Lola Karimova-Tillayeva Oʻzbekistonning UNESCOdagi elchisi boʻlmaydi

Lola Karimova Image copyright Facebook/Lola Karimova-Tillyaeva

Marhum Prezident Islom Karimovning kichik qizi Lola-Karimova-Tillayeva UNESCOda Oʻzbekiston elchisi lavozimidan ketishini maʼlum qildi. Ushbu hodisa Karimovning vafotidan bir yil oʻtib sodir boʻlmoqda.

Reuters agentligining xabar berishicha, Lola Karimova-Tillayeva bu haqda Oʻzbekistonning madaniy va ilmiy merosiga bagʻishlangan konferentsiyada maʼlum qilgan.

"Yaqin kelajakda elchi sifatida faoliyat yuritmaslikni, balki eʼtiborimni oilamga, "Islom Karimov" jamgʻarmasi loyihalariga hamda boshqa xayriya, madaniy loyihalarga qaratishni rejalamoqdaman", - degan u.

Lola Karimova-Tillayeva 2008 yildan buyon Oʻzbekistonning UNESCOdagi doimiy elchisi boʻlib xizmat qilib keladi.

Islom Karimov vafot etganiga 2 sentyabrda bir yil boʻladi. Lola Karimova-Tillayeva otasining sogʻligʻi borasida rasmiy matbuot toʻliq axborot bermagan bir mahalda jamoatchilikka oʻzining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari orqali xabar berib turgan edi.

Islom Karimovning toʻngʻich qizi Gulnora Karimova esa Oʻzbekistonda turli tovlamachilik va soliqdan qochish ayblari bilan 2015 yili 5 yil ozodlikdan cheklash bilan jazolangan.

2013 yil sentyabrda BBC Oʻzbek xizmatiga bergan intervyusida Lola Karimova-Tillayeva opasi Gulnora Karimova bilan 12 yildan beri gaplashmasligini maʼlum qilgan.

Keyinchalik u opasini mahkamaga tortish bilan tahdid qilgan edi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq