Bir yil ichida Karimov siyosatidan nima qoldi?

Ислом каримов Image copyright Getty Images

O'zbekistonnning birinchi Prezidenti Islom Karimov vafotiga bir sana to'lishi arafasida o'tgan yilning ichida uning siyosatidan nimalar qolgani va yana qanday o'zgarishlar kutish mumkinligi borasida mutaxassislar fikrini o'rgandik.

Fransiyada istiqomat qiluvchi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Mirziyoyev Karimovcha ishlash tartibini butunlay shubha ostiga olgan bo'lsa-da uning nomini saqlab qolishga qaror qilganini aytadi.

"O'zbekistonda oldingi siyosiy tizim, oldingi hokimiyatning ishlash tartibi shubha ostiga olindi. Lekin juda ham bir ohista shaklda. Ya'ni Shavkat Mirziyoyevning yondoshuvi shundan iboratki, birinchidan oldingi ish uslubi mutloq yaroqsiz. Lekin ayni paytda rivojlangan davlatlar qatori, dunyoning ko'pchilik davlatlaridagi davlatchilik siyosati an'analariga muvofiq birinchi Prezidentga nisbatan so'zsiz hurmat ehtirom bildirilishi kerak degan pozitsiya aytildi. Shundan kelib chiqib Shavkat Mirziyoyev Karimovdan qolgan siyosiy tizimni ohista isloh qilish ehtiyojini juda ham yaxshi sezayapti va bu haqda jamiyatga bildirdi.

Biroq ayni paytda yangicha tafakkur, yangicha fikrlash siyosiy tizimning yangicha bir yondashuvi masalalari hali anglangani va konseptual shaklda jamiyatga aytilgani yo'q. Konseptual fikrning o'zi yo'q", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Unga ko'ra kelgusi yilda Mirziyoyev o'zidan yoshi katta va unga siyosiy jihatdan nomutanosib shaxslardan qutilishi kerak.

Rabbimov fikrlarini tinglash uchun linkni bosing

Londondan ekpert Alisher Ilhomov:

"Menimcha, O'zbekiston Karimov davrida chuqur inqirozda qolgani haqida Mirziyoyevda tushuncha bor. Rivojlanish nuqtai nazaridan barcha jarayonlar deyarli to'xtab qolgandi. O'zbekiston dunyoda qoloq bir davlatga aylanib borayotgandi. Biroq Mirziyoyev ushbu holatni o'zgartirishga harakat qilmoqda. Ko'pchilik, shu qatori men ham ijtimoiy axborot sohasida jonlanishni kuzatmoqdamiz. Ayniqsa bu jarayon ijtimoiy tarmoqlarda yaqqol ko'rinmoqda. Odamlar o'z fikrini aytishda kamroq qo'rqadigan bo'lib qolishdi. Mamlakat ichida bo'lib turganlar ham ancha tanqidiy fikrlar bildirmoqda.

Biroq jamiyatdagi fikrlar xilma-xilligi o'rta va yuqori tabaqadagi amaldorlarda ko'rinmayapti. Bosh vazir va Prezidentning davlat maslahatchisi ishtirokidagi Xalqaro Press klubdagi jonli jfir yuzasidan jurnalistga qo'pol muomala qilishi endi paydo bo'layotgan erkinlik maysasini yuqori lavozimli amaldorlar tomonidan toptashga o'xshaydi.

Ushbu holat ham tizimni isloh qilish borasida katta ishlar qilinishi kerakligini ko'rsatadi. Bu borada qandaydir o'zgarish va islohotlar olib borish hozircha ko'rinmayapti.

Mirziyoyev olib borayotgan siyosatda hozircha Xrushev siyosatidagi kabi "muzlarning erishi" kuzatilmayapti. Xrushev kelganidan so'ng nohaq qamalgan minglab mahbuslar qamoqlardan ozod qilingandi. Shunday bo'lsa ham Mirziyoyev kelgach jamoatchilik fikri ancha jonlandi va qo'rquv kamaydi.

Mirziyoyevning siyosiy reytingi jadallik bilan ko'tarildi. Kelgusi yilda Prezident tizimni isloh qilish uchun 3-4 qadam tashlashi kerak deb o'ylayman. Ular iqtisod, va qonun amal qilmayotgan huquq sohalarida bo'lishi kerak. Hozir hammasini o'zgartirishga balki kuch yetmas, ammo kamida 3-4 o'zgarish bo'lishi lozim. Agar Mirziyoyev hozir ushbu imkoniyatdan foydalanib o'zgarish qilmasa, yana ikki yildan so'ng odamlarning hafsalasi pir bo'la boshlaydi. Amalda o'zgarishlar bo'lmasa uning xalq orasidagi obro'si keskin tushib ketishi mumkin.

Ana o'shanda nazoratni ushlab turish uchun Prezident Islom Karimov kabi keskin choralar qo'llashi mumkin. Islom Karimov ham lavozimga o'tirgan ilk yillarda nisbatan ochiq edi va xalq bilan tez-teo' muloqot qilib turardi. Keyin murvatlarni burab boshladi.

Mirziyoyev ham kelgusi 2 va ko'pi bilan 3 yilda islohotlar qilib, tizimli o'zgarishlarni jadallashtirmasa yana murvatlarni burash bilan tugashi mumkin".

Namoz Normo'min:

Turkiyada istiqomat qiluvchi muxolifat faoli Namoz Normo'min o'z maqolasida Karimovsiz o'tgan bir yilni sarhisob qilgan. U Mirziyoyev siyosatidagi to'g'ri va o'zi xato deb bilgan jihatlarni sanab o'tgan.

"Islom Karimovning to'satdan (aslida kutilgan) vafot etganligi davlat rahbarlariga va xalqning katta qismiga shok o'laroq ta'sir qildi. Mirziyoyev bunday qiyin holda tashabbus ko'rsatib, xalq va davlat uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga oldi. U Karimov usulida nomigagina bo'lsa ham saylov o'tkazib, davlat hokimiyatning barqarorligini va davomiyligini saqlab qoldi.

Shavkat Mirziyoyev davlat rahbarligining ilk qadamlaridan boshlab, O'rta Osiyo xalqlari va davlatlari bilan yaqin hamkorlik va birodarlik siyosatini amalga oshira boshladi. Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan yangicha, ya'ni ijobiy munosabatlar o'rnatila boshlandi.

Mirziyoyevning yana bir to'g'ri siyosati u hokimiyatga kelgandan keyin O'zbekistionda nisbatan bo'lsa ham oshkoralik, ya'ni so'z, fikr va matbuot erkinligiga yo'l berilganligidir.

Islom Karimov davrida xalq va davlat mol mulkini talon taroj qilgan Gulnora Karimova va MXXning eski generallaridan Shuhrat G'ulomovning fosh qilinishidir.

Mirziyoyevning birinchi va eng katta xatosi uning davlatni rivojlantirishning besh ustuvor yo'nalishini o'z ichiga olgan harakatlar strategiyasida, deyishimiz mumkin. Bu hujjat Karimov davridan qolib ketgan mavhum va umumiy ijtimoiy siyosiy qoidalardan iborat bir hujjatdir.

Mirziyoyev siyosatining ikkinchi xatosi iqtisodiy islohotlarning nojiddiy olib borilishidir. Bu masalada strategiya aniq bo'lishi kerak: Davlat mulkning 30% ga, ya'ni strategik qismiga egalik qilsin. 70% mulk esa ijara va xususiy mulk shakliga o'tsin.

Mirziyoyev siyosatining uchinchi xatosi jamiyat va davlat hayotida qonun va huquq ustunligiga yetarlicha e'tibor qaratilmasligidir. To'g'ri davlat rahbari mahkamalar, ya'ni sudlar va sudyalar hamda prokurorlar faoliyatini qattiq tanqid qildi. Ammo bu degani ularning faoliyati uchun yangi qonuniy va huquqiy normalar paydo qilindi, degani emas.

Mirziyoyev siyosatining to'rtinchi xatosi fuqaroviy jamiyat qurishni jadallashtiriga qaratilgan qadamlarning hozirgacha qo'yilmaganidir. So'z, fikr va matbuot erkinligi sohasida qattiq senzura hamon saqlanib qolmoqda.

Mirziyoyev siyosatining beshinchi xatosi siyosiy islohotlar tomon hech bir qadamning qo'yilmaganligidir".

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq