Toshkent shahar IIBB norozilikka sabab boʻlgan xabar uchun uzr soʻramadi

Keyinchalik oʻzgartirilgan suratda qidiruvdagi kimsaning viloyatliklarga oʻxshab kiyingan degan jumlasi olib tashlandi Image copyright Guvd.uz
Image caption Keyinchalik oʻzgartirilgan suratda qidiruvdagi kimsaning viloyatliklarga oʻxshab kiyingan degan jumlasi olib tashlandi

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda keskin norozilikkka sabab boʻlgan xabari uchun uzr soʻramadi. Rasmiy saytda qidiruvga berilgan shaxsning kiyinishi "viloyatlik shaxslarga oʻxshash" deb taʼrif berilishi odamlarning eʼtiroziga sabab boʻlgan edi.

Internet saylari va ijtimoiy tarmoqlarda aylantirilgan va muhokamalarga sabab boʻlgan surat Toshkent IIBB tomonidan oʻzgartirildi. Web sahifada tushuntirish xabari paydo boʻldi.

Ichki ishlar boshqarmasi ushbu xabarda berilgan suratdagi kimsaning viloyatliklarga oʻxshab kiyinganini yozish odamlarning eʼtiroziga sabab boʻlganini yozgan.

Image copyright Guvd.uz
Image caption Toshkent ShIIBB qidiruvdagi kimsani viloyatlik shaxslarga oʻxshab kiyingan dedi

"Toshkent ShIIBB rasmiy saytida chiqqan bu xabar turli internet saytlar tomonidan, havola berib tarqatildi va gumondorlardan biriga tarif berishda "viloyatlik shaxslarga oʻxshash" atamasi odamlar orasida eʼtiroz keltirib chiqargani maʼlum boʻldi", deyiladi xabarda.

Boshqarma Oʻzbekiston fuqarolari bunday atama bilan toifalanmasligi va xabar xodimning etiborsizligi tufayli kelib chiqqanini maʼlum qilgan.

"Shuni maʼlum qilamizki, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan yurtimiz fuqarolari bunday atama bilan toifalanmaydi, bunday holat xabarni tayyorlagan xodimning eʼtiborsizligi tufayligina kelib chiqqan. Buni hech qanday gʻaraz maqsad emas, shunchaki tushunmovchilik sifatida qabul qilinishini soʻrar edik".

Saytda yozilishicha, xodimga nisbatan tushuntirish ishlari olib borilgan va kelgusida bunday xatoga yoʻl qoʻyilmasligi bildirib oʻtilgan.

Image copyright Guvd.uz

Biroq Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining web sahifasi xabardagi xato uchun oʻquvchilardan uzr soʻramagan.

Dastlabki xabarda ilova qilingan suratlarning birida qidiruvga tushgan shaxslardan birining "kiyinishi viloyatliklarga oʻxshashi" qayd etilgandi. Xabarning yangi tahririga ilova qilingan suratlarda "kiyinishidan viloyatlik shaxslarga oʻxshash" haqidagi taʼkid olib tashlangan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq