Oʻzbekiston: Karimov haykaliga taʼzim qilish anʼanasi boshlandimi?

Haykalga taʼzim qilayotgan mulozimlar Image copyright Gazeta.uz
Image caption Haykalga taʼzim qilayotgan mulozimlar

Oqsaroy qarorgohida Karimovga haykal ochish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev, Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova va hukumat miqyosidagi amaldorlar ishtirok etdi.

Marosimga kelganlar haykal ochilishi bilan unga taʼzim qilayotgani kuzatildi. Internet foydalanuvchilari ushbu holatni Shimoliy Koreya bilan tenglashtirdi.

Image copyright Gazeta.uz

Ochilish marosimida olingan suratlarda qatnashuvchilarning haykalga taʼzim qilayotganini koʻrish mumkin.

Shu vaqtgacha Oʻzbekistonda davlat arboblarining haykallariga taʼzim qilish holati kuzatilmagan.

BBC Oʻzbek xizmatining Facebook va ok.ru sahifalarida suratga izoh qoldirganlar ikki tarafga boʻlinganini koʻrish mumkin.

"Oʻzlarini madaniyatli, ilgʻor hisoblovchi hukumat xodimlari toshga taʼzim qilishni allaqachon sovet davridan buyon urf qilib olishgandi va bu urf yana egilganroq "sadoqatliroq" shaklda qaytibdi... Shirk deb hisoblayman. Eng yomon gunoh! Alloh asrasin. Shimoliy Koreya davlatida shunday toshga(haykalga) gul qoʻyib hurmat koʻrsatish urfda ekanini bilaman.

Ehtimol,boshqa MDH davlatlaridayam bordir", - deb yozadi Sokin Qalb.

Savol Berishdan To'xtamang profili ostida izoh qoldirgan Facebook foydalanuvchisi Sirdaryo viloyati aholisi Karimov boshchiligidagi 25 yilda ham toza ichimlik suvi bilan deyarli taʼminlanmaganini misol qilib keltirgan.

Image copyright Gazeta.uz

"Butunjahon banki: Sirdaryo viloyati aholisning 10 foizi (adashmadingiz oʻn foizigina) tunu-kun suvdan foydalanish imkoniyatiga ega. Sirdaryo xalqi haykallarga nima deydi", deya savol beradi u.

"Maddohlar toʻplanib toshga taʼzim kiladigan joy boʻlibti. Shirkchilarga toʻlib Allohni balosi kelib zilzila boʻlib ketmasa boʻldi edi", - deydi Odil Max.

Ok.ru saytidagi BBC Uzbek sahifamiz oʻquvchilari ham bahsda faol ishtirok etgan.

"Bu insonga taʼzim qilish biz Oʻzbekiston farzandlarini burchi deb bilaman. Bu inson uchun jon deb taʼzim qilaman", deb yozadi Dinara Normurodova.

Unga javob bergan yana bir foydalanuvchi "Esiz joydami haykalga qarab shunaqayam egilib taʼzim qiladimi? Qayerda koʻrgansiz qabrga yo haykalga taʼzim qilinganini. Musulmonmisiz shirku bu", - deb yozadi.

Dilmira Dilshodovna haykalga taʼzim joiz ekanligini yozarkan, hozir Islom Karimov jannatda yurganini taʼkidlaydi.

"Islom bobomizga ming taʼzim kilsek kam! Bizni shu kunga yetishimizga bobomizni xissalari kotta. Doʻzaxda yonyapti deganlar xuddi borib kurib kelgandek gapirishadiya! Bu inson jannatlarda yuripti. Joyiz jannatda bulsin bobojon", deydi Dilmira Dilshodovna.

Ok.ru ning ismi nomaʼlum yana bir foydalanuvchisi ushbu holat boshqalarga erish tuyulayotgan boʻlsa ham uni haykalga sajda qilish deb qabul qilmaslik kerakligini aytadi.

"Toʻgʻri bu holat kimlargadur erish tuyulayotgan boʻlishi mumkin. Buni xarkim oʻzidan kelib chiqqan xolda, har xil qabul qilishyabdi. Kimdir haykalga sajda qilyabdi desa, yana kimdir shirk keltiryabdi deydi. Lekin meni fikrimcha, bu insonni (Muhtaram prezidentimiz Islom Abdugʻaniyevich Karimov bobomiz, joylari jannatda boʻlsin) bizga, elu-yurtga qilgan mexnatlariyu, jonkuyarliklari qarshisida bosh egmasdan boʻlarkanmi? Hayotga toʻgʻri qaraylikda, bu xolatni "sayjda qilish" deya emas, balki "minnatdorlik ramzi" deya nomlasak, nima deysizlar doʻstlarim".

Suratlar gazeta.uz saytidan olindi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq