Boks, Germaniya: Hasanboy Do'smatov yana oltinga ko'z tikmoqda

Image copyright AFP

"Xudo xohlasa, qo'ldan kelgancha harakat qilib, jahon chempionatida ham oltin medal olamiz"", - deydi o'zbekistonlik nomdor bokschi jahon chempionati arafasida Andijondan Bi-bi-si O'zbek Xizmatiga bergan suhbatida.

AIBA tasnifida amaldagi jahonning eng kuchli bokschisi, Rio Olimpiadasi g'olibi, ikki karra Osiyo chempioni, o'zbekistonlik nomdor bokschi chempionlik maqomi uchun bugun ringga ko'tariladi.

Hasanboy Do'smatov -49 kg vazn toifasida o'zining ilk jangini Kosta-rikalik bokschi Rodriges Kastiloga qarshi o'tkazadi.

Germaniyaning Gamburg shahri mezbonlik qilayotgan bu yilgi jahon chempionatida O'zbekistonni 10 nafar bokschisi - barcha vazn toifalarida namoyon etishmoqda.

Ulardan aksariyati jahon va Osiyo qit'asi miqyosidagi xalqaro bellashuvlari g'oliblari, sovrindorlari sanalishadi.

25 avgustda start olgan chempionat Hasanboy Do'smatov jahon chempionligi uchun bellashayotgan birinchisi bo'ladi.

Dongdor bokschi bilan suhbatimizni nazardan qochirmang.

Boks: O'zbekiston Osiyoda rekord o'rnatdi

Hasanboydan tashqari, bugun yana o'zbekistonlik to'rt nafar bokschi ringga tushishadi:

-56kg: Murodjon Ahmadaliev (O'zbekiston) - Qayrat Eraliev (Qozog'iston) (18:25 dan o'tib)

-64kg: Iqboljon Xoldorov (O'zbekiston) - Jon Guterres (Kolumbiya) (18:50 dan o'tib)

-91kg: Sanjar Tursunov (O'zbekiston) - Yara Peralta (Argentina) (20:30 dan o'tib)

-49kg: Hasanboy Do'smatov (O'zbekiston) - Robinson Rodriges (Kosta Rika) (22:10dan o'tib)

-75kg: Isroil Madrimov (O'zbekiston) - Aziz Ochilov (Turkmaniston) (23:30 dan o'tib).

Eslatib o'tish joiz, o'zbekistonlik bokschilar bu yilgi jahon chempionatini ustma-ust g'alaba bilan boshlashgan.

26 avgust kuni 10 bokschi orasidan birinchi bo'lib ringga ko'tarilgan Sanjar Tursunov -91 kg vazn toifasida nikaragualik bokschi Jeffi Gonsalesni mag'lub etgan.

Uning ortidan, -52 kg vazn toifasida jahon chempionligi uchun kurashini boshlagan Jasurbek Latipov Puerto-rikalik raqibi ustidan 5:0 hisobida g'alaba qozongan.

"Qo'limizdan nimaiki kelsa, ringga chiqib, shu oltin medal uchun, bayrog'imiz uchun harakat qilayapmiz", - deydi Hasanboy Do'smatov.

Boks bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi so'nggi Rio Yozgi Olimpiadasi va Osiyo chempionatining umumjamoa hisobida g'olibi sifatida bu yilgi jahon chempionatiga tashrif buyurgan.

Aksariyati Gamburgda jahon chempionligi uchun bellashayotgan bokschilar oltinlari doxil qo'lga kiritgan medallari soni bo'yicha ham mezbon Rio va ham Toshkentda rekord o'rnatishgan.

O'zlarining erishgan bu kabi olamshumul yutuqlari ortidan jahon boks olamida ham katta shov-shuvga sabab bo'lishgan.

O'zbek boksi va o'zbek bokschilariga yana bir bor professional boksning eng etakchi mutaxassislari e'tiborini jalb etishning uddasidan chiqishgan.

Mezbon Germaniya va Hasanboy Do'smatovning ona viloyati Andijondagi kayfiyatga Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan birga nazar tashlash uchun veb va ijtimoiy muloqot tarmoqlaridagi sahifalarimizni kuzatib turing.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02