BMT: Rohingalarga qarshi amaliyot etnik qirgʻindir

Myanmarjan qochayotgan Rohingalar Image copyright Reuters

BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy Komissari Zayd Raad al-Husayn aytishicha, Myanmar hukumatining Rohinga musulmonlariga qarshi oʻtkazayotgan harbiy amaliyoti etnik tozalashning klassik namunasidir.

Zayd Raad al-Husayn Birlashgan Millatlar tashkilotining Inson huquqlari Kengashiga murojaatida gapirgan.

"Myanmar hukumati inson huquqlari poymol etilayotganini tekshirishga ruxsat bermayotgani bois vaziyatni toʻla baholash imkonsiz, biroq bu etnik tozalashning kitobiy namunasidir", deb aytgan Inson huquqlari boʻyicha Oliy Komissari Zayd Raad al-Husayn.

BMT Oliy komissari Myanmar hukumatini musulmonlar bilan Myanmar armiyasi oʻrtasida toʻqnashuvlar roʻy bergan Rakxayn shtatiga BMT vakillari kirishiga ruxsat berishini soʻragan.

"Myanmar hukumati goʻyo Rohingalar oʻzlarining uylarini yoqib, oʻzlarining qishloqlarini vayron etayotgandek qilib koʻrsatishini toʻxtatishi lozim. Reallikni butkul inkor etish yaqin-yaqingacha yaxshi munosabat koʻrsatilgan davlatning xalqaro obroʻsiga katta putur yetkazadi. Men hukumatning shafqatsiz harbiy amaliyotini toʻxtatishga, barcha aybdorlarni javobgarlikka tortishga va Rohinga musulmonlariga qarshi shafqatsiz tahqirlashlarni toʻxtatishga chaqiraman", deb aytgan janob al-Husayn.

Myanmardagi soʻnggi tanglik "Arakan Rohingalarini qutqarish armiyasi"(ARQA) ning 25 avgust kungi hujumlari ortidan boʻy koʻrsatgani iddao qilinadi.

Xabarlarga koʻra, bu guruh bir qancha politsiya postlari va Myanmar Qurolli kuchlarining bazasini nishonga olishgan.

Oʻzaro janglarda 12 nafar hukumat harbiysi va saksonga yaqin isyonchi halok boʻlgani xabar qilinadi.

Buning ortidan Myanmar harbiylari aksilterror amaliyotlarini boshlaganlar.

"Reuters" axborot agentligining xabar berishicha, oʻtgan bir hafta davomida hukumat kuchlari va Rohinga jangarilari oʻrtasidagi toʻqnashuvlarda qurbon boʻlganlarning soni qariyb 400 kishiga yetgan.

Qurbonlardan aksariyatining musulmon Rohinga jangarilari ekanliklari aytiladi.

Xabarlarga koʻra, soʻnggi zoʻravonliklar bois, Myanmarni tashlab chiqqan va tashlab chiqish harakatida boʻlgan mahalliy musulmonlarning soni qariyb 300 mingga yetgan.

Orada ularning koʻplab uy-joylariga oʻt qoʻyilganiga oid xabarlar ham olingan.

Myanmardagi bu kabi zoʻravonliklar Rossiya va Chechenistonda yirik ommaviy norozilik namoyishlariga ham sabab boʻlgan.

Sobiq Shoʻro davlatlari rahbarlari orasidan birinchi boʻlib Myanmardagi hodisalar yuzasidan keskin bayonot bilan chiqqani esa, Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov boʻlgan.

Ramzan Qodirov roxinga musulmonlari uchun Rossiyaga qarshi chiqishga ham tayyor ekanini bayon qildi.

Myanmardagi musulmonlarning soni bugungi kunda 1.5 million kishini tashkil etishi aytiladi.

Tarixiy manbalarga koʻra, bu musulmonlar 19-asrning oxirida britan mustamlakachilari tomonidan Bangladeshdan Myanmarga koʻchirib oʻtkazilgan.

Ammo ular Myanmarda hali-hanuz noqonuniy muhojirlar sanalishadi va aksariyatining rasman fuqaroligi ham yoʻq.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq