Ruslan Chagayev: "Men koʻproq oltin medallar kutayapman"

Ruslan Chagayev Image copyright AFP

Ham havaskor va ham professional boksda jahon chempionligini qoʻlga kiritgan oʻzbekistonlik sanoqli bokschilardan biri boʻlgan Ruslan Chagayev Gamburgdagi qoʻlqopdoshlarining imkoniyatlariga xuddi ana shunday berdi.

Jaʼmi 6 nafar oʻzbekistonlik bokschi bu yilgi jahon chempionatining yarim finaliga yoʻllanmani qoʻlga kiritishgan boʻlsa, ulardan ikki nafari allaqachon birinchilikning kamida kumush medalini oʻziga naqd qildi, final bosqichiga koʻtarildi.

31 avgust kuni boʻlib oʻtgan yarim final janglarida jahon chempionligi uchun kurashish huquqini saqlab qolgan bu ikki bokschi - Hasanboy Doʻsmatov va Iqboljon Xoldorovlar boʻlishdi.

Bugun boʻlib oʻtajak soʻnggi yarim final janglarida esa, yana oʻzbekistonlik uch nafar bokschi: Shahram Gʻiyosov, Jasurbek Latipov va Bektemir Meliqoʻziyevlar ringga koʻtarilishadi, final yoʻllanmasi uchun kurash olib borishadi.

Oʻzbekistonlik dongdor bokschi Ruslan Chagayev bilan BBC Oʻzbek Xizmati suhbatiga quloq tuting.

"Men ishonaman, bolalar koʻproq oltin medal olishadi. Nega desangiz, men oʻzim koʻrdim, bolalar hozir juda yaxshi trenirovka qilishayapti, yaxshi tayyorgarlik koʻrishayapti va federatsiya tomonidan ham ularga yaxshi qoʻllab-quvvatlov boʻlayapti", - deydi Ruslan Chagayev Amerikadan BBC Oʻzbek Xizmatiga bergan suhbatida.

2001 yilda toʻliq professional boksga oʻtgan Ruslan Chagayev qariyb oʻn yil aynan bu yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilayotgan Gamburgdagi "Universum Box-Promotion" klubi promouterligi ostida ringga tushgan. Professional boksda ilk bor jahon chempionligini qoʻlga kiritgan.

"Hozir bunday olib qarasangiz, Oʻzbekistondan qancha jahon chempionlari, qancha Olimpiada chempionlari bor...Oʻzbek boks maktabi hozir ancha, ancha kuchayib ketgan", - deydi bu nomdor bokschi suhbatdoshimiz.

Tarixcha oʻrnida

Germaniyaning Gamburg shahri mezbonlik qilayotgan bu yilgi jahon chempionatida Oʻzbekistonni jaʼmi 10 nafar bokschisi barcha vazn toifalarida namoyon etgan.

Ulardan 9 nafar chempionatning chorak finaliga chiqib, oʻziga xos rekord oʻrnatishgan, erishgan bu kabi yutuqlari bilan qolgan barcha ishtirokchi davlatlar vakillarini ortda qoldirib ketishgandi.

Bu bokschilardan oltitasi esa, yarim finalga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan va jahon chempionligi uchun kurashish huquqini saqlab qolishgan.

Bu yilgi jahon chempionatining oʻzbekistonlik bokschi yarim finalchilari esa, Hasanboy Doʻsmatov, Shahram Gʻiyosov, Iqboljon Xoldorov, Sanjar Tursunov, Jasurbek Latipov va Bektemir Meliqoʻziyevlar boʻlishadi.

Bu yilgi jahon chempionatining yarim final janglari 31 avgust va 1 sentyabr kunlari boʻlib oʻtadi.

10 nafar yangi jahon chempionlarining nomi 3 sentyabrga qolmay maʼlum boʻladi.

Oʻzbekiston esa, Rossiya va Qozogʻiston bilan birga Kuba (7 nafar) dan keyin yarim final janglarida eng koʻp sondagi bokschilari bilan ishtirok etayotgan uchta davlatdan biri boʻladi.

25 avgust kuni start olgan bu yilgi jahon chempionati 3 sentyabr kuniga qadar davom etadi va jahonning 10 nafar yangi chempionini aniqlab beradi.

Boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida soʻnggi Rio Yozgi Olimpiadasi va Osiyo chempionati gʻoliblari sifatida bu yilgi jahon chempionatiga tashrif buyurishgan.

Shu yil may oyining birinchi haftasida boʻlib oʻtgan va Oʻzbekiston poytaxti mezbonlik qilgan Osiyo chempionatiga esa, aynan Ruslan Chagayevning ham shaxsan tashrif buyurgani va yaqindan kuzatgani koʻringandi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq