Boks, JCh-2017: "Hozirgi kunda oʻzbekning tengi yoʻq, desak adashmaymiz"

Abdullayev Image copyright KUN.UZ

Oʻzbekistonlik sobiq jahon va mamlakat tarixidagi birinchi Olimpiada chempioni Muhammadqodir Abdullayev qoʻlqopdoshlarining bu yilgi jahon chempionatidagi imkoniyatlariga xuddi ana shunday baho berdi.

Germaniyaning Gamburg shahridagi birinchilikning beshinchi kuniga kelib, jaʼmi 10 nafar oʻzbekistonlik bokschidan toʻqqiztasi chorak finalga chiqib boʻlishdi.

Ular bu yilgi jahon chempionatiga toʻliq tarkibda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritishgan va Oʻzbekistonni barcha vazn toifalarida namoyon etishayotgandi.

"Biz hech kimni raqib koʻrmayapmiz. Lekin butun dunyo bizni raqib sifatida koʻrayapti, desak adashmaymiz", - deydi Muhammadqodir Abdullayev BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida.

Eslatib oʻtish joiz, Oʻzbekiston bu yilgi jahon chempionatiga umumjamoa hisobida soʻnggi Rio Yozgi Olimpiada Oʻyinlari va Osiyo chempionati gʻolibi sifatida tashrif buyurgan.

Jahon chempionligi uchun kurash olib borayotgan aksariyat oʻzbekistonlik bokschilarning aksariyati ham jahon va qitʼa miqyosidagi yirik xalqaro musobaqalar gʻoliblari hamda sovrindorlari sanalishadi.

Muhammadqodir Abdullayev bilan suhbatimizni nazardan qochirmang.

Ularning orasida AIBA tasnifida amaldagi jahonning eng kuchli erkak bokschisi, qator nufuzli xalqaro mukofotlar sohibi Hasanboy Doʻsmatov ham bor.

"Hozir hamma jihatdan koʻngil toʻq. Ular bir emas, ikki, uch bor oʻzlarining kuchlarini koʻrsatishdi. Rio Olimpiadasi, Osiyo chempionatida nihoyatda yaxshi janglar oʻtkazishdi. Oʻylaymizki, bu jahon chempionatida ham biror bir muammo boʻlmaydi. Butun dunyo bizga qarshi chiqadi, lekin biz bunga tayyormiz va bolalar ham bunga tayyor", - deydi nomdor suhbatdoshimiz.

Boks boʻyicha bu yilgi jahon chempionati 25 avgust kuni start olgan va 10 ta yangi jahon chempionining nomi 3 sentyabr kuniga qadar maʼlum boʻladi.

Joriy paytda Hasanboy Doʻsmatov, Jasurbek Latipov, Elnur Abduraimov, Iqboljon Xoldorov, Shahram Gʻiyosov, Isroil Madrimov, Bektemir Meliqoʻziyev, Sanjar Tursunov va Bahodir Jalolovlar birinchilikning yarim finaliga chiqish uchun jang olib borish huquqini saqlab turgan boksilar boʻlishadi.

Chorak final janglarining oʻzi esa, bugun - 29 avgust kuni boshlanadi.

Bu yilgi jahon chempionatida jahonning yuzga yaqin davlatidan 280 nafar bokschi sovrinli oʻrinlar uchun kurash olib borishmoqda.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq