Xalq taʼlimi vaziri ham oʻqituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilinmasligi haqida vaʼda berdi

Image copyright BBCuzbek

Majburiy mehnat borasida kun.uz nashri bilan suhbatda oʻqituvchilarni oʻz huquqi buzilishiga yoʻl qoʻyib berishda ayblagan Xalq taʼlimi vaziri bu gal vazirlik vebsahifasida bayonot bilan chiqdi.

Vazirlikning rasmiy saytida yozilishicha, vazir Ulugʻbek Inoyatovning shu oy boshlarida aytganlari notoʻgʻri talqin qilingan.

Oʻzbekiston: "Albatta, bu - kutilmagan holat boʻldi bizga, ammo..."

" Xalq taʼlimi vazirligi majburiy mehnatning har qanday koʻrinishiga mutlaqo qarshi hamda tizimda faoliyat koʻrsatayotgan pedagoglarning oʻz kasbiga aloqasi boʻlmagan turli ishlarga jalb qilinishiga yoʻl qoʻymaydi. Sohada xizmat qilayotgan 400 ming nafardan ortiq fidoyi ustoz va murabbiylarning mehnatini qadrlash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, jamiyatda ustoz obroʻsini oshirish yoʻlidagi ishlarini davom ettiradi. Vazirlik qonunchiligimizda belgilangan mehnat munosabatlariga oid huquqiy normalarga soʻzsiz amal qiladi", deyilgan vebsahifada.

Paxtani kim teradi?

Image copyright BBCUZBEK

Shoʻrolar va Karimov davrida majburiy mehnat, zamonaviy qullik yot boʻlmagan Oʻzbekistonda paxta terimiga asosan bolalar, oʻqituvchilar hamda davlat tashkilotlari xodimlari jalb qilinardi.

Ammo bu yil vaziyat bir emas bir necha mulozimlar qatorasida oʻqituvchilar va bolalarni majburiy mehnatga jalb etilmasligini urgʻulashdi.

Avvalroq, Oʻzbekistonda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ham bildirishnoma eʼlon etgan va unda "2017 yilgi paxta yigʻim-terimiga voyaga yetmagan yoshlar, shu jumladan, tashkilotlar, sogʻliqni saqlash va maorif tizimi xodimlarini jalb qilish mutlaq taqiqlanadi", deb urgʻulagandi.

Oʻzbekistonlik faollar hukumat mulozimlarining bu kabi chiqishlarini ehtiyotkorlik va bir qadar ishonchsizlik bilan olqishlashmoqda.

Image copyright BBCUZBEK

Bi-bi-si bilan suhbatda oʻzbekistonlik mustaqil jurnalistning aytishicha, paxta hosilini faqat fermerlarning oʻzi yigʻib-terib olishi oʻta mushkul boʻlishi mumkin.

"Paxta yetishtiriladigan yerlar keskin kamaytirilsagina oʻqituvchilar, davlat tashkilotlari va hatto bolalar mehnatidan voz kechish mumkin. Bu yil vaziyat biroz yengilroq boʻladi, lekin majburiy mehnat holatlari batamom tugatilishi haqiqatdan uzoq, menimcha. Ehtimol, "imi-jimida", sal isloh qilingan yoʻllar bilan hosil yigʻib olinadi. Balki terilgan paxta uchun narx biroz koʻtarilar, shunda roʻzgʻori ogʻir boʻlgan oilalar oʻzlari, "ixtiyoriy" ravishda terimga chiqishlari mumkin", deydi jurnalist.

Oʻtgan yil esa Anti-Slavery International, Markaziy Osiyoda Inson huquqlari assotsiatsiyasi, Cotton Campaign, Human Rights Watch, Inson huquqlariga doir Oʻzbek-Olmon forumi toʻplagan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston yuz minglab aholini paxta terimiga majburan safarbar qilgan.

Majburiy bolalar mehnati sabab, soʻnggi yillarda qator yirik xorijiy shirkatlar Oʻzbekiston paxtasini boykot qilishgan.

Agar, http://www.worldstopexports.com/ ning oʻtgan yilgi maʼlumotlariga tayanilsa, Oʻzbekiston hozir chetga paxta sotish boʻyicha dunyo davlatlari orasidan 14-oʻrinni egallab turibdi.

Paxta ishlab chiqarish boʻyicha esa, jahonning eng yirik oltita davlatidan bittasi ekani aytiladi.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq