Amerika uchun boshqa bir qabristonga aylanishi" bilan ogohlantirgan.

Tolibon oʻtgan yilgi saylovoldi kampaniyasidan boshlab Donald Trampni Afgʻonistondan AQSh qoʻshinlarini ortga safarbar etishga qayta-qayta daʼvat etib keladi.

Ammo nomzod va prezident Tramp orada kechgan vaqt davomida harakatning bu kabi daʼvatlari va takroran yoʻllagan ochiq maktublariga biror bir ravishda munosabat bildirmagan.

Munosabat

Ustiga ustak, prezident Donald Trampning qoʻshinlari Afgʻonistonda nomaʼlum muddatgacha qolishi va harbiy hozirliklarining kuchayishiga oid yangi strategiyasi AQSh va Rossiya aloqalari "bu yaqin tarixda kuzatilmagan darajada sovuqlashgan" bir paytga toʻgʻri kelgan.

Boshqa tomondan, Rossiya ham oʻzining mintaqadagi geosiyosiy manfaatlarini koʻzda tutib, Afgʻoniston va afgʻon mojarosida faollashish harakatiga tushib qolgan bir manzarada kuzatilgan.

Rasmiy Kremlь shundoq ham soʻnggi yillarda AQShning mintaqadagi davomiy hozirligidan qayta-qayta oʻz noroziligini oshkora izhor etish yoʻliga oʻtgan, yaqin-yaqingacha rasmiy Vashingtonni Afgʻonistonda qolayotgan soʻnggi harbiylarini ham olib chiqib ketishga daʼvat etib kelayotgandi.

Mintaqada "manfaat talashayotgan" bu ikki qudrat oʻrtasidagi yil sayin yomonlashib borayotgan aloqalar, alal-oqibat, Afgʻonistonning ikkinchi Suriya va yangi "proksi urushi maydoni"ga aylanishiga oid jiddiygina xavotirlarni ham paydo qilmay qoʻymagandi.

Rossiya hukumatining soʻnggi yangilikka rasmiy munosabati hozircha imkonli emas, ammo amerikaliklari doxil xorijiy ittifoq qoʻshinlarining Afgʻonistonda qolishi masalasi soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning ham diqqat-eʼtiborida turgan mintaqaviy masalalardan biri boʻlgan.

Oʻzbekistonning hozirda marhum prezidenti Islom Karimov soʻnggiga qadar ularning qolishi lozim va muhimligiga oid takroriy va oshkora bayonotlar bilan ham chiqqan.

Shunday ekan, bularning barchasi amalda nimani anglatadi va mintaqada voqealarning rivoji qay tariqa rivoj topishi mumkin?

BBC Oʻzbek Xizmati xuddi shunday savol bilan Toshkentdan siyosiy tahlilchi Farhod Tolibovga murojaat qildi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq