Futbol: Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasida yangi prezident

Futbol Image copyright Getty Images

Mirabror Usmonov Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasi prezidentligidan ketdi.

Rasmiy xabarlarga koʻra, 12 sentyabr kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan hisobot-saylov anjumani ortidan Umid Ahmadjonov Mirabror Usmonov oʻrniga federatsiyaning yangi prezidenti etib saylangan.

Oʻzbekistondagi futbolga ixtisoslashgan qator internet nashrlarida yozilishicha, u ovoz berish uchun ilgari surilgan yagona nomzod boʻlgan.

Umid Ahmadjonov bungacha Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi vitse-prezidenti, Milliy Paralimpiya Uyushmasi raisining muovini va Toshkentning "Paxtakor" klubi vitse-prezidenti boʻlib ishlagan.

Uning har uch vazifasini hamohanglikda olib boradimi yoki yoʻq, hozircha maʼlum emas.

Soʻnggi yangilik borasida hozircha Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasining rasmiy web sahifasida biror bir xabar yoʻq.

Federatsiya hisobot-saylov anjumani tafsilotlari borasida oʻzining rasmiy "Twitter" akkauntida xabar bergan.

Tafsilot oʻrnida

Image copyright olympic.uz

Mirabror Usmonov 2006 yildan buyon Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti lavozimini egallab kelayotgan edi.

Shu yil yanvar oyida Oʻzbekiston Milliy Olimpiya Qoʻmitasi rahbariyati ham yangilangan.

Oʻshanda Mirabror Usmonov oʻrniga qoʻmita prezidenti etib "Oʻzbekneftegaz" milliy xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi Alisher Sultonov saylangandi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionati saralash bosqich bellashuvlaridagi ketma-ket muvaffaqiyatsizligi manzarasida, ayniqsa, soʻnggi yillarda mahalliy futbol ishqibozlari tomonidan Mirabror Usmonovning isteʼfosini talab qiluvchi daʼvatlar kuchaygandi.

Umid Ahmadjonov kelasi 4 yil davomida oʻzbek futbolini boshqaradi.

Xabarlarga koʻra, bu yagona nomzod ovoz berish uchun Toshkent shahar futbol federatsiyasi tomonidan ilgari surilgan.

Rasmiy xabarlarga koʻra, Umid Ahmadjonovning yangi vitse-prezidentlari Ramatov Ochilboy Jumaniyozovich, Bobojonov Poʻlat Razzaqovich va Isroilov Shoakram Xolmatovichlar tayinlangan.

Ochilboy Ramatov Oʻzbekiston Bosh vaziri birinchi oʻrinbosari va "Oʻzbekiston temir yoʻllari" hissadorlik uyushmasining rahbari ham boʻladi.

Poʻlat Bobojonov esa, yaqinda Oʻzbekiston Ichki ishlar vaziri etib tayinlangan.

Shoakram Isroilov bungacha Oʻzbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutida rektorlik qilgan.

Umid Ahmadjonovning tarjimai holiga oid boshqa maʼlumotlar esa, hozircha, matbuotda imkonli emas.

Mirabror Usmonov

Image copyright AFP

Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasining bugundan sobiq prezidenti Mirabror Usmonov Bosh assambleyaning 2012 yil 29 dekabr kuni boʻlib oʻtgan majlisi chogʻida mamlakat Milliy Olimpiya qoʻmitasining rahbari etib saylangan.

Bu majlisda oʻsha paytda Oʻzbekiston Bosh vaziri boʻlgan hozirda prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsan oʻzining ishtirok etganligi xabar berilgandi.

Kuzatuvchilar oʻshanda qoʻmita rahbariyatidagi yangilanishlarni hozirda marhum prezident Islom Karimovning oʻzbekistonlik sportchilarning London Yozgi Olimpiadasida qayd etgan natijalaridan qoniqmagani sababi bilan izohlashgandi.

Oʻzbekistonlik sportchilarning Londondagi yutuqlari bir oltin va ikkita bronza medali bilan cheklangandi, xolos.

Mirabror Usmonov orada kechgan vaqt davomida har ikki tashkilot prezidenti vazifasini hamohanglikda bajarib kelayotgandi.

Ayni oʻrinda alohida taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasining oʻz tarixida Yozgi Oʻyinlarda qayd etgan rekord natijasi aynan Mirabror Usmonov boshqaruvi davriga toʻgʻri keladi.

Oʻzbekiston Olimpiada terma jamoasi 2016 yilgi Rio Yozgi Olimpiadasida tarixiy natija qayd etgan, jamoa hisobida jaʼmi 13 ta medali bilan Toshkentga qaytgandi. Jamoa eng koʻp oltin medallari(4 ta) ni ham aynan Rioda qoʻlga kiritgandi.

Oʻzbekiston bokschilari esa, hisoblaridagi 3 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan ilk bor umumjamoa hisobida Kuba doxil qolgan barcha Rio Yozgi Olimpiada Oʻyinlari ishtirokchilarini ortda qoldirishgan.

Oʻtgan olti Yozgi Olimpiada Oʻyinlarida kuzatilmagan bir darajada Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi Rioda eng koʻp medallarini (shu jumladan, oltinlarini ham) boks sport turida qoʻlga kiritgandi.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi prezidentligini topshirsa-da, Mirabror Usmonov Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasidagi rahbarlik lavozimini saqlab qolgandi.

Tarixcha oʻrnida

Mirabror Usmonov 2006 yildan buyon Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasiga rahbarlik qilib kelgan.

69 yoshli Mirabror Usmonov 1990 yilda Oʻzbekiston Savdo vaziri boʻlgan, mamlakat mustaqilligidan soʻng "Oʻzbeksavdo" kompaniyasini boshqargan.

U 1994 yildan 2005 yilgacha Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari lavozimini egallagan, Oʻzbekiston hukumatida savdo masalalarini boshqargan.

2005 yilda Oʻzbekistonda ikki palatali parlament joriy etilganidan buyon Oʻzbekiston Prezidenti tavsiyasi boʻyicha tayinlanadigan senatorlardan biri ekani aytiladi.

Mirabror Usmonov 2015 yilda yangi asos solingan Markaziy Osiyo Futbol federatsiyasining prezidenti etib ham saylangan.

BBC Oʻzbek Xizmati Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasidan olishga muvaffaq boʻlgan ayrim maʼlumotlarga koʻra, Mirabror Usmonov mazkur tashkilotning "faxriy prezidenti" boʻlib qolgani maʼlum boʻlgandi.

Rasmiy xabarlarda esa, Mirabror Usmonov faxriy prezident sifatida Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyatiga nafaqat oʻz maslahatlari bilan yordam berishi, balki Olimpiya harakatini moliyalashtirishda ham bevosita ishtirok etishi aytilgandi.

Toshkentdan olingan soʻnggi yangilik manzarasida Mirabror Usmonovning Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasida biror bir maqomda qolish-qolmasligi maʼlum emas.

Soʻnggi yangilikka mahalliy futbol ishqibozlarining munosabati va sport jurnalistlarining bahosini bilish uchun BBC Oʻzbek Xizmati web sahifasi va barcha ijtimoiy muloqot tarmoqlarilaridagi akkauntlarini kuzatib boring.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq