"Ijtimoiy fikr": "Poraxoʻrlik, adolatsizlik avj olgan boʻlsa ham Karimov davri yaxshi edi...mi?"

Karimov

Islom Karimov davrida prezident va uning hukumati siyosatini tinmay "yoqlab" beradigan "Ijtimoiy fikr" markazi yana bir soʻrov natijalarini eʼlon qilgan.

Bu soʻrov natijalariga koʻra, marhum prezident Islom Karimovning deyarli barcha amallari barcha oʻzbekistonliklar tomonidan maʼqullangan.

Hamma savollar boʻyicha javoblar ijobiy va toʻqson foizning tepasidan pastga tushmagan.

BBC Uzbek YouTube

Soʻralganlardan mutlaq koʻpchiligi - 98,8 foizi Islom Karimovni mustaqil Oʻzbekiston asoschisi, deb hisoblar ekan.

96,5 foiz soʻralganlar fikricha, Islom Abdugʻaniyevich "Mamlakat hayotining barcha sohasidagi oʻzgarishlarning bosh islohotchisi va gʻoyaviy ilhomchisi" edi.

Xalqning iqtisodiy ahvoli boʻyicha urush koʻrgan qoʻshni Tojikiston darajasiga teng va ayrim holatlarda past boʻlgan, ommaga oshkor etilmaydigan koʻrsatkichlarga ega Oʻzbekiston "Ijtimoiy fikr" markazidagilarning ishonishicha, aynan "Islom Karimov rahbarligida Markaziy Osiyodagi asosiy davlat sifatida mustahkam qaror topdi".

Qoʻshni davlatda elektr taʼminoti hatto qishloqlarda ham deyarli uzluksiz berilayotgani, Oʻzbekiston boʻylab barmoq bilan sanoqli bankomatlar kuni kecha ishga tushgan holda Dushanbedan tortib Xoʻjandga qadar bu soʻnggi 10 -15 yil ichida oddiy koʻrinishga aylangani zikr qilinmaydi.

Soʻrovnomada "Zamonamizning buyuk davlat arbobi Islom Abdugʻaniyevich Karimov tomonidan ilgari surilgan qaysi fikrlar, gʻoyalar hamda tashabbuslar, Oʻzbekistonni yangilash, rivojlantirish va gullab-yashnatishga qaratilgan qaysi siyosiy qarorlar, sizning fikringizcha, eng muhim hisoblanadi?" degan osmonoʻpar savolga aksariyat, raqamda 93,4 foiz ishtirokchi "Oʻzbek modeli" deb javob berdi.

"Oʻzbek modeli" va korruptsiya

Image copyright Tass

Shu yil iyun oyida "Ijtimoiy fikr" oʻtkazgan soʻrov ishtirokchilarining qariyb 57 foizi Oʻzbekistonda korruptsiya borligini taʼkidlagan edi.

"Ijtimoiy fikr" respondentlari asosan hayotdan va davlat olib borayotgan siyosatdan mamnunligini "izhor qilib kelgan".

Soʻrovda qancha odam ishtirok etgani maʼlum emas. Soʻrov oʻtkazilgani haqida "Xalq soʻzi" gazetasi xabar bergan.

"Respondentlarning yarmidan koʻpi (56,8 foiz) jamiyatimizda korruptsiya bor, deb hisoblaydi. Bu haqda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlari aholisi koʻproq qayd etgan. Soʻrov shuni koʻrsatdiki, shahar aholisi qishloq odamlariga qaraganda jamiyatda korruptsiya mavjudligini koʻproq taʼkidlagan", - deyiladi xabarda.

Respondentlarning 37,6 foizi tomonidan sogʻliqni saqlash korruptsiya eng koʻp kirib borgan soha sifatida koʻrsatib oʻtilgan. Undan keyin taʼlim sohasi egallagan.

Soʻrovda ishtirok etganlarning har toʻrtinchisi ayrim huquq-tartibot organlari korruptsiyalashgan, degan fikrni bildirgan. Bandlik, ijtimoiy taʼminot, kommunal xizmat, bank, soliq va bojxona idoralari, hokimliklar hamda boshqalar faoliyatida ham korruptsiya uchrashi bildirilgan.

Xabarda aytilishicha, tadqiqot davomida fuqarolarning mansabdor shaxslarni oʻz mavqeidan shaxsiy manfaati uchun foydalanishga undaydigan va korruptsiya huquqbuzarligini amalga oshirish sabablariga nisbatan fikri ayon boʻlgan.

"Ijtimoiy fikr" oʻshanda soʻrovnomada ishtirok etganlar aslida Islom Karimov davrida shakllantirilgan korruptsiyaga nisbatan munosabat bildirishganini ochiqlamagan edi.

"Ijtimoiy fikr", toshkentlik jurnalistga koʻra, "hech qachon oʻz soʻrovlari bilan jurnalistlar, hatto mahalliy jurnalistlar orasida ham obroʻli sanalmagan. Ammo tepadan yozasan, maqtaysan deyishgan, pastda buyruq bajarilgan. Yoʻqsa, bu soʻnggi ikki soʻrov bir-biriga mutlaqo teskari. Karimov oʻlimiga bir yil toʻlishi bilan "Ijtimoiy fikr" berayotgan "fikr", demak, "adolatsizlik bor edi, poraxoʻrlik avjiga chiqqandi, lekin baribir Karimov yaxshi edi" qabilida boʻlmoqda. Qani mantiq?"

Sizningcha, "Oʻzbek modeli" ish berdimi?

Agar ish bergan boʻlsa, unda nima uchun Islom Karimov olamdan oʻtgach prezident Mirziyoyev uzoq yillar mobaynida davlat xalq haqida qaygʻurmaganini tan olgan, qiyinchiliklarga bardosh bergani, chidagani uchun rahbarlar xalqqa bosh egib taʼzim qilishi lozim, deb aytdi?

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq