"Ginnes rekordi uchun Oʻzbek paloviga maxsus nominatsiya"

Palov Image copyright Chustiy

Oʻzbekiston Oshpazlar Uyushmasi raisining aytishicha, Toshkentdagi tajribalari oʻzini oqlagan va buning ortidan, 8 sentyabr kuni Oʻzbek palovini maxsus nominatsiya ostida Ginnes rekordlar kitobiga kiritishadi. Jahon rekordini yangilashadi. Bunaqasi hali boʻlmagan.

"Albatta, ish bor joyda kamchiliklar ham boʻladi. Bizlar hamma kamchiliklarni inobatga oldik. Eng muhimi, tayyorlagan taomimiz oʻzimiz koʻzlagandek, zoʻr boʻlib chiqdi. Tashkiliy masalalar boʻyicha qoʻyilgan ozgina kamchiliklarni esa, albatta, toʻgʻrilab boramiz", - deydi Akbar Umarov BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida.

Oʻzbekiston tarixidagi eng ulkan palov 17 avgust kuni tayyorlangan va uning ogʻirligi 6 tonnadan ortiqroqni tashkil etgan.

Mega palov Oʻzbekiston oshpaz ahli shu paytgacha guvoh boʻlmagan va ishlab koʻrmagan ulkan qozon va oʻchoqda hozirlangan, kapgirlarning uzunligi ham mamlakat uchun rekord darajada boʻlgan - ikki metrdan ortiroqni tashkil etgan.

Diametri 4 metrdan ortuvchi, hajmi qariyb 8 ming litrni tashkil etuvchi qozon, ogʻirligi qariyb 3 tonnaga yetuvchi oʻchoq va bunga qoʻshimcha eng uzun kapgirlar ham Oʻzbekistonning oʻzida ishlab chiqarilgan, Olmaliq kon-metallurgiya korxonasida quyilgan, yasalgan.

Tashkilotchilarga koʻra, bu - Oʻzbek palovini va nihoyat Ginnes rekordlar kitobiga kiritish oldidan bir repetitsiya jarayoni boʻlgan.

Akbar Umarov bilan suhbatimiz tafsilotlariga mana bu link orqali quloq tuting.

Oʻzbek palovi va yangi jahon rekordi

Oʻzbekistonlik tashabbuskorlar bundan olti yilcha burun rekord tonnada palov tayyorlab, uni Ginnes rekordlar kitobiga kiritish tashabbusi bilan chiqishgan.

Oʻsha paytda mazkur gʻoya tashabbuskorlari www.oshxona.uz sayti va Oʻzbekiston Oshpazlar Uyushmasi boʻlishgan.

Tashabbuskorlar bundan maqsad Oʻzbekiston, Oʻzbek milliy oshxonasi va palovini dunyoga tanitish ekanini aytishgan.

Oʻzlari koʻzda tutgan yangi jahon rekordini 2012 yilning bahor oylarida oʻrnatish rejasida ekanliklarini bildirishgandi.

Ammo Ginnes xalqaro qoʻmitasi ularning murojaatlariga "rekord miqdorda tayyorlanajak guruchli taomning 80 foizi guruchdan iborat boʻlishi kerakligini aytib, javob bergan".

"Qoʻmitaga Oʻzbek palovini tayyorlash texnologiyasining oʻziga xosliklari tushuntirilganda ham, ulardan "rekordlar kitobiga kiritish uchun oʻz qoidalari borligi, ana shu qoidalardan chetga chiqolmasliklari" mazmunidagi javobni olishgan.

Ammo Oʻzbekiston Oshpazlar uyushmasi raisi BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida, bularning barchasiga qaramay, "boshlagan ishlarini oxiriga yetkazishga harakat qilishlari"ni bildirgan.

"Oʻzbek palovini xalqaro Ginnes qoʻmitasi meʼyorlariga muvofiq pishirish ustida bosh qotirayotganliklari"ni aytgandi.

"Ijobiy yechim"

Akbar Umarov bilan soʻnggi suhbatimiz tafsilotlaridan maʼlum boʻlishicha esa, hozir masalaning ana shu muhim tomoni oʻzining ijobiy yechimini topgan.

"Ginnes xalqaro qoʻmitasi yaqinda Oʻzbek palovi uchun maxsus nominatsiya ochishga rozi boʻlgan".

Bularning barchasiga bosh tashabbuskor sifatida bu gal Oʻzbekiston Milliy telekanali chiqqan.

"Orziqib kutilgan" yangi jahon rekordini oʻrnatishga esa, rasman 8 sentyabr kuni - "Oʻzbegim" Milliy qadriyatlar festivali doirasida urinib koʻrilmoqchi.

Oʻzbekiston Oshpazlar uyushmasi raisining aytishicha, bu jarayonda ham xuddi oʻsha qozon, oʻchoq, kapkir va oshpazlarning oʻzidan foydalaniladi.

Xuddi Olmaliqdagi tajriba jarayonida pishirib koʻrilgani kabi Toshkentcha bayram palovi tayyorlanadi.

Akbar Umarovga koʻra, oʻtgan haftadagi mega palovning taʼmi shaxsan oʻziga ham, uni tatib koʻrgan qolgan barchaga ham birdek "yoqqan".

"Bu palov bir maslahat bilan, bir fikr bilan, uxlamasdan, shunaqa ogʻir mehnat va mashaqqat bilan tayyorlandiki, bu ish oson boʻlgani yoʻq", - deydi suhbatdoshimiz.

Agar, Toshkentdan olingan ayrim xabarlarga tayanilsa, olti ming tonnadan ziyod palov Olmaliqda yigirma mingdan ziyod kishiga tekin tarqatilgan.

Munosabatlar

Ammo Oʻzbek palovini Ginnes rekordlar kitobiga kiritishga qaratilgan bu urinish oʻzbekistonliklar orasida qarama-qarshi munosabatlarga ham sabab boʻlgan.

Ayniqsa, turli ijtimoiy muloqot tarmoqlarida anchayin qizgʻin bahsu munozaralarni uygʻotgan.

Ayrim internet foydalanuvchilari nazdlarida, bu - ortiqcha isrofgarchilik boʻlgan.

"Bunga ketgan pulni esa, xayriya maqsadalarida va yoki qashshoqlikni aritishga sarflash tuzukroq boʻlgan".

Bu kabi fikrlarga ham oʻz munosabatini bildirgan suhbatdoshimizga koʻra, "palov madaniyati va anʼanalari bu faqat qorin toʻygʻizishdan iborat, degani emas".

"Buning oʻz madaniyati, urf-odatlari va anʼanalari bor. Tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan jihatlari...Biz bularning hammasini ana shu taom orqali xalqqa chiroyli qilib yetkazishimiz kerak", - deydi Oʻzbekiston Oshpazlar uyushmasi raisi.

Oʻzbekiston tomonining yangi jahon rekordini oʻrnatish urinishi Oʻzbek va Tojik palovi Birlashgan Millatlar Tashkiloti UNESCO jamgʻarmasi tomonidan "Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi" roʻyxatiga kiritilishidan sakkiz oy oʻtib toʻgʻri kelmoqda.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbek milliy taomlaridan hali hech biri "Ginnes"ning rekordlar kitobidan oʻrin olmagan.

Eng ogʻir vazndagi palov esa, soʻnggi bor 2007 yilda Urumchida tayyorlangani aytiladi.

Ayrim manbalarga koʻra, uning ogʻirligi bir tonnadan ortgan va 10.000 kishiga moʻljallangan boʻlgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq