Oʻzbekiston: Karimovsiz oʻtgan 1 yil

Islom Karimov Image copyright TASS
Image caption Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov hokimiyat tepasida 27 yil oʻtirgan

27 avgust, 2016 yili Internet ijtimoiy tarmoqlarida 78 yoshli Prezident Islom Karimov insult boʻlgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlarga har doimgidek hukumat tomonidan vaqtida rasmiy izoh berilmadi.

Biroq 2 sentyabr kuni chop qilingan Islom Karimovning vafoti va tibbiy xulosasida "Bemor I.A.Karimov, 78 yoshda, 27 avgust kuni ertalab soat 09.00 da hushsiz holatda zudlik bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Tibbiyot-sanitariya birlashmasining Markaziy klinik shifoxonasiga olib kelindi", deyiladi.

28 avgust, 2016 yil - Mahalliy vaqt bilan soat 15:42 da OʻzAda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining axboroti chop qilindi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov statsionar davolanishda ekanini maʼlum qilingandi. "Mutaxassislarning fikriga koʻra, toʻliq tibbiy koʻrik talab etiladi", deyildi xabarda.

28 avgust, 2016 yil - Mustaqillik bayrami munosabati bilan Oʻzbekistonda dam olish kuni 2 sentyabrga koʻchirilib, 4 sentyabr, yakshanba ish kuni deb eʼlon qilingan. Bu haqdagi qarorni Prezident Islom Karimov 26 avgust kuni imzolagani xabar berilgan.

29 avgust, 2016 yil - Jamoatchilikka Prezident Islom Karimovning miyasiga qon quyilgani haqidagi xabar uning qizi Lola Karimova-Tillayevaning Facebook va Instagram sahifalarida chop qilindi.

29 avgust, 2016 yil - Shu kuni kechga borib mustaqil Fergananews agentligi janob Karimovning vafot etgani haqidagi ilk xabarini tarqatdi. Xabarda Karimovning Toshkent vaqti bilan 15.00 bilan 16.00 oʻrtasida hayotdan koʻz yumgani aytilgandi.

Ammo bu xabar prezident maʼmuriyatidagi nomi tilga olinmagan manba tomonidan rad etildi.

31 avgust, 2016 yil - Rasmiy matbuot sukut saqlayotgan bir mahalda Lola Karimova-Tillayeva oʻzining Instagram dagi sahifasida otasi shifo topayotganini maʼlum qildi.

"Ushbu nihoyatda samimiy va dildan chiqqan tilaklar va soʻzlar otamning shifo topishlarida yordam bermoqda deb ishonaman", - degan u.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Islom Karimov ahvoli: Tojikistondan nazar

31 avgust, 2016 yil - Oʻzbekiston davlat televideniyesining "Axborot" dasturida Prezident Islom Karimovning mustaqillikning 25 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga tabrigi boshlovchi tomonidan oʻqib eshittirildi.

Toshkentdagi Mustaqillik va ezgulik monumentiga gul qoʻyilgani haqidagi lavhada esa Oʻzbekiston hukumatining rahbarlari koʻrinmadi.

31 avgust, 2016 yil - Mustaqillik tarixida ilk marta Oʻzbekistonda bayram tantanalari bekor qilindi. Odatga aylangan mushakbozlikning ham bekor qilinganini Toshkent shahar hokimiyati bir guruh nuroniy otaxon va onaxonlarning iltimosi bilan izohladi.

1 sentyabr, 2016 yil - Oʻzbekiston shahar va tumanlarida odatdagidek oʻtkaziladigan kontsert bu yil boʻlmadi. Ammo Toshkent shahar koʻchalarida odamlarning sayl qilib yurganini kuzatish mumkin edi.

1 sentyabr, 2016 yil - Prezident tugʻilib oʻsgan Samarqandda qandaydir muhim tadbirga tayyorgarliklar boshlangan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda Shohi Zinda majmuasi oldidagi qabristonda texnika yordamida ishlar olib borilayotganini koʻrish mumkin edi. Odamlar Islom Karimovning qabri tayyorlanayotganini maʼlum qilgan. Biroq rasmiylar bu borada yana sukut saqlashgan.

2 sentyabr, 2016 yil - Ertalab Oʻzbekiston hukumati 78 yoshli Prezident Islom Karimovning ahvoli oʻta ogʻir, deb xabar tarqatdi.

"Chuqur qaygʻu bilan shuni maʼlum qilamizki, oʻtgan sutkada Prezidentimizning sogʻligʻi birdaniga yomonlashdi va shifokorlar vaziyatni oʻta ogʻir deb baholamoqda", - deyiladi davlat nazoratidagi ommaviy axborot vositalari tarqatgan xabarda.

2 sentyabr, 2016 yil - Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimov olamdan oʻtganini bildirdi. Oʻzbekistondagi rasmiy manbalar prezidentning oʻlimi haqidagi xabarni tasdiqlaganlari yoʻq.

2 sentyabr, 2016 yil - Mahalliy vaqt bilan 21:45 atrofida "Oʻzbekiston" televideniyesi Prezident Islom Karimov 78 yoshida olamdan oʻtganini maʼlum qildi. Prezidenting kichik qizi Lola Karimova ham oʻzining Instagramdagi sahifasida otasining vafoti haqida yozib qoldirgan.

3 sentyabr, 2016 yil - Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov Samarqandda Hazrati Hizr qabristoniga dafn etildi.

Karimovning Samarqanddagi dafn marosimiga faqat 17 davlatdan vakil qatnashdi. Hatto qoʻshni mamlakatlardan baʼzi prezidentlar Bosh vazirlarini yuborishdi.

3 setyabr, 2016 yil - Maktablarda oʻquv yili Islom Karimov xotirasi bilan boshlanishi maʼlum qilindi. Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmatiga koʻra, Oʻzbekistondagi barcha umumtaʼlim maktablarida oʻquv yili mamlakatning Birinchi Prezidenti Islom Karimovga bagʻishlangan Xotira darslari bilan boshlanadi.

6 sentyabr, 2016 yil - Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi. Unda mamlakat ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

6 sentyabr, 2016 yil - Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Islom Karimov qabriga gul qoʻydi. Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabriga gul qoʻydilar va uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

Image copyright Reuters

8 sentyabr, 2016 yil - Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning muvaqqat prezidenti etib tayinlandi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning muvaqqat prezidenti etib tayinlandi

12 sentyabr, 2016 yil - Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida 12 sentyabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

19 sentyabr, 2016 yil - Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 71-sessiyasi majlisi Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovni yod etish marosimi bilan boshlandi.

21 sentyabr, 2016 yil - Muvaqqat Prezident Shavkat Mirziyoyev va yana uch nomzod 4 dekabrda boʻlib oʻtadigan Prezidentlik sayloviga hujjat topshirdi.

6 oktyabr, 2016 yil - Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida 6 oktyabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

7 oktyabr, 2016 yil - Toshkent shahar, Yashnobod tumanining Fargʻona yoʻli koʻchasida joylashgan jome masjidga "Islom ota jome masjidi" deb nom berildi.

Oktyabr, 2016 yil - Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tuzildi

31 oktyabr, 2016 yil - Moskva hokimligi xiyobonni Islom Karimov nomi bilan atashga qaror qildi.

2 dekabr, 2016 yil - Mirziyoyevning "Buyuk davlat va siyosat arbobi, Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish boʻyicha xalqaro ijodiy tanlovni tashkil etish toʻgʻrisida"gi qarori qabul qilindi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi markaziy koʻchalarga (mahalliy davlat hokimiyati organlari takliflari asosida) Islom Karimov nomini berish koʻrsatildi.

4 dekabr, 2016 yil - Oʻzbekistonda prezident saylovi "boʻlib oʻtdi". Saylov ilk bor Islom Karimovsiz oʻtgan.

5 dekabr, 2016 yil - Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Prezidenti etib saylandi. Markaziy Saylov Komissiyasining maʼlum qilishicha, yakshanba kungi saylovlarda Shavkat Mirziyoyev 88,61 foiz ovoz bilan Oʻzbekiston Prezidenti etib saylangan.

25 yanvar, 2017 yil - "Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish toʻgʻrisida"gi qaror imzolandi.

quyidagi muassasa va obʼektlarga:

Toshkent davlat texnika universitetiga;

Asaka shahridagi avtomobil zavodiga;

Fargʻona shahridagi Sanʼat saroyiga;

Toshkent xalqaro aeroportiga; Islom Karimov nomi beriladi.

30 yanvar, 2017 yil - Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar - Birinchi Prezident Islom Karimov tavalludi kuni munosabati bilan Samarqandga tashrif buyurdi. Birinchi Prezident Islom Karimov tavalludi sanasi - 30 yanvar kuni poytaxt Toshkentda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda ehson oshi berildi.

30 yanvar, 2017 yil - Birinchi Prezident Islom Karimov tavallud sanasi munosabati bilan mamlakat boʻylab turli tadbirlar boʻlib oʻtdi.

4 mart, 2017 yil - Mirziyoyev Karimov nomini abadiylashtirish rejasini eʼlon qildi. Rejaga muvofiq, Toshkentdagi Oqsaroy qarorgohi Islom Karimov nomidagi fond va yodgorlik majmuasiga aylantiriladi, Samarqandda maqbara va Toshkent hamda Qarshi shaharlarida marhum prezidentning haykallari qad koʻtaradi.

14 aprel, 2017 yil - Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifini Birinchi Prezident Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdan boshladi. Islom Karimov ruhiga Qurʼon tilovat qilindi.

4 may, 2017 yil - Toshkent shahridagi xalqaro aeroportga Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomini berish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori chiqdi.

15 may, 2017 - Islom Karimov asarlari bilimdoni aniqlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan umumtaʼlim maktablarining 9-sinf oʻquvchilari oʻrtasida tashkil etilgan "Islom Karimov asarlari bilimdoni" koʻrik-tanlovining mamlakat bosqichi yakunlandi.

29 iyun, 2017 - Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori chiqdi.

10 iyul, 2017 yil - "Islom Karimov xotirasiga bagʻishlangan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola" koʻrik-tanlovi oʻtkazilishi haqida xabar berildi. Koʻrik-tanlovga 2016-2017 yillarda respublika hamda xorij gazeta va jurnallarida chop etilgan, internet nashrlarida berilgan materiallar 2017 yilning 31 dekabrigacha qabul qilinadi. Gʻolibga qariyb 15 million soʻm beriladi.

30 iyul, 2017 yil - "Tahlilnoma" Karimovning valyuta siyosatini keskin tanqid qildi. Yakshanba kuni efirga uzatilgan "Tahlilnoma" koʻrsatuvi Prezident Mirziyoyevning 8 oylik faoliyati tahlil qilingan. Mirziyoyev tomonidan olib borilgan islohotlarni maqtagan boshlovchi Prezident Karimov davridagi valyuta siyosatini keskin tanqid qilgan.

15 avgust, 2017 yil - Toshkentda Islom Karimov hayotiga bagʻishlangan fotokoʻrgazma ochildi. Toshkent Fotosuratlar uyida 15 avgust kuni Oʻzbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan fotokoʻrgazma hamda uning portretini yaratish boʻyicha ijodiy tanlov natijalariga bagʻishlangan badiiy koʻrgazma ochildi.

16 avgust, 2017 yil - Islom Karimov nomidagi "Toshkent" xalqaro aeroportida mukammal taʼmirlash ishlari oʻtkazilganidan soʻng 1-raqamli uchish-qoʻnish yoʻlagi foydalanishga topshirildi.

16 avgust, 2017 yil - Toshkentda Islom Karimov haykali oʻrnatildi. Toshkentdagi haykal Islom Karimov faoliyat olib borgan asosiy ish qarorgohi - Oqsaroy oldiga oʻrnatildi. Samarqandning sobiq Yoʻlbarslar xiyobonida Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali qad rostladi.

18 avgust, 2017 yil - Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportda yangi yoʻlovchi terminali (Toshkent-4)ni ishga tushirish loyihasi yangilanadi.

27 avgust, 2017 yil - Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifini Hazrati Xizr majmuasidagi mamlakat birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdan boshladi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq