Iroqning Tal Afarida oʻzbekistonliklar "izi"

Iroq Image copyright Getty Images

Mintaqadan olinayotgan xabarlarga koʻra, Tal Afarda Markaziy Osiyo fuqarolariga oid yuzlab hujjatlar topilgan.

Ayon boʻlishicha, bu hujjatlar Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston fuqarolariga tegishli boʻlgan.

Ular shaharni IShID jangarilaridan tozalash amaliyotlari chogʻida qoʻlga kiritilgan.

Bu haqda Eron va Rossiyaning ayrim axborot agentliklari Iroqdagi oʻz manbalariga tayanib, xabar tarqatishgan.

Tal Afardagi bugungi vaziyat - nazardan qochirmang.

Tal Afar Yaqin Sharqdagi IShID guruhining Iroqdagi eng muhim tayanch nuqtalaridan biri sifatida koʻrilgan.

Shahar bir necha kunlik qaqshatqich janglar ortidan, 27 avgust kuni IShID jangarilaridan butkul tozalangani xabar berilgan.

Markaziy Osiyo fuqarolariga oid yuzlab hujjatlarga Iroq qoʻshinlari toʻqnash kelishgan.

Ular bu hujjatlarni IShIDning shahardagi bosh qarorgohidan topishgan.

Eronning "MEHR" axborot agentligi xabarida yozilishicha, hujjatlarda bu fuqarolarning IShIDga qachon qoʻshilishgani, Afgʻoniston, Suriya va Iroqda kechgan janglardagi ishtiroklariga oid maʼlumotlar oʻrin olgan.

BBC hozircha bu xabarlarni mustaqil manbalardan tasdiqlashga imkonli boʻlmagan.

Ammo Eron axborot agentligining Iroq Qurolli kuchlari shtabiga tayanib yozishicha, bu hujjatlar endi oʻrganib chiqishi uchun mamlakat josuslik xizmatiga yuboriladi.

IShID va Markaziy osiyoliklar

Suriya chegarasiga yaqin joylashgan Tal Afar IShIDning Yaqin Sharqdagi eng soʻnggi istehkomlaridan biri edi.

Iroq Qurolli kuchlari uzoq davom etgan harbiy amaliyotlari ortidan, oʻtgan oy IShIDni eng asosiy tayanch nuqtasidan mosuvo etishgan, ularni Mosuldan siqib chiqarishgandi.

Mosul esa, IShIDga Yaqin Sharqdagi islomiy xalifatining poytaxti ham boʻlib xizmat qilgan.

Harbiy amaliyotlar chogʻida esa, ayrim iroqlik generallarning oʻzlariga qarshi qaqshatqich jang qilayotganlar orasida oʻzbeklar va uygʻurlar ham borligini daʼvo qilgan xabarlar olingan.

Ammo bu xabarlarni ham mustaqil manbalardan tasdiqlashning imkoni boʻlmagandi.

Soʻnggi voqealarning barchasi iroqlik masʼullarning IShID deyarli mavh etib boʻlingani, guruh Yaqin Sharqda asos solgan islomiy xalifati barham topganiga oid rasmiy bayonotlari manzarasida yangramoqda.

Ustiga ustak, guruh lideri Abu Bakr al-Bagʻdodiyning taqdiri hanuz nomaʼlum qolayotgan, Rossiya uni oʻz havo hujumlarida oʻldirganligini daʼvo qilayotgan bir vaziyatda kuzatilmoqda.

Oʻtgan uch yil davomida IShID saflarida Markaziy Osiyo va rossiyaliklari ham doxil oʻn minglab xorijiy jangarilarning jang qilganliklari ishoniladi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa, qisman Yaqin Sharqda jang qilayotgan sobiq Shoʻro fuqarolari sabab, Suriyadagi havo hujumlariga qoʻl urishganini ham rasman bayon qilgan.

Dunyoning koʻplab davlatlari qatorida Qirgʻiziston, Tojikiston va Rossiyada ham IShID ning faoliyati rasman taqiqlangan, "terrorchi tashkilot", deb eʼlon qilingan.

Oʻtgan yaqin yillar ichida Iroq va Suriyada ham yerdan va ham havodan borayotgan harbiy amaliyotlar ortidan, ayrim manbalarda minglab ekani aytilgan bu jangarilarning taqdiri nima boʻlgani, ulardan qanchasi qurbon boʻlib, yaralangani va qolganlarining hozir aynan qayerdan panoh topganliklariga oid mufassal maʼlumotlar imkonli emas.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq