Prezident Mirziyoyev ijtimoiy tarmoqlarda, bu - "piar"mi va yo?..

Shavkat Mirziyoyev Image copyright Instagram

Shu kunlarda Toshkentdan olingan xabarlardan Oʻzbekiston yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning barcha yirik ijtimoiy muloqot tarmoqlarida oʻzining rasmiy akkauntiga ega boʻlgani ayonlashgan.

Ayni akkauntlarni Oʻzbekiston prezidenti bilvosita va yo bevosita boshqarishidan qatʼinazar, bu zamonaviy Oʻzbekiston uchun misli koʻrilmagan voqeilikdir.

"Telegram"da ham prezident Mirziyoyevning kanali paydo boʻldi, degan seshanba kungi xabarlar manzarasida "Facebook"dagi rasmiy akkauntida uning barcha ijtimoiy muloqot tarmoqlaridagi sahifalari manzillari eʼlon qilingan.

Bu "rasmiy akkauntlar"ning yaralish tarixi bir-biridan ancha farq qiladi.

Sanasiga nazar tashlanganida, deylik, Oʻzbekiston yangi prezidentining YouTube da oʻz kanalini ochganiga qariyb bir yilcha boʻlib qolgani ayonlashadi.

Shavkat Mirziyoyevning "Instagram"dagi akkaunti esa, bundan ikki haftacha burun faollashgani kuzatiladi.

Ungacha Bosh vazir boʻlgan Mirziyoyev oʻtgan yil dekabr oyida rasman Oʻzbekistonning yangi prezidenti sifatida ish boshlagan.

Bunga amaldagi davlat rahbari, Oʻzbekistonni chorak asrdan ortiqroq vaqt davomida boshqarib kelayotgan 78 yoshli Islom Karimovning kutilmagan oʻlimi sabab boʻlgan.

Uzoq yillik boshqaruvi va Qozogʻiston kabi ayrim mintaqa davlatlarida urf boʻlib ulgurganiga qaramay, marhum prezident ijtimoiy muloqot tarmoqlarida faollashishga deyarli qiziqish bildirmagan.

Xuddi shu bois ham, yangi prezident Shavkat Mirziyoyevning barcha yirik ijtimoiy muloqot tarmoqlarida oʻz rasmiy akkauntiga ega boʻlgani va ega ekaniga oid xabar Oʻzbekiston ichkarisida ham, tashqarisida ham katta qiziqish va hatto, hayrat bilan ham qarshi olingan.

Bu kabi yangilik mahalliysi qolib, mintaqaviy kuzatuvchilar va tahlilchilarning ham eʼtiborlarini oʻziga jalb etmay qoʻymagan.

Munosabat

Image copyright facebook

"Umuman olganda, bu - faqat olqishlash mumkin boʻlgan qadam. Ammo men buni prezident Mirziyoyevning xalq bilan muloqot qila olishi, ijtimoiy-muloqot tarmoqlari orqali odamlarga oʻz soʻzini toʻgʻridan-toʻgʻri yetkaza olishiga qaratilgan piar ("public relations") ning bir qismi sifatida talqin etgan boʻlardim. Chunki bu hozir juda urfga kirgan va dunyoning koʻplab liderlari tomonidan qoʻllaniladi", - deydi ekspert Alisher Ilhomov.

Ammo, suhbatdoshimizga koʻra, shunda ham, "bu - biror bir davlat rahbarining demokrat ekani, demokratik institutlarni qoʻllab-quvvatlashini anglatmaydi, bunday gap degani emas".

"Chunki, bizga yaxshi maʼlumki, avtoritar rejimlarda, deylik, hatto, Rossiyada ham liderlari ijtimoiy muloqot tarmoqlaridan foydalanishadi. Ammo bu oʻsha mamlakatda soʻz, matbuot erkinligi va boshqa, boshqalar...amalda ekaniga dalolat qilmaydi", - deydi u.

Oʻz oʻrnida, ijtimoiy muloqot tarmoqlaridagi barcha "rasmiy akkauntlari"ga nazarda tashlanganda ham, ulardan faqat Oʻzbekiston yangi prezidentining faoliyatiga oid rasmiy xabarlar, videolar va suratlar joy olganini koʻrish mumkin.

Ulardan ayrimlariga esa, qisqa post ostida prezident Mirziyoyev rasmiy web sahifasining internetdagi manzili: http://president.uz/ ham ilova qilinadi.

Yaʼni, ayrim kuzatuvchi va tahlilchilar nazdlarida, bunga oʻxshash rasmiy mazmundagi postlar bu akkauntlarning, deylik AQSh Prezidenti Donald Tramp yoki Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev misolida kuzatilganidan farqli tarzda, shaxsan Mirziyoyev oʻzi tomonidan yuritilayotganiga oid tasavvur bermaydi.

Jonlimi va yo "jonsiz"...

"Oʻquvchi(internet foydalanuvchisi - tahr.) sifatida, soʻzsiz, davlat rahbarining biror bir tahrirsiz, "oʻz soʻzini tinglash" qiziq boʻlardi. Lekin, menimcha, ehtiyotkorlik nuqtai nazaridan bu postlar uning kommunikatsiya boʻyicha yaqin yordamchilari tomonidan, baribir, tahrir qilinadi. Boshqa tomondan, nazarimda, buning hech bir yomon jihati ham yoʻq. Chunki oʻz postlarini toʻgʻridan-toʻgʻri chop qilib, tanqidlar tigʻi ostida qolib ketayotgan ayrim davlat liderlari tajribasi bunga misol. Yaʼni, faqat bir tomonlama baho berish qiyin boʻlgan masala. Shaxsan oʻzi yuritadigan boʻlsa, jonli, bevosita boʻladi, ammo uning obroʻsi va boshqa, boshqalari uchun ayrim risklardan ham xoli boʻlmaydi", - deydi mavjud holatga oʻz bahosini bergan ekspert suhbatdoshimiz.

Ammo, unga koʻra, prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsan oʻzining ham ayrim holatlarda ijtimoiy-muloqot tarmoqlaridagi rasmiy akkauntlaridan faol foydalanishi ehtimolini nazardan soqit etib boʻlmaydi.

"Taʼbir joiz, minbardan foydalanish unga yoqadi. Chunki xalq oldidagi chiqishlari bilan allaqachon buning "taʼmini olib boʻlgan". Ayniqsa, ayrim davlat xodimlari, prokurorlar va militsiya qattiq tanqid ostiga olingan chiqishlari xalqqa ancha yoqqan. Ularda, mana, tartib oʻrnatsa boʻlarkan-ku, degan tuygʻularni paydo qilgan, ruhlantirgan. Chunki uning ayrim soʻzlari shaxsan oʻzimga ham yoqqan. Balkim, mana shularning barchasini nazarda tutib, u ayrim holatlarda ijtimoiy-muloqot tarmoqlaridagi rasmiy akkauntlaridan faol foydalanishga borishi mumkin. Hozircha, men uning nomidan hech narsa deya olmayman. Koʻraylik-chi...".

Beshta yirik ijtimoiy muloqot tarmoqlaridagi rasmiy akkauntlari orasidan esa, Oʻzbekiston yangi prezidentining eng koʻp "Facebook"da ommabop ekani koʻriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevni shu kunda "Facebook"da qariyb 125 ming internet foydalanuvchisi "like"qilgan.

Oʻtgan hafta prezident matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyevning kabinetidan suratlar chop qilgan.

Mirziyoyev oʻz ish joyida taʼlim tizimi masʼullari hisobotini tinglayotgani aks etgan suratlarda uning kompyuter turgan ish stoli ham koʻringan.

Oʻzbekiston yangi prezidenti Oliy majlis deputatlari bilan uchrashuvda internetdan foydalanishi va undagi tanqidiy maqolalarni oʻzi topib oʻqishini aytgandi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq