Uzoq Sharqni oʻzbeklar egallab olishidan xavfsirashayaptimi?

migrantlar

Rossiyaning Uzoq Sharq oʻlkalarini soʻnggi 20 yil ichida 2 milliondan ziyod mahalliy aholi tark etgan, mehnat muhojirlari soni esa 15 foizga ortgan.

Joriy yil boshidan buyon 400 mingdan ziyod xorijliklar Uzoq Sharq federal okrugida migratsiya hisobiga qoʻyilgan. Mehnat muhojirlarining eng katta qismi oʻzbekistonliklar, tojikistonliklar, xitoylik va shimoliy koreyaliklarni tashkil etadi.

Ona yerni nega tashlab ketishayapti?

Rossiyaliklarni Uzoq Sharqqa jalb etish uchun hukumat 1 gektardan bepul yer, muhojirlar uchun vaqtincha yashash va fuqarolik xujjatlarini yengillashtirilgan tartibda olish imkoniyatlarini beradi. Hududlarda asosan qurilishlar va qishloq xoʻjaligi ishlari bilan shugʻullanish taklif etiladi.

Mahalliy aholining ona yerlarini tashlab ketishlariga Uzoq Sharq hududlarining ijtimoiy, yashash-kommunal va transport infratuzilmalarining rivojlanmaganligi, iqtisodiyotning katta qismlarida daromad darajasi pastligi, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlariga yuqori darajada bogʻliqlik sabab sifatida koʻrsatiladi.

"Qishloq aholisining bandligi alohida tashvishlantiradi. Bu yerda ishsizlar soni juda yuqori. Ayniqsa, bunday murakkab vaziyatlar Yevrey avtonom respublikasi, Primor va Kamchatka oʻlkalarida qayd etilgan", - deydi RF Havfsizlik kengashi kotibi Patrushev.

Migrant "Uy ber!" demaydi...

Xabarovsk oʻlkasi rahbari Aleksandr Sokolov shaharning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga bagʻishlangan matbuot anjumanida hududga koʻproq osiyolik mehnat muhojirlarini ishga taklif qilish fikrini aytdi.

Chet ellik ishchilar vazifalariga xabarovskliklardan koʻra maʼuliyatli yondoshadilar, - dedi shahar meri. - Bundan tashqari, Xabarovskda yashovchilardan koʻra, nisbatan migrantlarning talabi kam. Bilasizlar, ular 18 kishilab vagonchada yashab ham yuraveradi. Chunki ular kelgan joylarda ahvol bundan ham yomon.

"Bu toifa bilan ishlash kerak: ish bilan taʼminlash, hozirgi turmushlaridan koʻtarilish imkonini berish kerak. Ular hech nima iltimos qilmaydi, na uy, na boshqa narsa. Faqat farzandini boqchaga joylashtirishi uchun migratsiya hisobga qoʻyishda yordam soʻrab murojaat qilishadi. Migrant "uy beringlar" demaydi, u yer haydaydi, ishlaydi"

Muhojirlar uchun maxsus telekanal

Iyul oyining boshida Ichki ishlar vazirligi Rossiya migratsiya siyosatining 2018-2020 yillarga moʻljallangan kontseptsiyasini tayyorladi. Vazirlik avvalo, birinchi navbatda Uzoq sharqqa rossiyaliklarning oʻzini faol koʻchishga jalb qilishni taklif etgan. Buning uchun 1 mln rublgacha miqdorida mablagʻ berilishi va qulay ijtimoiy infratuzilma yaratish moʻljallanmoqda.

Mazkur kontseptsiyadan mehnat muhojirlarining hududga moslashuvini tashkillashtirish borasida chora-tadbirlar ham oʻrin olgan.

IIV chet eldan ishlashga kelgan muhojirlar uchun nafaqat "axborot va huquqiy yordam markazi", balki maxsus telekanal ochishni ham taklif qilmoqda.

Rasmiylar muhojirlar koʻpayishiga qarshi

Rossiya hukumatining Markaziy osiyolik mehnat muhojirlarini Uzoq Sharqqa jalb etish taraddudi rossiyalik ayrim rasmiylarni xavotirga soldi. Avgust oyining oʻzida rus matbuotida "Uzoq Sharq xavf ostida" mavzusida bir qator maqolalar turkumlari paydo boʻldi.

"Uzoq Sharq federal okruglari aholisi sonini orttirish muammosi yechimini Rossiya fuqarolarining hududda muqimligini taʼminlash, tugʻilish sonini ortishi uchun sharoitlarni yaratishda davom etish, oʻlim hollarini kamaytirish bilan amalga oshirish kerak", - dedi Xavfsizlik kengashi kotibi Petushov.

Uning fikriga koʻra, hudud aholisi sonini migrantlar hisobiga oshishiga chek qoʻyish zarur. Aks holda, chet elliklar tub aholi millatining oʻzgarishiga ham jiddiy taʼsirini oʻtkazadi. "Migratsiya nazoratini kuchaytirish kerak!" - taʼkidladi Petushov.

Ayni vaqtda Uzoq Sharq yerlarida 6,2 mln aholi istiqomat qiladi.

"Aholi sonini oshirish kerak, ammo mehnat muhojirlari hisobiga emas", - deydi Rossiya ilmiy akademiyasi hududlar muammolari tahlili institutining ilmiy xodimi Svetlana Mishuk. - "Mehnat muhojirlari Uzoq Sharq iqtisodiyotini ushlab turishda oʻrni bordir, ammo uni kelajakda rivojlantirishga koʻmaklashmaydi"

Shunga qaramay, Rossiya Prezidenti shu yilning 1 iyunida "2017-2015 yillarda davlat milliy siyosatini amalga oshirish" Davlat dasturini tasdiqladi va migrantlarni moslashtirish bilan shugʻullanish dasturiga Millatlar ishi boʻyicha federal agentlikni ham jalb etdi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq