Endi prezident Mirziyoyev ham daromadi haqida hisob beradimi?

Islom Karimov Image copyright Getty Images

Oʻzbekiston mustaqilligi tarixida birinchi bor "Davlat xizmati" toʻgʻrisidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan.

Unda Oʻzbekistondagi davlat xizmatchilari, ular oila aʼzolarining daromad, xarajatlari va mol-mulklari yuzasidan har yil hisob berishlari shart etib qoʻyilgan.

Qonun loyihasida koʻzda tutilayotgan davlat xizmatchilari sirasidan faqat "kichik mutaxassislar" toifasidagilar istisno ekani aytilgan.

Ayrim toifadagi davlat xizmatchilari uchun esa, qoʻshimcha talablar belgilanishi, ular oila aʼzolari roʻyxati kengaytirilishi ehtimoli ham nazardan soqit etilmagan.

Ammo qoʻshimcha talablar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanishi taʼkidlangan.

Qonun loyihasi tafsilotlaridan maʼlum boʻlishicha, koʻzda tutilayotgan deklaratsiyani taqdim etmaslik yoki bu borada nomufassal va yanglish maʼlumotlar berish davlat xizmatchisining oʻz vazifasidan chetlatilishi uchun asos boʻlib xizmat qila oladi.

Hujjat, shuningdek, Oʻzbekiston prezidenti qoshida davlat xizmati ishlari boʻyicha masʼul davlat idorasi tuzilishini ham koʻzda tutadi.

Shunday ekan, bularning barchasi nimani anglatadi? - Nyu-Yorkdan ekspert Suhrob Ismoilov bahosida.

Bunaqasi boʻlmagan

Image copyright official

Bunaqasi mustaqil Oʻzbekiston tarixida kuzatilmagan, yaʼni chorak asrdan ortiqroq vaqt davomida mamlakatda prezident doxil davlat amaldorlarini oʻz daromadlari, xarajatlari va mol-mulklari yuzasidan hisob berishga masʼullovchi biror bir qonun amalda boʻlmagan.

Orada kechgan vaqt davomida internet fazosida buning shart ekaniga oid fikrlar oʻrtaga otilgan esa-da, oddiy oʻzbekistonliklar shu kunga qadar bu kabi maʼlumotlarga imkonsiz boʻlib kelishgan.

Ammo oʻtgan oy Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi marhum prezident Islom Karimovning toʻngʻich qizi Gulnora Karimova 2015 yilda firibgarlik, bojxona qonunlarini buzish, bizneslarni tortib olish kabi ayblovlar bilan besh yilga ozodlikdan cheklash jazosiga hukm etilganini maʼlum qilgan.

Bu yangilik oʻzbekzabon ijtimoiy muloqot tarmoq foydalanuvchilari orasida qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlgan.

Qoldirilgan fikrlarning aksariyatida Gulnora Karimovaning "keng koʻlamli jinoiy faoliyati va offshor hududlarda milliardlab pul oʻzlashtirgani" qoralangan.

Oʻzbekiston marhum prezidenti Islom Karimovning qancha maosh olishi esa, oshkor etilmagan.

Ammo bundan bir necha yil burun uning nabirasi, kichkina Islom Karimov Britaniyaning "Guardian" nashri bilan suhbatda bobosi oʻzi va singlisiga 100 dollardan pul berganini aytgan.

Nabirasi bobosi Islom Karimov oʻzining maoshlarini ish stolidagi konvertlarda saqlashini eʼtirof etgan.

"U stolidan bir konvertni olib, ichidan menga 100, singlimga 100 dollar olib berdi. U menga hayotingda hech narsadan qisilmasliging uchun beryapman, dedi va bu pulni bir urishda sarflamagin, deb aytdi. Agar barini sarflab yuborsang, bir oydan keyin yana kelarsan, dedi", deb aytgan kichkina Islom Karimov.

Munosabat

Image copyright courtesy

Nyu-Yorkdan asli oʻzbekistonlik ekspert Suhrob Ismoilovning BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha esa, hozir ochiq muhokamaga qoʻyilgan qonun loyihasi haqida birinchi marta hali 2005 yilda eshitgan.

Xuddi shu omilni nazarda tutarkan, suhbatdoshimiz, "meni hayron qoldirgan joyi - shu oy oxirida qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga kiritilib, qabul qilinishiga judayam qisqa vaqt berilayapti. Menimcha, bu yerda judayam shoshilib harakat qilinayapti", - deydi u.

"Hozir jamoatchilik muhokamasiga ikki haftagina qoʻyib berib turib, qanaqa bir joʻyali taklif olisha oladi, qanaqa bir amalda ishlaydigan takliflar, oʻzgartirishlar boʻyicha jamoatchilik fikrini yigʻa olishadi - mening bunga gumonim judayam katta", - deydi ekspert.

Uning aytishicha, bu kabi shoshqaloqlik soʻnggi yangilikdan koʻzlangan asosiy maqsad - siyosiy ochkolar yigʻib olish ekaniga dalolat qiladi.

"Qonun loyihasi amaldagi ijrosini esa, asta-sekinlik bilan bajarish koʻzda tutilayotganini anglatadi".

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq