Oʻzbekistonda endi benzin taqchilligi boʻlmaydimi?

27 aprel kuni Zafarobod tumanida Jizzax Neftni Qayta ishlash zavodiga tamal toshi qoʻyildi Image copyright facebook/mirziyoyev
Image caption 27 aprel kuni Zafarobod tumanida Jizzax Neftni Qayta ishlash zavodiga tamal toshi qoʻyildi

Qozogʻiston hukumati Oʻzbekiston tomonida neftiga qiziqish boʻlayotganini maʼlum qildi. Mamlakat energetika vaziri Qanat Bozumbayev Oʻzbekistonga bir yilda bir necha million tonna neft sotishga tayyorligini aytdi. Oldinroq Oʻzbekiston Rossiyadan 5 yiliga million tonna neft olishi aytilgandi.

"Qozogʻiston bu yil tortib oladigan 86 million tonna neftning atigi 14,5 million tonnasi ichki bozorda qayta ishlanadi. Qolgan hammasi eksportga ketadi. Ushbu zahiradan bir necha millionini Oʻzbekistonga yuborish mumkin. Hamma gap narxi va infrastrukturada", - degan Qanat Bozumbayev.

Qozogʻiston vazirining aytishicha, Oʻzbekiston Jizzaxda qurilayotgan neftni qayta ishlash zavodi uchun Rossiya va Qozogʻistondan xom-ashyo izlamoqda.

Oldinroq Jizzaxda qurilayotgan neftni qayta ishlash zavodiga Rossiyadan yiliga 5 million tonna neftni Qozogʻistondagi quvur orqali import qilish borasida kelishgani xabar qilingan edi.

Davlat axborot agentligi OʻzAning xabar qilishicha, Jizzax Neftni qayta ishlash majmuasining qiymati 2 milliard 200 million AQSh dollariga baholangan.

Bu yerda bir yilda 5 million tonna neft xomashyosini qayta ishlash mumkin boʻladi.

OʻzA Jizzax zavodiga neft "yaqinda barpo etiladigan neft quvuri orqali yetkazib kelinadi" deb xabar bergan edi.

Biroq oradan bir oy oʻtgandan soʻng neftegaz.ru sayti Rossiya Oʻzbekistonga vaʼda qilgan 500 ming tonna xom neftning atigi 30 mingini 2017 yilda yetkazib bera olishini maʼlum qildi.

30 ming tonna sinov tariqasida yetkazilishi, bundan ortigʻini Rossiyadan Oʻzbekistonga olib kelish imkoni yoʻqligini aytishgan rasmiylar.

Rossiya rasmiylariga koʻra, xomashyoni Omsk-Pavlodar-Chimkent magistral neft quvuri orqali Qozogʻistonning Chimkent shahrigacha oqizib yetkazish, Chimkentdan Oʻzbekistongacha esa transportda tashib borish rejalangan.

Qozogʻiston tomonining maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston Rossiyadan olmoqchi boʻlgan neft avvaliga yiliga 5 million tonna deyilgan, keyinchalik esa 3 million tonnaga tushirilgan.

Qozogʻiston Energetika vaziri Qanat Bozumbayev agar Rossiyadan olinadigan neft koʻproqni tashkil qilsa Chimkentdan toʻgʻridan toʻgʻri Jizzaxga quvur orqali yetkaziladi. Yaʼni Sovet davrida mavjud boʻlgan neft quvuri qayta taʼmirlanaib ishga tushiriladi. Biroq Oʻzbekistonga oqadigan neft hajmi kamroq boʻlsa ushbu quvur taʼmirlanmaydi va neft tsisterna vagonlar orqali yetkaziladi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq