AQSh: ‘Otib ketilgan o'zbekistonlik vafot etdi’

Америка Image copyright EPA

40 yoshda bo'lgan Doniyor Abdumajidov Tennessi shtatining Neshvill shahrida noma'lum shaxslarning hujumiga uchragan, boshidan o'q egan ahvolda topilgani xabar berilgandi.

Mahalliy telekanal va manbalarga ko'ra, hodisa payshanbadan jumaga o'tar kechasi shahar shimolida yuz bergan.

Doniyor Abdumajidov o'sha paytda pitstsa etkazib berish bilan shug'ullanayotgan bo'lgan.

Mahalliy nashrlarning (WKRN)ning politsiyaga tayanib yozishicha, "u janjalga aralashib qolgan va boshidan o'q egan".

Oradan bir necha soat o'tib, yo'lovchilardan biri uni qonga belanib yotgan ahvolda topgan.

Qattiq yaralangan Doniyor Abdumajidov zudlik bilan Vanderbilt Universiteti Tibbiyot Markaziga etkazilgan.

Shundan so'ng og'ir ahvolda qolayotgani aytilgan O'zbekiston fuqarosining kechaning o'zida tunga yaqin hayotdan ko'z yumgani aytilmoqda.

Qurolli shaxslarning kimligi va hodisa omillari borasida mas'ullar hozircha jim, bundan boshqa tafsilotlarni oshkor qilishmagan.

O'zbekiston: Rossiya, Amerika, Janubiy Koreya - kim, qaerga ketmoqchi?

Mahalliy politsiya Doniyor Abdumajidovning tonggi soat 05:00 gacha faoliyat yurituvchi mahalliy pitstsaxonalardan birida ishlaganini aytmoqda.

Oilasining murojaatnomasidan ma'lum bo'lishicha, u ayoli va to'rt nafar farzandi bilan yaxshiroq hayot ilinjida bor-yo'g'i bundan ikki oycha burun Grin-karta yordamida Amerika Qo'shma Shtatlariga kelgan bo'lgan.

Xabarlarga ko'ra, yuz bergan qurolli hodisa yuzasidan allaqachon tekshiruv ishlari boshlab yuborilgan.

Tergovchilar hozircha Doniyor Abdumajidov pitstsa eltgan manzildagilarning u ishlagan pitstsaxonaga bunday buyurtma bermaganlarini aniqlashgan, deb xabar bergan WKRN mahalliy internet nashri.

Neshvill shahri atroflari esa, jinoyatchilik keng tarqalgan hududlardan biri sifatida ko'riladi.

Yuz bergan hodisa ortidan, Doniyor Abdumajidovning oilasi beg'araz moliyaviy yordam so'rab, internetda murojaat bilan chiqqan.

Vafotiga oid xabarlar olingan paytda mingga yaqin odam yordam qo'lini cho'zib, 50 ming dollardan ortiq pul yig'ilgani ma'lum bo'lgandi.

Doniyor Abdumajidovning qaerda dafn etilishiga oid xabarlar hozircha imkonli emas.

Bugun Amerika Qo'shma Shtatlarida yashab, mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan ja'mi o'zbekistonliklarning soni chorak millionga yaqin ekani ishoniladi.

Ulardan aksariyatining Grin-karta yordamida Amerika Qo'shma Shtatlariga yashash uchun borganlari tashkil etishi aytiladi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02