Prezident Mirziyoyev yana Qurolli Kuchlarga eʼtibor qaratdi

Shavkat Mirziyoyev Image copyright official

Oʻzbekiston yangi rahbari yana bir bor mamlakat armiyasini zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan lozim darajada taʼminlash masalasiga eʼtibor qaratgan. Buning ne sabab muhimligiga alohida toʻxtalib oʻtgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning taʼkidlashicha, "armiyaning harbiy tayyorgarlik darajasi, mamlakatga tahdid solishi mumkin boʻlgan har qanday xavfga qarshi tura olish imkoniyati bevosita xuddi shu narsaga bogʻliq"dir.

Uning bu soʻzlari Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar va bu yoʻnalishda bajarilayotgan dolzarb vazifalar natijalariga bagʻishlangan dushanba kungi videoselektor chogʻida yangragan.

Tanqidlar

Oʻzbekiston prezidentining ayni mavzudagi chiqishi ham tanqidlardan xoli boʻlmagan.

Shavkat Mirziyoyevga koʻra, bu soha faoliyatida "izchillik, batartib yondashuv yetishmaydi, aksariyat vazifalar shu holicha hal qilib ketilaveradi".

Bu - Oʻzbekiston yangi prezidentining oʻzi rasman qudratga kelgan oʻtgan sakkiz oydan ortiqroq vaqt ichida mamlakat Qurolli Kuchlari masalasiga ikkinchi bor xosan eʼtibor qaratishi boʻladi.

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari Bosh qoʻmondoni boʻlgan prezident Mirziyoyev bu haqda ilk bor shu yilning yanvar oyida chiqish qilgan.

"Zamonaviy, qudratli armiya - tinch-osoyishta hayotlari kafolati" ekanini aytgan.

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarini zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan taʼminlanganlik darajasini yanada oshirishga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab bergan.

Xuddi shu manzarada bergan aniq topshiriqlaridan yana biri Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari qudratini oshirish borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish borasida boʻlgan.

Oʻzbekiston prezidenti, bundan tashqari, mamlakat Qurolli Kuchlari tashkiliy tizimini bundan-da takomillashtirish va uning shaxsiy tarkibini yaxshilash masalasida ham soʻz yuritgan.

Ammo bu xususdagi rasmiy xabarda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarini yanada zamonaviylashtirish va qudratini oshirishga qaratilgan "aniq vazifa" va "aniq topshiriqlar" tafsilotlari ochiqlanmagan.

Oliy Bosh qoʻmondon bularning barchasi haqida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi rahbariyati bilan Toshkent Oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurtida oʻtkazgan yigʻilishi chogʻida bayon qilgandi.

Sabab?..

Yana deyarli xuddi shu mazmundagi soʻzlar yangragan Samarqanddagi maxsus videoselektorda qilgan chiqishidan avval esa, Oʻzbekiston prezidenti Janubiy-gʻarbiy maxsus harbiy boʻlinmaning "Kattaqoʻrgʻon" poligoniga borgan.

U yerda boʻlinmalarning qoʻshma operativ-taktik mashqlarini kuzatgan, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi qoʻllayotgan harbiy texnika va qurol-yarogʻlar bilan tanishgani ham xabar berilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqandga soʻnggi tashrifi chogʻida nega bu poligonga borgani, buning ortidan barcha masʼul idoralar rahbarlari, hukumat mulozimlari, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari bilan videoselektor yigʻin uyushtirgani sababi maʼlum emas.

Ammo bularning barchasi Oʻzbekistonning janubiy qoʻshnisi Afgʻonistonda xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat jiddiy izdan chiqib borayotgan bir paytga toʻgʻri kelmoqda.

Yaqinda Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti, general Abdulrashid Doʻstum ham mamlakatning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalarining xavfsizligi yuzasidan oʻzining jiddiy xavotirlarini izhor etgan.

Yaqin Sharqdagi IShID guruhi Markaziy Osiyo davlatlarini koʻzda tutib, bu yerlarga oʻn mingga yaqin jangarisini sizdirish harakatida ekani bilan ogohlantirgan.

Shundoqqina biqinlarida toliblar qatorida IShID jangarilarining ham faollashib borayotganiga oid xabarlar esa, oʻtgan uch yil ichida Oʻzbekiston doxil barcha Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya va Xitoyning jiddiy xavotirlariga sabab boʻlib keladi.

Soʻnggi yillarda AQSh bilan oʻzaro aloqalariga jiddiy putur yetgan Rossiya esa, allaqachon Afgʻonistonda faollashish "harakatiga tushib qolgan".

Rasman rad etib kelayotgan esa-da, Afgʻoniston Tolibon harakati bilan yaqinlashishga urinayotganiga oid xabarlar olinmoqda.

Rossiya, bundan tashqari, afgʻon mojarosiga tinchlik yoʻli bilan yechim topish uchun yangi diplomatik vositachi sifatida ham oʻrtaga chiqqan.

Mintaqaning barcha yirik oʻyinchi davlatlari ishtirokidagi tinchlik muzokaralariga ham mezbonlik qilib ulgurgan, ammo AQSh ularda ishtirok etishdan bosh tortgandi.

Rossiya, AQSh va Afgʻoniston

Kuni-kecha prezident Donald Tramp boshchiligi ostidagi yangi AQSh maʼmuriyati esa, oʻzining Afgʻonistonga oid uzoq kutilgan yangi strategiyasini eʼlon qilgan.

Askarlari Afgʻonistonda qolaverishi, u yerda oʻzlarining harbiy ishtiroklari kuchayishini bayon qilgan va buni Afgʻoniston hukumati xush qarshilagandi.

Afgʻonistonda AQSh harbiylarining hozirligi esa, ayniqsa, soʻnggi yillarda Rossiya va Tolibon harakatining "jigʻiga teguvchi" mavzulardan biriga aylangan.

Har ikkovlon ham, oylarki, Amerikani Afgʻonistondan oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketishga daʼvat etib kelishayotgandi.

AQSh yangi maʼmuriyati esa, undan sal avval Ukraina va Suriya mojarosida tutgan oʻrni sabab, Rossiyaga qarshi qoʻshimcha sanktsiyalar joriy etishga qaror qilgan.

Navbatdagi kutilmagan sanktsiyalar AQSh va Rossiya oʻrtasidagi shundoq ham izdan chiqib boʻlgan aloqalarni "bu yaqin tarixda kuzatilmagan" darajaga keltirib qoʻygan.

Mavjud vaziyat Afgʻonistonning bu ikki qudrat orasida navbatdagi "proksi urushi" maydoniga aylanishiga oid soʻnggi yillarda paydo boʻlgan xavotirlarni qayta kuchaytirgan.

Afgʻonistonga bevosita chegaradosh boʻlgan Oʻzbekiston rahbariyati esa, shu paytga qadar afgʻon mojarosiga tinch yoʻl bilan yechim topilishiga tarafdorlik qilib kelgan.

Shavkat Mirziyoyev Afgʻonistonga oid oʻzining ilk rasmiy bayonotini hali muvaqqat prezident ekan, oʻtgan yil oktyabr oyida qilgan.

Afgʻoniston bilan har tomonlama hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash tarafdori ekanliklarini bildirgandi.

Ammo Shavkat Mirziyoyev oʻshanda Surxondaryoga qilgan tashrifi chogʻida Oʻzbekistonning janubiy sarhadlaridagi chegara postlaridan birini koʻzdan kechirishni ham unutmagan.

Muvaqqat prezident va Bosh vazirning davlat chegaralarini mustahkamlash chora-tadbirlarini ham muhokama qilgani xabar berilgan.

Rossiya va harbiy hamkorlik

Prezident Mirziyoyevning Moskvaga tashrifidan qisqa vaqt oʻtmay, shu yil aprel oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Oʻzbekiston bilan bilan harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi shartnomani ratifikatsiya qilganiga oid xabarlar olingan.

Shartnomaning maqsadi harbiy-texnikaviy sohadagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan iboratligi aytilgan.

Yangi shartnomaga koʻra, tomonlar Rossiya va Oʻzbekistonda harbiy xavfsizlikni taʼminlash, oʻz Qurolli Kuchlarining harbiy salohiyatini mustahkamlash, harbiy kadrlar tayyorlash, harbiy-texnik hamkorlik boʻyicha qoʻshma tadbirlarni amalga oshirishlari mumkin boʻladi.

Shuningdek, bitim doirasida taraflar bir-birlariga harbiy maqsadlardagi mahsulotlar - qurol-yarogʻ, harbiy texnika, ishlar, xizmatlar va boshqalarni yetkazib berishlari mumkinligi haqida ham soʻz boradi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa, 29 mart kuni "Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida"gi qonunni imzolagani xabar qilingandi.

globalfirepower.com web-sayti oʻtgan yil may oyida dunyo mamlakatlarining jangovor qobiliyatini namoyish etadigan navbatdagi Global Firepower Index reytingini eʼlon qilgan va unda 126 mamlakat orasida Oʻzbekiston armiyasini 48-oʻringa joylashtirgandi.

Bu reytingda jahonning eng qudratli armiyasi deb AQSh harbiylari topilgan.

Ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni esa, Rossiya va Xitoy armiyalari egallashgandi.

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning muvaqqat prezidenti sifatida qilgan ilk chiqishlaridan birida esa, mamlakat Qurolli Kuchlari va huquq-tartibot organlarini bundan keyin ham har tomonlama mustahkamlab borishlarini taʼkidlagan.

"Mamlakat suvereniteti va mustaqilligiga xavf tugʻdiradigan ichki va tashqi kuchlarning har qanday harakatlari, har qanday urinishlariga qatʼiy va munosib zarba berilishi"ni aytgan.

Oʻzbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoyev qoʻshilmaslik siyosatini davom etdirishga vaʼda bergan.

Rasmiy Toshkent tashqi siyosatda marhum prezident Islom Karimov davrida qabul qilingan kontseptsiyaga sodiq qolishini taʼkidlagandi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq