Oʻzbekiston: Prezident matbuot kotibi va MTRK raisi ishdan ketgani xabar qilindi

Oʻzbekiston televideniyesi Image copyright Website

Oʻzbekistondagi qator internet nashrlarining oʻz manbalariga tayanib xabar berishlaricha, Asadjon Xoʻjayev va Bobur Alixonov bir kunda ishdan olingan.

Bu haqdagi yangilik internet olamida kecha kechga yaqin boʻy koʻrsatgan.

Ammo halicha ikkovlonning oʻz vazifalaridan chetlashtirilganliklariga oid rasmiy xabarlar yoʻq.

Bu xususda xabar bergan Oʻzbekistondagi koʻplab internet nashrlari esa, hukumatda va qator telekanallardagi manbalariga tayanayotganliklari haqida yozishgan.

Lekin deyarli hech bir xabarda ularning nega "ishdan boʻshatilganliklari yoki ketganliklari" sababi keltirilmagan.

Asadjon Xoʻjayev oʻtgan yil avgust oyida Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati rahbari etib tayinlangan.

Bu haqda xabar berarkan, podrobno.uz internet nashri 2016 yil 4 dekabr kungi Oʻzbekiston prezident saylovi ortidan, Asadjon Xoʻjayev tayinlangunga qadar ushbu lavozimning boʻsh (vakant) boʻlgani haqida yozgan.

Yangi matbuot xizmati rahbarining tayinlanishi uchun yana qancha vaqt ketishi nomaʼlum ekanini qoʻshimcha qilishni ham unutmagan.

Bobur Alixonov esa, qariyb bir oydan buyon Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi vazifasini bajarib kelgan.

Agar, xabarlar rost boʻlsa, bu - oʻtgan sakkiz oyning ichida uchinchi raisning oʻz vazifasidan chetlatilishi boʻladi.

Munosabat

Balki, xuddi shu bois ham, soʻnggi xabarlar internet olamida taajjub va tushunmovchilik bilan qarshi olingan.

Ijtimoiy muloqot tarmoqlarida oʻzbekistonlik aksariyat internet foydalanuvchilarining eʼtiborini tortgan, koʻproq kinoyaviy va hajv mazmunidagi izohlarga sabab boʻlgan.

Shu soatlarda bu xususda Asadjon Xoʻjayev va Bobur Alixonov oʻzlarining munosabatlari ham imkonli emas.

Ammo Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi rasmiy web sahifasining rahbariyat sahifasida raisning oʻrni boʻsh qolgani koʻringan.

Biroq Kun.uz nashrining oʻz manbalariga tayanib xabar berishicha, bu isteʼfolar oʻzaro bogʻliq.

"Ikki rahbar ham Samarqand shahrida boshlangan "Sharq taronalari" festivalining yoritilishida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tufayli ishdan olingan.

Tanqidlar

Ammo, eslatib oʻtish joiz, shu yilning 30 mart kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev maxsus videoselektorda televideniye faoliyatiga toʻxtalgan.

Yigʻin chogʻida televideniye faoliyati tanqid qilingan va tizimni oʻzgartirish kerakligi taʼkidlangan.

Bu sohada ahvol "eski hammom, eski tos" boʻlib qolayotgani aytilgan.

"Ura-urachilik zamoni oʻtdi. Televizorda tanqidiy va tahliliy materiallar berish kerak. Odam koʻrsatuvlarni sogʻinib kutishi kerak. "Axborot" koʻrsatuvini oʻzgartirishimiz kerak", - degandi prezident Mirziyoyev.

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va ayrim kanallari rahbariyatidagi ketma-ket oʻzgarishlar esa, prezidentning ana shu chiqishidan qisqa vaqt oʻtmay boʻy koʻrsatmoqda.

Bu kabi voqeʼlikka munosabat bildirgan ayrim jurnalistlar esa, balki televideniyeni davlat nazoratidan ozod etib, uni jamoat tizimiga aylantirishning vaqti yetgandir kabi fikrlarni ham izhor etishgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq