Oʻzbekiston: Oʻzbek palovi Ginnes rekordlar kitobiga kirdi

Palov Image copyright chustiy
Image caption Toshkentdagi ilk urinishdan...

Toshkentda tayyorlangan dunyodagi eng ulkan - ogʻirligi naq 7360 kg keluvchi palov Ginnes Rekordlar qoʻmitasi tomonidan rasman roʻyxatga olindi.

Shu soatlarda tayyorlangan palov - Ginnes rekordlar kitobiga kirgan birinchi oʻzbek milliy taomi boʻldi.

Oʻzbekiston poytaxtidan olingan xabarlarga koʻra, uni tayyorlash uchun 50 nafar oshpaz 6 soat vaqt sarflashgan.

Mega palov Oʻzbekiston oshpaz ahli shu paytgacha guvoh boʻlmagan va ishlab koʻrmagan ulkan qozon va oʻchoqda hozirlangan, kapgirlarning uzunligi ham mamlakat uchun rekord darajada boʻlgan - ikki metrdan ortiroqni tashkil etgan.

Diametri 4 metrdan ortuvchi, hajmi qariyb 8 ming litrni tashkil etuvchi qozon, ogʻirligi qariyb 3 tonnaga yetuvchi oʻchoq va bunga qoʻshimcha eng uzun kapgirlar ham Oʻzbekistonning oʻzida ishlab chiqarilgan, Olmaliq kon-metallurgiya korxonasida quyilgan, yasalgan.

Xabarlarda aytilishicha, palovga 1500 kg mol goʻshti, 400 kg qoʻy goʻshti, 220 kg quyruq yogʻi, 1900 kg guruch, 2700 kg sabzi, 220 kg piyoz, 440 litr oʻsimlik yogʻi, 57 kg tuz, 100 kg noʻxat, 190 kg mayiz, 5 kg zira, 2 kg maydalanmagan murch, 1 kg zarchava va 350 litr suv ketgan.

Bu haqdagi rasmiy sertifikat tashkilotchilarga "Guinness World Records" vitse-prezidenti Richard Sten tomonidan topshirilgan.

Maʼlum boʻlishicha, unda dunyodagi eng katta osh "Milliy TV" tomonidan Oʻzbekistonda tayyorlangani haqida yozilgan.

Ginnes Rekordlar qoʻmitasi Oʻzbek palovi uchun maxsus nominatsiya ajratgan.

Rekord tonnadagi palov esa, "Milliy" telekanali tomonidan tashkil etilayotgan "O'zbegim" Milliy qadriyatlar festivali doirasida poytaxt Toshkentda tayyorlangan.

Ulkan palov esa, "Muruvvat", "Saxovat" qariyalar va nogironlar uylariga, shuningdek, tadbir hududida maxsus tashkil etilgan 14 joyda festival mehmonlariga tarqatiladi.

Oʻzbekiston tarixidagi eng ulkan palov 17 avgust kuni tayyorlangan va uning ogʻirligi 6 tonnadan ortiqroqni tashkil etgan.

Tashkilotchilarga koʻra, bu - Oʻzbek palovini va nihoyat Ginnes rekordlar kitobiga kiritish oldidan bir repetitsiya jarayoni boʻlgan.

Tarixcha oʻrnida

Oʻzbekistonlik tashabbuskorlar bundan olti yilcha burun rekord tonnada palov tayyorlab, uni Ginnes rekordlar kitobiga kiritish tashabbusi bilan chiqishgan.

Oʻsha paytda mazkur gʻoya tashabbuskorlari www.oshxona.uz sayti va Oʻzbekiston Oshpazlar Uyushmasi boʻlishgan.

Tashabbuskorlar bundan maqsad Oʻzbekiston, Oʻzbek milliy oshxonasi va palovini dunyoga tanitish ekanini aytishgan.

Oʻzlari koʻzda tutgan yangi jahon rekordini 2012 yilning bahor oylarida oʻrnatish rejasida ekanliklarini bildirishgandi.

Ammo Ginnes xalqaro qoʻmitasi ularning murojaatlariga "rekord miqdorda tayyorlanajak guruchli taomning 80 foizi guruchdan iborat boʻlishi kerakligini aytib, javob bergan".

"Qoʻmitaga Oʻzbek palovini tayyorlash texnologiyasining oʻziga xosliklari tushuntirilganda ham, ulardan "rekordlar kitobiga kiritish uchun oʻz qoidalari borligi, ana shu qoidalardan chetga chiqolmasliklari" mazmunidagi javobni olishgan.

Ammo Oʻzbekiston Oshpazlar uyushmasi raisi BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida, bularning barchasiga qaramay, "boshlagan ishlarini oxiriga yetkazishga harakat qilishlari"ni bildirgan.

"Oʻzbek palovini xalqaro Ginnes qoʻmitasi meʼyorlariga muvofiq pishirish ustida bosh qotirayotganliklari"ni aytgandi.

Bularning barchasiga bosh tashabbuskor sifatida esa, bu gal Oʻzbekiston Milliy telekanali chiqqan.

Oʻzbekiston tomonining yangi jahon rekordini oʻrnatishi Oʻzbek va Tojik palovi Birlashgan Millatlar Tashkiloti UNESCO jamgʻarmasi tomonidan "Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi" roʻyxatiga kiritilishidan sakkiz oy oʻtib toʻgʻri kelmoqda.

Eng ogʻir vazndagi palov esa, soʻnggi bor 2007 yilda Urumchida tayyorlangani aytiladi.

Ayrim manbalarga koʻra, uning ogʻirligi bir tonnadan ortgan va 10.000 kishiga moʻljallangan boʻlgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq