Nuqtai nazar: Oʻzbekiston prezidentini kim boshqarayapti?

Image copyright official
Image caption Yaqin oʻtmish...

Hademay Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda hokimiyat tizginini qoʻlga olganiga bir yil toʻladi. Turli internet nashrlarida, ayniqsa, xorijda oʻzini muxolif hisoblayotgan yurtdoshlarimiz Oʻzbekiston rahbarini u yoki bu kuchlar taʼsirida boʻlishi mumkinligi, siyosiy manevr uchun erkin emasligi haqida muntazam fikr yuritib keladi.

Odatda ochiq va demokratik jamiyatlarda Prezident hokimiyatga kelgach, oʻz saylovoldi platformasini amalga oshirish uchun maslahatchilar jamoasi va jamoatchilik fikri asosida hokimiyatni boshqaradi.

Lekin Oʻzbekistonda chorak asr davomida hokimiyat yagona odamning qoʻlida ekanligi hech qachon savol ostiga olinmagan. Shuning uchun Prezidentni kimdir yoki qandaydir kuchlar boshqarayotgani haqida gap-soʻzlar uncha-munchaga urchimasdi.

Xoʻsh, Prezidentni haqiqatan ham kimdir boshqarayaptimi? Albatta, Oʻzbekisonda soʻnggi bir yil ichida yuz bergan oʻzgarishlarni hisobga oladigan boʻlsak, Shavkat Mirziyoyev oʻz xatti-harakatlarida mutlaqo erkinligi koʻzga tashlanadi.

Hokimiyatning mustaqil institutlari — parlamentdan tortib, sud hokimiyatigacha, ayni paytda prokuratura, ichki ishlar organlari, hukumat muntazam uning keskin tanqidiga duch boʻlmoqda. Majlislarda barcha boʻgʻindagi rahbarlar boshini koʻtarmasdan bloknotga qayd kiritish bilan shugʻullanishmoqda.

Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan kadrlar siyosati ham uning mustaqilligiga shubha tugʻdirmaydi. Milliy xavfsizlik va armiya masalasida oʻzgarishlar qilinmagani yoki koʻzga tashlanmaganini bu sohalarning nozikligi bilan izohlash mumkin. Har qalay oʻzini hurmat qilgan rahbar mamlakat armiyasi va xavfsizlik idorasini ochiqchasiga tanqid qilmaydi. (Agar u Tramp boʻlmasa).

Unda nega Prezident faoliyatida mustaqil emasligi haqida fikrlar yangrayapti?

Image copyright facebook/mirziyoyev
Image caption Xalq bilan hamnafaslik?..

Mamlakatda kechayotgan jarayonlar, yaʼni qabul qilinayotgan farmonu qarorlarga qarab, qolaversa,amaliyotdagi holatni, shu jumladan, Prezident siyosatida oʻzgarishlarni tahlil qilib shuni aytish mumkinki, davlat rahbari respublikani oʻz komandasi tayyorlayotgan retseptlar asosida boshqarayapti.

Prezident komandasi deganda davlat maslahatchilari, vazirlar, hokimlar va boshqa markaziy idoralar rahbarlari nazarda tutilyapti. Prezident komandasidagi rahbar yoki davlat maslahatchisi hurmati yuqori boʻlsa, shu bilan birga, prezident olib borayotgan qaysidir siyosat toʻgʻri emasligini tushuntirib bera olsa, shu sohada yaqqol oʻzgarishlar sezilyapti. Buni uchta soha misolida koʻrish mumkin.

Birinchisi, prezidentning pul-kredit siyosati. Maʼlumki, oʻtgan yilning sentyabridan shu yilning may oyigacha boʻlgan davrda Prezident aholiga arzon kredit berish, arzon uy-joylar ajratish toʻgʻrisida keng koʻlamli kampaniyani olib bordi. Mohiyatan populistik loyihalar. Odamlarga yoqadi, lekin bank-moliya tizimi bunga nechogʻli tayyorligi bilan prezidentning ishi yoʻq. Qaysiki viloyatga borsa, prezident banklarni milliardlab mablagʻlarni arzon kredit sifatida odamlarga, tadbirkorlarga berishga undadi.

Natijada nima boʻldi?

Markaziy bank vakilining Xalqaro press-klubda aytishicha, 2017 yilda tijorat banklari tomonidan juda katta miqdorda kreditlar ajratildi. Kredit qoʻyilmalari hajmi oldingi yillarga qaraganda nihoyatda oshib ketdi. Yarim yillikning oʻzida ushbu koʻrsatkichning oʻsish darajasi 45,6 foizni tashkil qildi. Faqatgina kichik biznes subʼektlariga yarim yillikda 10,2 trillion soʻm, yirik investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish uchun 7,2 trillion soʻmlik kreditlar ajratildi. Iqtisodchilarning aytishicha, natijada mamlakat bank tizimi halokat yoqasiga borib qoldi. http://podrobno.uz/cat/economic/tsentrobank-uzbekistana-obeshchaet-v-etom-godu-mnogo-kreditov-dlya-biznesa-/

Shu yilning iyun oyida respublika Markaziy bankiga Mamarizo Nurmuratovning tayinlanishi bilan vaziyat tubdan oʻzgardi. Prezidentning "tovuq-kredit"siyosatiga qaramasdan, arzon kredit tushunchasi asta-sekin muomaladan chiqarila boshlandi. Qayta moliyalash stavkasi 9 foizdan yillik 14 foizga koʻtarildi, valyuta islohotlari kompleks olib borilyapti, 50 ming soʻmlik joriy qilindi. Bularning barchasi Shavkat Mirziyoyev avvalboshda tanlagan xalqona siyosatga goʻyoki zid, chunki oddiy odamlar bu siyosatdan qaysidir maʼnoda qisqa muddatda zarar koʻrishi turgan gap.

Lekin bank-moliya sohasi vakillari, xalqaro moliya institutlari bu qarorni qoʻllab-quvvatlashmoqda. Xalqaro valyuta fondi (XVF)ning janob Albert Yeger boshchiligidagi missiyasi bayonotidan: "Islohotlarni pul massasi va kreditlashning tez oʻsishi bilan bogʻliq inflyatsiya bosimi sharoitida olib borishga toʻgʻri keladi. Shu bois, missiya Oʻzbekiston Markaziy bankining yaqinda qayta moliyalash stavkasini 9 foizdan 14 foizgacha oshirish hisobiga pul-kredit siyosatini qatʼiylashtirishini ijobiy baholaydi" http://cbu.uz/uzc/press-tsentr/dopolnitelnay-informacia/91986/

Nima demoqchimiz?

Demak, Markaziy bank rahbariyati sohani yaxshi tushunishi, kompetent ekanligi, qolaversa, prezidentning unga nisbatan hurmati yuqoriligi ham vaziyatning butunlay oʻzgarishiga olib keldi. Demak, prezidentga vaziyatni toʻgʻri tushuntirib bera olgan, unga dardini ayta oladigan rahbarlar qarorlar qabul qilishga taʼsir koʻrsatayapti.

Ikkinchisi, aholini arzon dori-darmon bilan taʼminlash siyosati. Bu sohaga avvaliga bosh vazir oʻrinbosari A. Ikramov masʼul boʻlsa, keyinchalik u ishdan olingach, Sogʻliqni saqlash vaziri bilan birga, Bosh vazir sohaga masʼul hisoblanadi.

Prezidentning 2016 yil 31 oktyabrdagi "Aholini dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaroriga muvofiq, 2017 yilning 1 yanvaridan tibbiyotda keng qoʻllaniladigan 300 dan ortiq nomdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun muayyan narxlar joriy etildi.

Garchi Sogʻliqni saqlash vazirligi "cheklangan narxlarda sotuvga chiqariladigan mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarning 2016 va 2017 yillar uchun taqqosiy jadvali mahalliy dori vositalarining narxi 8% dan 44% gacha pasayganligini koʻrsatdi", deb iddao qilayotgan boʻlsa-da, dori vositalari narxi yana koʻtarilib, dorilar tanqisligi yuzaga kelgan. Buni ijtimoiy tarmoqlarda ham, internet nashrlarida ham, televideniyeda ketgan koʻrsatuvlarda ham juda koʻp marta qayd etishdi.

Aftidan yuqoridagi qaror notoʻgʻri boʻlganini hech kim prezidentga tushuntirib bera olmadi, bunga na Bosh vazir, na sogʻliqni saqlash vaziri jurʼat qila olmagan. Natijada shu yilning 7 iyul kuni prezidentning "Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi navbatdagi qarori chiqdi. Mutaxassislarning aytishicha, bu qaror ham vaziyatni oʻzgartira olmaydi.

Soʻz erkinligi qancha davom etadi?

Image copyright Internet
Image caption Marhum va hozirgi prezidentning maslahatchisi Xayriddin Sultonov va xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyeva

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, mamlakatda haqiqatan ham ochiqlik havosi kirib keldi. Nafaqat internet nashrlarida, balki televideniye orqali ham jiddiy mavzularda tanqidiy chiqishlar paydo boʻla boshladi. Vazirliklar, hokimliklar OAV orqali oʻtkir mavzularda chiqishlar qilmoqda. Xalqaro press-klub ham oʻzbek media-makoniga yangicha yondashuvlarni olib kirdi. "Press-klubga oʻrinbosarlar bormasin", deya Shavkat Mirziyoyev vaqti kelganida XPK sessiyasida oʻzi ham ishtirok etishini bildirdi.

Shu oʻrinda Prezidentdan yana bir iqtibos: "Xato boʻladi. Qachon xato kamroq boʻladi? Shu jarayonda xalqning oʻzi bevosita salgina boʻlsa ham munosabatini bildirsa, takliflarini bersa xato kamroq boʻladi. Shunga biz harakat qilmoqdamiz. Mana qabulxonalar, virtual qabulxona, Xalq qabulxonalari, hamma qilgan maqsadlarimiz, nima uchun men buni qattiq ushlayapman? Odamlarni gapirtirishga oʻrgatishimiz kerak, odamlarni sal erkin yashashga oʻrgatishimiz kerak, odamlar bilan hisoblashishga majbur qilishimiz kerak. Agar odamni eng katta qadriyat qilib yuqoriga qoʻymasak, biz xato qilaveramiz". Prezident bu gaplarni shu yilning 11 avgust kuni Toshkent viloyati Olmaliq shahrida aytgan. Umuman, Prezident qogʻozdan oʻqimasdan, oʻz fikrlarini bayon etsa, u ochiqlik tarafdori ekanligi koʻrinadi.

Image copyright offical
Image caption Qogʻozga qaramay irod qilinayotgan nutq...

Biroq, qogʻozda yozilgan maʼruzalarda boshqacha ohangni koʻramiz. Masalan, shu yilning 3 avgust kuni Oʻzbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvdagi maʼruzasi "bugungi kunda ziyolilar davrasida yengil-elpi kitoblar, sayoz, oldi-qochdi gazeta-jurnallar, tele-radio stantsiyalar koʻpayib borayotgani toʻgʻrisida haqli eʼtirozlarni eshitish mumkin" deydi.

"Hozirgi paytda yurtimizda turli mulk shakliga ega boʻlgan 1513 ta ommaviy axborot vositasi, shuningdek, 122 ta nashriyot faoliyat olib bormoqda. Ammo ularning barchasi ham bizning milliy gʻoyamizni rivojlantirish, xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishga xizmat qilyaptimi, degan savol koʻndalang turibdi. Xususiy nashriyotlarning koʻpchiligi bir vaqtlar viloyatlarda ham nashriyotlar boʻlsin, degan notoʻgʻri yondashuv bilan tashkil etilgani, ularning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati nihoyatda nochor ekani kitob degan moʻʼtabar tushunchaning qadrini tushirishga olib kelayotgani hech kimga sir emas. Lekin bu muammoni qonuniy asosda qanday hal qilish mumkinligi haqida amaliy takliflar deyarli uchramaydi. Boshqalarga qanday, bilmadim-u, ammo mening nazarimda, bunday salbiy holatning bosh sababi mamlakatimiz axborot bozorining tartibga solinmagani bilan bogʻliq. Bu borada son emas, sifat va samara muhim. Mayli, nashriyotlar soni 122 ta boʻlmasin, ozroq boʻlsin, lekin talabga javob beradigan boʻlsin", deydi.

Bunga qaysi tarafdan boqmang, tsenzuraga undashdan boshqa narsa emas. Chunki oʻsha majlisning ertasigayoq Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori Laziz Tangriyev ommaviy axborot vositalariga ikkita ogohlantirish bilan chiqdi: "Ogʻriqli nuqta... Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi ogohlantiradi!" (http://www.api.uz/news/info/agancy/4294/), "Maʼnaviyatga zarar yetkazganlarni ayamaymiz!" (http://www.api.uz/news/info/agancy/4293/) deb nomlangan doʻq-poʻpisani eʼlon qildi.

Shu kunlarda Oʻzbekiston televideniyesi rahbariyatida yana bir kadrlar oʻzgarishi yuz berdi. Har kuni boʻlib turgan toʻgʻridan-toʻgʻri efirlar yoʻqoldi. Endilikda televideniyedagi "jiddiy koʻrsatuvlar" prezident maslahatchisi nazoratidan oʻtkaziladigan boʻlibdi.

Qogʻozga boqmay gapirayotgan Shavkat Mirziyoyev va tayyorlangan maʼruzani oʻqiyotgan Shavkat Mirziyoyev oʻrtasida farq bormi?

Albatta, maʼruzani prezidentning oʻzi yozmaydi... Maʼruza yozuvchi ham kimlargadir "quloq solishi mumkin"... Keyin oʻzgarishlar ham barchaga birday yoqayotgani, ayniqsa tepadagilarga...boʻlmagʻur gap.

Biz misol tariqasida keltirgan uchala holat - Prezidentni kim boshqarayapti, degan savolga ozgina boʻlsa-da, oydinlik kiritishi mumkin. Oʻzbekistondagi bugungi islohotlar jarayoni palapartish kechayotgani ham aslida shunda. Chunki chap qoʻl qilayotgan ishdan oʻng qoʻl bexabar.

Prezident komandasi esa turli qarashdagi odamlardan tashkil topgan: liberali ham bor, reformatori ham bor, konservatori ham bor. Lekin ularning gʻoyalarini yigʻib, tahlil qilib, soʻng qarorlar qabul qiladigan markaz yoʻq, xolos.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq