OʻzLiDeP: "bir-ikki bosar-tusarini bilmay qolganlarni deya, demokratik islohotlarga zarar yetmaydi"

Abduqodir Toshqulov Image copyright Facebook/Abduqodir Toshqulov
Image caption Deputat Toshqulov Press klub raisi bosh vazirga "bepisand" boʻlganiga ishora qildi

Xalqaro press klub raisi Sherzodxon Qudratxoʻjayev boshchiligida "Oʻzbekiston 24" va boshqa telekanallar efirida jonli ravishda olib borilgan koʻrsatuvlar toʻgʻridan-toʻgʻri uzatilmasligi aytilmoqda.

Press klub oʻzining Telegramdagi guruhida 23 avgust kuni xalq taʼlimi vazirligi xodimlari bilan boʻlib oʻtadigan sessiyasi jonli efirga chiqmasligini bildirdi.

Kun.uz va boshqa qator saytlar bundan buyogʻiga koʻrsatuvlar jonli ravishda koʻrsatilmasligini xabar qilishmoqda.

Viloyatlar boʻylab oʻtkazilayotgan bu koʻrsatuvlar xalq orasida shov-shuvga sabab boʻlayotgandi. Ularda, xususan, viloyat hokimlari soʻroqqa tutilgan va toʻrt hokimning paxtaga oʻqituvchi va shifokorlarni chiqarmaslik vaʼdasi olingan.

"Oʻzbekiston" kanalida Quddus Aʼzam boshlovchiligida haftada besh marta jonli uzatilgan "Munosabat" koʻrsatuvi ham efirdan yoʻqolgan.

BBC bu xabarni tasdiqlash ilinjida Sherzod Qudratxoʻjayev bilan bogʻlandi, ammo u savollarga javob bermadi.

Kun.uz xabar qilishicha, jonli koʻrsatuvlarni toʻxtatish qarori MTRK Media markazida dushanba kuni Bosh vazir Abdulla Aripov va Prezidentning davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov rahbarligida oʻtkazilgan yigʻilishda olingan.

Ozodlik oʻzining yigʻilishda qatnashgan manbalariga tayanib xabar qilishicha, uzoq davom etgan majlis qizigan ehtiroslar va oʻzaro aytishuvlar bilan oʻtgan.

Image copyright Bach Hoosier
Image caption Press klub koʻrsatuvlari ommalashayotgandi

Sherzod Qudratxoʻjayevning kun.uzga bergan munosabatida aytishicha: "Press-klub vazirlikmas, koʻrsatuvmas, aslida. Press-klub muloqot uchun, jurnalistlar axborot olishi uchun maydoncha. Baʼzan formatdan chiqib ketish holatlari ham boʻldi. Tok-shouga aylanib qoldi. Ammo, bunga ham ehtiyoj boʻlgani sababli shunday yoʻl tutildi".

Munosabat

BBCning Facebook sahifasida Prezident Mirziyoyevning Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi aʼzosi, deputat Abduqodir Toshqulov sharh qoldira turib, "bir-ikki bosar-tusarini bilmay qolganlar"ga ishora qildi.

"Bu boradi bizning fikrimiz quyidachida:

1. Har bir amal niyatga bogʻliq. Hurmatli moderatorlarimizning niyatlari muammolar yechimi, insonlar mushkulini oson qilish, umuman olganda ezgulik boʻlganda edi, bu kabi yuztuban boʻlmasdilar. Ularda Rahbarga yaxshi koʻrinish ilinjidagi shaxsiy manfaatlari ufurib turdi;

2. Hokim, Vazir, Senator yoki Deputat ham qaysidir onaning farzandi, kimningdir ustozi. Hech bir mamlakatda jurnalist mansabdorlar bilan bunday bepisand muomala qilib, buni dunyoga koʻz-koʻz qilmaydi.

3. Yuqorida sanab oʻtilgan hokimiyatlar vakillariga baho berish Konstitutsiyaga muvofiq Prezident va xalqqa berilgan.

Umuman olganda, bir ikki bosar tusarini bilmay qolganlarni deya, demokratik islohotlarga zarar yetmaydi", - deyiladi deputatning sharhida.

Tanqidiy nazarga ega boʻlgan mazkur koʻrsatuvlarning jonli ravishda koʻrsatilishining toʻxtatilishi internetda qizgʻin bahslarga sabab boʻlmoqda.

Markaziy Osiyoni yorituvchi moskvadlik jurnalist Daniil Kislov nega Prezident Mirziyoyev soʻz erkinligiga chaqirayotgan bir vaqtda, bu kabi qaror qabul qilinganini soʻraydi.

"Odatda prezident qiladigan siyosiy qarorlarga birinchi marta bosh vazir aralashyapti. Savol tugʻiladi, prezidentning oʻzi qayerda? Kim boshqarayapti (davlatni), Abdulla Aripovmi yoki Shavkat Mirziyoyev? Mirziyoyevning oʻzi kecha tanqid qilish va haqiqatni gapirishga chaqirayotgandi-ku?"

BBCning Facebook sahifasida sharh qoldirgan Bahodir Abdullayevning aytishicha, press klub oʻz vakolatidan chiqib ketgandi.

"Bir tarafdan moderator sal oshirib yubordi, jonli efirda amaldorlarga shart qoʻyishni, murojaatlarning ijrosini nazorat qilaman deb... talab kilishi shu amaldorlarga yoqmagan, yana viloyat hokimlari uylab-uylamay jonli efirda vaʼda bervorishdi... Uning ijrosini taʼminlashga kelganda ... krayny qilib press klubni qoʻyishgan..Shu sabali press klub yopildi deb oʻylayman.. Agar qoʻyib berishsa, hamma yoqni agʻdarib tashlashini sezib qolishdi...", - deydi u.

Ayni damda ijtimoiy tarmoqlarda koʻpchilik jonli koʻrsatuvlarning toʻxtatilishini soʻz erkinligining boʻgʻilishi deya baholab, Sherzod Qudratxoʻjayevni qoʻllab-quvvatlashga chaqiriqlar yangramoqda.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02