Andijon: ‘Hamma Hasanboy, o'zbek bokschilari uchun duoda’

Ҳасанбой Дўсматов Image copyright Reuters

"Qaerga chiqsak ham, hamma duoda, Xudo xohlasa, yana hamma bokschilarimiz yutadi, degan fikrlar...", - deydi o'g'li Hasanboy Do'smatovning jahon chempionatidagi ilk jangi oldidan uning otasi Ma'rufjon aka Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida.

"Hasanboy bilan aloqaga chiqib, telefon orqali gaplashib turibmiz. Kayfiyatlari yaxshi. Shug'ullanayapti. O'rtoqlari ham hammasi yaxshi. Shug'ullanib, jahon chempionatiga tayyorgarlik ko'rayapmiz, dedi. Lekin kayfiyatlari zo'r...", - deydi u kishi Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida.

"Gaplashganimizda, xavotir bo'lmanglar, deb, meni ham, ayasini ham tinchlantiradi. Birinchi o'rinni olaman, deb niyat qilganman. Xudo xohlasa, niyatimga etamagan, degan fikrlarni bildirdi".

Rio Olimpiadasi g'olibi va ketma-ket ikki karra Osiyo chempioni Hasanboy Do'smatov bu yil jahon chempionligi uchun kurashayotgan eng nomdor o'zbekistonlik bokschilardan biri bo'ladi.

Ammo, boshqa tomondan, bu - havaskor boks bo'yicha AIBA tasnifida jahonning eng zo'r bokschisi va qator xalqaro mukofotlar sohibi bo'lgan Hasanboy karerasidagi birinchi jahon chempionatidir.

Ma'rufjon aka Hayitboev bilan Bi-bi-si O'zbek Xizmati suhbatini nazardan qochirmang.

Boks, Germaniya: Hasanboy Do'smatov yana oltinga ko'z tikmoqda

Otasi Ma'rufjon akaning aytishicha, hozir, hatto, o'zi ham hayajonda, ammo buni farzandiga bildirish yo'q.

"Hasanboy bilan gaplashganimizda, doim, "Birinchi o'rinda o'zingning sog'ligingni o'yla. Ehtiyot bo'l. Nihoyatda ziyraklik bilan jang qil. Endi, bu jahon chempionati. Senga o'xshagan ko'p bokschilar bor. Barcha kuchli bokschilar yig'ilgan u erda. Omadingni bersin. Hayajon bosmasdan, chiroyli boks tushib, elimiz, yurtimizning bayrog'ini yanada baland ko'targin", - deymiz unga deydi suhbatimiz yakunida Ma'rufjon aka.

Toshkentdan olingan xabarlarga ko'ra, aynan O'zbekistondagi boks muxlislarining talab va qiziqishlaridan kelib chiqib, UZREPORT TV kanali Germaniyaning Gamburg shahri mezbonlik qilayotgan boks bo'yicha jahon chempionatini eksklyuziv ravishda translyatsiya qilish huquqini xarid qilgan.

Telekanal chempionat boshlangan 25 avgust kunidan boshlab, o'zbekistonlik va jahonning nomdor bokschilari ishtirokidagi janglarni bevosita tomosha qiling imkoniyatini taqdim etgan.

Bu yilgi jahon chempionati bir hafta davom etadi va 3 sentyabr kuniga borib 10 nafar chempionning nomi ma'lum bo'ladi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02