Boks, JCh-2017: Hasanboy Doʻsmatov finalda

Hasanboy Doʻsmatov Image copyright Reuters

Rio Olimpiadasi gʻolibi, ikki karra Osiyo chempioni va AIBA tasnifida jahonning amaldagi eng kuchli bokschisi finalga yoʻllanma olgan oʻzbekistonlik birinchi bokschi boʻldi. Hali yana besh nafar oʻzbekistonlik bokschi oʻzlarining yarim final janglarini oʻtkazishadi.

Hasanboy Doʻsmatov kolumbiyalik raqibi Yuberxen Martinesni 5:0 hisobida magʻlub etdi va oʻziga birinchilikning kamida kumush medalini naqd qildi.

Bu - oʻzbekistonlik nomdor bokschining oʻz karьerasida birinchi bor jahon chempionligi uchun kurashi boʻladi.

Hasanboy Doʻsmatov endi jahon chempionligi uchun yakuniy - final jangida kubalik oʻziga yaxshi sinashta bokschi Yoannis Argilagosga qarshi ringga chiqadi.

Medallar taqdirini hal qiluvchi jangi arafasida otasi Maʼrufjon aka Hayitboyev chorak final janglari ortidan oʻgʻli qatorida yarim finalga chiqqan qolgan oʻzbekistonlik bokschilar bilan ham telefon orqali gaplashishga muvaffaq boʻlgani, "ular hammasining koʻngli toʻq ekani"ni aytgandi.

"Xudo xohlasa, hammasi oʻrin egallaydi, degan umiddaman", - degandi Maʼrufjon aka.

Andijondan Hasanboy Doʻsmatov otasi bilan BBC Oʻzbek Xizmati suhbatiga quloq tuting.

Germaniyaning Gamburg shahri mezbonlik qilayotgan bu yilgi jahon chempionatida Oʻzbekistonni jaʼmi 10 nafar bokschisi barcha vazn toifalarida namoyon etgan.

Ulardan 9 nafar chempionatning chorak finaliga chiqib, oʻziga xos rekord oʻrnatishgan, erishgan bu kabi yutuqlari bilan qolgan barcha ishtirokchi davlatlar vakillarini ortda qoldirib ketishgandi.

Bu bokschilardan oltitasi esa, yarim finalga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan va jahon chempionligi uchun kurashish huquqini saqlab qolishgan.

Bu yilgi jahon chempionatining oʻzbekistonlik bokschi yarim finalchilari esa, Hasanboy Doʻsmatov, Shahram Gʻiyosov, Iqboljon Xoldorov, Sanjar Tursunov, Jasurbek Latipov va Bektemir Meliqoʻziyevlar boʻlishadi.

Bu yilgi jahon chempionatining yarim final janglari 31 avgust va 1 sentyabr kunlari boʻlib oʻtadi.

10 nafar yangi jahon chempionlarining nomi 3 sentyabrga qolmay maʼlum boʻladi.

Oʻzbekiston esa, Rossiya va Qozogʻiston bilan birga Kuba (7 nafar) dan keyin yarim final janglarida eng koʻp sondagi bokschilari bilan ishtirok etayotgan uchta davlatdan biri boʻladi.

"Xudo xohlasa, Hasanboy ham umidlarimizni oqlaydi va jahon chempionatida birinchi oʻrinni oladi, degan umiddamiz", - deb qolgandi Maʼrufjon aka Hayitboyev suhbatimiz yakunida.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq