Nuqtai nazar: Oʻzbekiston prezidenti matbuot kotibi ishdan ketishi: Kim yutdiyu kimlar yutqazdi?

Asadjon Xoʻjayev Image copyright Gazeta.uz

29 avgust kuni Oʻzbekiston prezidenti davlat maslahatchisi oʻrinbosari — Prezident matbuot xizmati rahbari Asadjon Xoʻjayev lavozimidan ozod qilindi. Rahbar kadrlarni tez-tez almashtirib turish Shavkat Mirziyoyev boshqaruviga xos jihatlardan biri.

Ammo Prezident matbuot xizmati rahbarining Milliy teleradikompaniya raisi Bobir Alixanov bilan bir kunda ishdan olinishi Oʻzbekistonda soʻz erkinligi koʻpchilikda soʻz erkinligi borasida xavotir uygʻotishi turgan gap.

Xoʻsh, matbuot xizmati rahbari qaysi xatolari uchun ishdan olindi?

Asadjon Xoʻjayev, mahalliy jurnalistlarning aytishicha, uzoq yillik tanaffusdan soʻng oʻzbek ommaviy axborot vositalariga erkinlik havosini olib kirishga uringan Prezident voizlardan biri sanaladi. Bu nimalarda koʻrinadi?

Avvalambor, prezident matbuot kotibi Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini ochish tashabbusini ilgari surganlardan biri. Bugun Shavkat Mirziyoyevning Facebook dagi sahifasini 130 ming nafarga yaqin, Telegram dagi kanalini 40 ming nafarga yaqin, Twitter da 1200 dan ortiq, Instagram dagi sahifasini 19 mingga yaqin, YouTube dagi kanalini esa 2000 ga yaqin kishi kuzatib boradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yangilangan sayti esa ilgarigidek OʻzAda chiqqan materiallarni joylashtiradigan portal emas, balki farmon, qarorlar, tayinlovlar birinchi boʻlib joylashtiriladigan rasmiy manbaga aylandi. Mahalliy va xorijiy nashrlar toʻgʻridan-toʻgʻri Prezident saytiga havola qila boshladi.

Oʻzbekistonda rasmiy axborotlarni kuzatib boradiganlar yaxshi biladi. Ilgari mamlakatda Prezident qatnashgan tadbirlardan suratlar bitta yoki ikkita eʼlon qilinar, bori ham fotoshop qilinib, davlat rahbari husniga husn qoʻshilar edi. Mamlakatdagi rasmiy nashrlarda bir xil qolipdagi rasmlar eʼlon qilinar edi.

Prezidentning (hoh Islom Karimovning, hoh Shavkat Mirziyoyevning) tabiiy, ish jarayonida tushgan suratlari esa asosan xorijiy ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinar, mahalliy internet nashrlari ham asosan chet el agentliklari suratlaridan foydalanishar edi.

Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy tarmoqlarda faollashuvi bilan davlat rahbari suratlari hali OʻzAda eʼlon qilinmasdan, ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa, Facebookda faol berila boshlandi. Suratlar ayni paytda tabiiyligi, ortiqcha rasmiy holatlarsiz chiqa boshladi.

Maʼmuriyatga yaqin boʻlgan jurnalistga koʻra, ayni jarayonda Asadjon Xoʻjayev bosh-qosh boʻlgan...

Mahalliy jurnalistlarning aytishicha, Prezident matbuot xizmati rahbari bir oyda ikki-uch marta jurnalistlar bilan uchrashib, ularga mamlakat rahbari faoliyati yuzasidan axborot taqdim etar, matbuot vakillarining savollariga javob berardi. Lekin u bu uchrashuvlar yoritilishini istamagan. Shu sababli ham bu uchrashuvlar haqida internet nashrlarida yetarlicha maʼlumot topish qiyin. Eʼtiborli jihati, ushbu uchrashuvlarga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari matbuot xizmatlari ham jalb qilinib, jurnalistlar maʼlumotlarni olishda duch kelayotgan muammolar joyida hal qilingan. Umuman, Asadjon Xoʻjayev jurnalistlar va matbuot xizmatlari vakillari norasmiy muloqot maydonini shakllantira olgan.

Mamlakatda roʻy berayotgan voqealar yuzasidan vazirlik va idoralar tomonidan rasmiy bayonot berish yoʻlga qoʻyilganini ham Prezident matbuot xizmati saʼy-harakatlari bilan bogʻlash mumkin.

Jurnalistga koʻra, Asadjon Xoʻjayev mamlakatda tashkil qilingan qator media tuzilmalarga ham rahbarlikni amalga oshirib kelardi.

Masalan, Oʻzbekiston axborot makonida katta shov-shuvlarga sabab boʻlgan Xalqaro press-klub vasiylar kengashiga Senat raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev bilan birga hamrais, Oʻzbekiston Milliy media kengashi kuzatuv kengashi raisi hisoblanardi.

Matbuot kotibi Prezident huzuriga kira oladimi?

Oʻzbekistonda bir vaqtlar Prezident matbuot kotibi boʻlgan Murod Muhammad Doʻst, Alisher Azizxoʻjayev, Azamat Ziyo, Rustam Jumayevlardan farqli oʻlaroq keyinchalik ushbu lavozimga tayinlangan voizlarni mamlakat aholisi qariyb tanimaydi. Ularning aksariyati Tashqi ishlar vazirligi tizimidan tayinlangan. Masalan, Dilshod Nurillayev, Ulugʻbek Hasanov, Beruniy Alimov, Sadriddin Suyarov, Bahodir Ergashev, Avazbek Xojimetov singari matbuot kotibi vazifasini bajarish yuklangan shaxslar asosan xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan ishlash, Prezident faoliyatini ham OAVni muvofiqlashtiruvchi davlat maslahatchisi xizmati orqali yoritib borgan. Ular mamlakat ichida axborot siyosatini olib borishga qariyb vakolatsiz, siyosiy shaxs sifatida ham kuchsiz boʻlishgan. Ular har doim ham Prezident huzuriga kira olmas, kirganda ham biror joʻyali fikrni ayta olgan emas. Shuning uchun ham ularning oʻrni, soʻzi bilinmasdan, qolaversa, "saroy oʻyinlari"ga bardosh bera olmay, lavozimdan quruq qolishgan. Boz ustiga ular, de-fakto va de-yuri davlat maslahatchisiga boʻysungani ham tez amalini yoʻqotishiga sabab boʻlgan. Vaholanki, aksariyat mamlakatlarda matbuot kotibi toʻgʻridan-toʻgʻri davlat boshligʻiga boʻysunishi bilan ham katta mavqega ega.

Shu oʻrinda Asadjon Xoʻjayevning prezident matbuot xizmatiga rahbar etib tayinlanishi haqida. U, ayrim maʼlumotlarga koʻra, Prezident saylovi jarayonini Rossiya ommaviy axborot vositalarida keng va "xolis" yoritilishini taʼminlab berganlardan biri.

"Komsomolskaya pravda" gazetasi muxbiri saylovdan keyin yozadi: "Oʻzbekiston rossiyalik jurnalistlarni sovuq (ob-havo nazarda tutilayapti) va ochiq tabassumli delegatsiya bilan kutib oldi. Samolyot trapidan bizni biznes-zalga oʻtkazishdi. Atrofimizda rus tilida ravon soʻzlashadigan baquvvat yigitlar girdi-kapalak edi. Ularni koʻrinishidan ziyoli kishi boshqarardi. U oʻzini Milliy kutubxona direktori Asadjon Xoʻjayev deb tanishtirdi. Albatta, biz uchun sir emas: Oʻzbekistonda Markaziy Osiyodagi eng yaxshi xavfsizlik xizmati ishlaydi. Uning ildizlari KGBga borib taqaladi. Afgʻoniston urushi paytida respublikada maxsus tayyorlov punkti boʻlgan. Qudratli razvedka va kontrarazvedka. Ittifoq qulagandan soʻng aksariyat zobitlar shu yerda qolishgan. Ular yangi avlodni tarbiyalashibdi. Lekin bunaqa mukammal tuzilmani kutmagandik", deydi.

Uning aytishicha, Alisher Xoʻjayev serqirra va ziyoli kishi. Har qanday mavzuda muloqot qila oladi. "Yangi prezident Rossiya bilan yaqin hamkorlik qiladimi?" degan savolga kelajakdagi matbuot kotibi shunday javob beradi: "Nima deb oʻylaysiz, sizlar nega bu yerda yuribsizlar?"

Asadjon Xoʻjayev xorijiy ommaviy axborot vositalari, mahalliy internet nashrlarida Prezident faoliyatini faol yoritib, ularni qaysidir maʼnoda yoʻnaltirib bordi, desak notoʻgʻri boʻlmaydi. Ammo uning davlat ichki axborot siyosatini shakllantirishdagi ishtiroki lavozimdan quruq qolishiga sabab boʻlgan omillardan biri boʻldi, deyish mumkin.

U Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining yangi rahbariyati bilan birgalikda tanqidiy-tahliliy koʻrsatuvlar, tok-shoular orqali aholi eʼtiborini milliy TVga qaytardi, Rossiya telekanallarining mamlakatdagi ommabopligini susaytirdi. U televideniye orqali Oʻzbekiston uchun umuman xos boʻlmagan fikrlar xilma-xilligi va oʻtkirligini ragʻbatlantirdi. Xalqaro press-klub, turli tok-shoularda rasmiy idoralar rahbarlari ishtirokining taʼminlanishida ham uning xizmati katta. Chunki muammoli sohalar rahbarlari oʻz-oʻzidan TVda chiqishni xush koʻrmaydi. Lekin boshida mamlakat rahbariyatining siyosiy xohishi bu jarayonda muhim ahamiyat kasb etdi.

Albatta, bularning hammasini Asadjon Xoʻjayevning oʻzi bilan bogʻlash nooʻrin.

Shularni hisobga olib aytadigan boʻlsak, Asadjon Xoʻjayevning lavozimdan ozod qilinishi Oʻzbekiston axborot makonidagi erkinlik shamolini boʻgʻib qoʻyishi boʻyicha xavotirlar oʻrinli ekanligini koʻrsatadi. Albatta, u hech qachon mamlakat rahbari olib borayotgan siyosatga qarshi ish tutib, bir kun kelib jurnalistlar taraf boʻladi, haqiqiy soʻz erkinligi, demokratiya kuychisiga aylanadi, degan tasavvurdan yiroqmiz. Lekin u Oʻzbekistonda Prezident faoliyati yoritilishini hech qursa Qozogʻiston, Rossiya darajasiga olib chiqishga sababchi boʻlgan boʻlarmidi, degan ichki umidimiz bor edi.

Biz bilan suhbatdosh boʻlgan jurnalistning aytishicha, Asadjon Xoʻjayev Murod Muhammad Doʻst, Alisher Azizxoʻjayev, Rustam Jumayev singari siyosatda erkin manevr qilishi mumkin boʻlgan matbuot kotiblaridan biri edi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq