Oʻzbekiston: "Albatta, bu - kutilmagan holat boʻldi bizga, ammo..."

Paxta

O'zbekistonlik faol Vazirlar Mahkamasining voyaga yetmagan bolalar, ta'lim va tibbiyot sohasi xodimlarini bu yil paxta yig'im-terimiga jalb etmaslik to'g'risidagi qaroriga oid xabarlarga xuddi ana shunday munosabat bildirdi.

"Masalan, shaxsan men shunday voqe'lik sodir bo'lganiga nihoyatda xursandman. Lekin "har yaxshining ammosi, har yomonning lekini bor", deganlaridek, O'zbekistonda hamma qonunlarimiz yaxshi. Hamma farmonlar a'lo darajada. Hammasi insonlarning manfaatlarini ko'zlovchi qonun va qarorlar...Gap ularning qabul qilinishida emas, masala, Bosh masala uning amalga qay darajada tadbiq etilishida...", - deydi Toshkentdan faol Malohat Eshonqulova Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida.

Bu xususdagi xabar Rossiyaning Sputnik internet nashri tomonidan chop etilgan va unda Vazirlar Mahkamasining qaroriga tayanilgan rasmiy bildirishnomaga asoslangani aytilgan.

"2017 yilgi paxta yig'im-terimiga voyaga yetmagan yoshlar, shu jumladan, tashkilotlar, sog'liqni saqlash va maorif tizimi xodimlarini jalb qilish mutlaq taqiqlanadi", - deyiladi O'zbekistonda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining bildirishnomasida, deb yozgan internet nashri.

Ammo Londondan turib, vazirlik rasmiy veb sahifasini ochish imkonsiz bo'ldi.

Ayni shu xabar tafsilotlaridan ma'lum bo'lishicha, bu xususdagi protokol 8 avgust kuni imzolangan.

Faol bilan suhbatimizni nazardan qochirmang.

Paxta yigʻim-terimi Oʻzbekistonda, odatda, sentyabr-oktyabr oylariga toʻgʻri keladi.

Oʻzbekistonda paxta terimi doxil qishloq xoʻjalik yumushlarida majburiy mehnatning doimiy tarzda davom etib kelayotgani esa, yillarki, ham mahalliy va ham xalqaro miqyosda tanqidlar, maxsus norozilik kampaniyalariga ham sabab boʻlib keladi.

Ammo Oʻzbekistonning yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev islohotlarni vaʼda qildi va viloyatlarga tashriflari payti paxtadan voz kechilishi haqida aytmoqda.

Ammo lekin...

Biroq Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbek-German forumi 2017 yilning aprel va may oylarida yangi majburiy mehnat holatlarini qayd etgan.

Xususan, Jizzax, Fargʻona, Andijon viloyatlari va Toshkent shahrida oʻqituvchilar, tibbiyot muassasalari xodimlarining gʻoʻza yaganasi, qovoq va pomidor koʻchatlarini ekish, pilla terish, koʻcha va boshqa joylarni tozalashga, shanbaliklarga majburlanganlari xabar qilingan.

Anti-Slavery International, Markaziy Osiyoda Inson huquqlari assotsiatsiyasi, Cotton Campaign, Human Rights Watch, Inson huquqlariga doir Oʻzbek-Olmon forumi toʻplagan maʼlumotlarga koʻra, 2016 yilda Oʻzbekiston yuz minglab aholini paxta terimiga majburan safarbar qilgan.

Majburiy bolalar mehnati sabab, soʻnggi yillarda qator yirik xorijiy shirkatlar Oʻzbekiston paxtasini boykot qilishgan.

Bir necha yillardan beri xalqaro tashkilotlarning Oʻzbekiston hukumatiga bolalar mehnatidan foydalanmaslik talablari va dunyoda Oʻzbek paxtasini boykot qilish chaqiriqlari orqasidan mamlakatda bolalar mehnatidan foydalanish rasman toʻxtatilishiga erishilgan.

Shu yil iyun oyida Yevropa parlamenti deputatlari Oʻzbekiston hukumati oxirgi uch yilda Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan birgalikda bolalar mehnatiga "deyarli toʻla barham berganligi"ni olqishlovchi qonun kuchiga ega boʻlmagan alohida rezolyutsiyani ham qabul qilgan.

Shu yil boshida esa, ikki nufuzli xalqaro tashkilot Oʻzbekistonda bolalar majburiy mehnati asta-sekin tugatilgani va bu amal endilikda jamiyat tomonidan qabul qilinmas holatga aylangani haqida bayonot chiqarishgan.

Jahon Banki va Xalqaro Mehnat Tashkilotining deyarli bir maʼnodagi bayonotlarida Oʻzbekiston hukumati paxta yigʻim-terimi sohasini isloh qilish yoʻlida ilgari siljishga muvaffaq boʻlgan.

Faollar xavotiri

Faollar esa, oxirgi yillarda bolalar mehnatidan foydalanishga chek qoʻyila boshlaganidan beri davlat xizmatchilari, oʻqituvchi va shifokorlarning terimga olib chiqilishi miqyoslari kengayganidan xavotir bildirishgan.

Shuningdek, paxta terish asosiy kasbi boʻlmaganlar uchun bu kabi mehnat anchayin ogʻir ekanligi, ayniqsa, ularga qoʻyilgan kundalik "norma"ni bajarish mushkul vazifa ekanligi bilan ham ogohlantirishgandi.

Oʻzbekistondan faol Malohat Eshonqulova esa: "Bilasizmi, har qanday qabul qilingan farmon yoki qonun nimasi bilan qadrli? - hayotga tadbiq etilishi bilan, ijrosi bilan qadrli-da...men umid qilaman...", - deydi suhbatimiz soʻnggida.

Faolga koʻra, bu yil ham "imkon qadar, imkoniyatdan kelib chiqib, paxta yigʻim-terimi mavsumida majburiy mehnat borasidagi monitoring-kuzatuvlarini olib borishadi".

"Umid qilaman, shu chiqarilgan qaror oʻz ijrosini topadi va biz majburiy mehnatga duch kelmaymiz paxta dalalarida...shuni umid qilib qolaman...".

Agar, http://www.worldstopexports.com/ ning oʻtgan yilgi maʼlumotlariga tayanilsa, Oʻzbekiston hozir chetga paxta sotish boʻyicha dunyo davlatlari orasidan 14-oʻrinni egallab turibdi.

Paxta ishlab chiqarish boʻyicha esa, jahonning eng yirik oltita davlatidan bittasi ekani aytiladi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq