Tojikistonda aqiqa oʻtkazish taqiqlandi

Tojikistonda bir necha yildan beri toʻylar va odatlarni tartibga solish harakat qilinadi
Image caption Tojikistonda bir necha yildan beri toʻylar va odatlarni tartibga solish harakat qilinadi

Tojikiston parlamenti qonunga oʻzgartirishlar kiritish orqali musulmonlar uchun sunnat amal boʻlgan aqiqa marosimini taqiqladi. Bundan tashqari tojikistonliklarga milliy kiyimlarda yurish majburiy qilib qoʻyildi. Kuzatuvchilar bu bilan hijob va kalta kiyimlarga taqiq qoʻyilishi mumkinligini aytishmoqda.

Tojikiston parlamentining quyi palatasi "Anʼanalar va urf-odatlar tartibga solish" toʻgʻrisida qonunga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini imzolagan.

Unda Islom dini buyruqlari boʻyicha chaqaloq tugʻilgandan soʻng 7 - kuni oʻtkaziladigan aqiqa marosimga ham taqiq qoʻyilganini koʻrish mumkin. Aqiqada oʻgʻil bolalar uchun ikki, qiz bola tugʻilganda bir qoʻy soʻyish sunnat amal hisoblanadi.

"Tojikiston Islom markazi ulamolar kengashi raisi Saidmukarram Abduqodirzoda duputatlar oldida chiqish qilib qabul qilingan oʻzgartirishlarning birortasi ham Islom qonun-qoidalariga zid kelmasligini aytdi", - deb yozdi parlamentning rasmiy web sahifasi.

23 avgust kuni bir ovozdan qabul qilingan qonunga oʻzgartirishlarda "jismoniy va yuridik shaxslar milliy madaniyat xususiyatiga amal qilishga - davlat tilini bilishga va milliy kiyim kiyishga majbur", - deyiladi.

Rasmiylar qonunning ushbu moddasini buzgan shaxslarga nisbatan jazo tayinlanishini maʼlum qilgan. Tez orada milliy kiyimlarni kiyish boʻyicha tavsiyalar yozilgan maxsus buyruq chiqishi aytilgan.

Mahalliy kuzatuvchilar ushbu qonun bilan rasmiylar musulmonlarning hijobiga qarshi boshlangan kampaniyani qonunan taqiqlab yakuniga yetkazganligini aytmoqda.

Biroq amaldorlar oʻzgartirishlar hijobga qarshi emas, balki tojik milliy anʼanalari hamda diniga zid boʻlgan yarim yalangʻoch kiyimlarga qarshi ekanligini taʼkidlashadi.

Hijob Prezident Imomali Rahmon tomonidan milliy anʼanalarga begona qadriyat sifatida eʼtirof etilgan.

"Yaratganni aql bilan taniydi va unga hijob kiyib, salla oʻrab yoki soqol qoʻyib emas, balki qalb bilan boʻysinish kerak", - degan Prezident Imomali Rahmon.

Bundan tashqari xonadondan mayit chiqqanidan soʻng 7, 40 va "yili" kabi marosimlarda yirik chorva moli soʻyish taqiqlangan.

Endi oʻgʻil bolani xatna qildirish toʻylari oila davrasida xonandalarni chaqirmagan holda oʻtkaziladi. Xatna qildirish ota-onaning roziligi bilan oʻgʻil bola tugʻilgandan 20 kunning ichida tibbiy muassasada tekinga amalga oshiriladi.

Shu bilan birga yana bir necha odatlar va xalqqa dasturxon yozishlar bekor qilingan.

Prezident rasmiy saytida ushbu choralar ota-onalarning mablagʻini tejash va aholining turmush tarzi darajasining tushib ketishini oldini olish maqsadida qilingani aytilgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq