Mobil operatorlar mijozlardan nimani yashirmoqda?

Oʻzbekistonda telefon raqamlari qayta sotilishi oddiy hol Image copyright kun.uz
Image caption Oʻzbekistonda telefon raqamlari qayta sotilishi oddiy hol

Samarqandlik blogger Mirzo Subxonovning yozishicha, Oʻzbekistonda ishlatilgan telefon raqamlarining qayta sotilishi mijozlarning shaxsiy maʼlumotlariga taʼsir qilmoqda. Quyida uning maqolasini eʼtiboringizga havola etamiz.

"Oʻzbekiston mobil operatorlari oʻz xarajatlarini kamaytirish va maksimal foyda olish maqsadida sotayotgan raqamlari toʻgʻrisidagi baʼzi muhim maʼlumotlarni yashirib kelmoqdalar. Bu oʻz navbatida operator mijozlariga koʻpgina noqulayliklar tugʻdirmoqda.

Operatorlar tomonidan sotuvga chiqarilayotgan raqamlarning oldin ishlatilgan yoki ishlatilmaganligi toʻgʻrisida mijozga maʼlumot berilmaydi.

Buning evaziga operatorlar yangi kanallarni ijaraga olishni kamaytirmoqda va oʻz mablagʻini tejamoqda.

Mijoz uchun bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

Bu savolga javob izlashga harakat qilaylik.

Mobil raqamlarni kimlar tez-tez almashtiradi?

Mobil raqamlarini tez-tez almashtiradiganlar orasida shubhali shaxslar, firibgarlar, yengil tabiat ayollar boʻlishi mumkin.

Shunday "ishlatilgan" yoki "second hand" raqamlarni bilmasdan sotib olgan mijozlarga bu qanday zarar yetkazishi mumkin?

Masalan, kechasi yarim tunda xotinining yonida eriga notanish ayol telefon qilib qolsa, yoki ayolga erining oldida notanish erkak telefon qilsa, bu oiladagi mojaroga sabab boʻlishi mumkin.

Image copyright uzxalqharakati.com
Image caption Raqamlar qoʻldan-qoʻlga oʻtishi shaxsiy maʼlumotlarni qanchalar fosh qiladi?

Bundan anglashilmovchiliklarning oxiri yoʻq.

Umuman aytganda, bu holat yangi mijozga qoʻshimcha noqulaylik yaratishi xavfi katta.

Bundan tashqari, bu raqamning oldingi egasining Telegram, Whatsapp va boshqa ijtimoiy tarmoq va messendjerlardagi shaxsiy maʼlumoti begona odam qoʻliga tushishiga ham sabab boʻladi.

Bu achinarli holat mobil operatorlarning na yangi yo na eski mijozlari haqida qaygʻurishi, hamda foyda olishdan boshqa hech qanday maqsadi yoʻqligidan dalolat beradi.

Isteʼmolchilar huquqini buzayotgan bu holatni bartaraf etish uchun mobil operatorlar yangi "new" va oldin ishlatilgan "second hand" raqamlar toʻgʻrisida oʻz mijozlariga maʼlumot berishlari shart.

Oldingi mijoz toʻgʻrisidagi shaxsiy maʼlumotni emas, balki raqamning ishlatilganligi yoki ishlatilmaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni nazarda tutyapman, albatta.

Mijozlar oldin ishlatilgan raqam yuzasidan kelib chiqishi mumkin boʻlgan "noqulayliklar" yuzasidan ogohlantirilishi shart.

Agar shu holat dunyoning rivojlangan mamlakatida sodir boʻlib, biror mijozga zarar yetganida, katta bir shov-shuvga va mijozga operator tomonidan katta miqdordagi tovon toʻlanishiga sabab boʻlishi muqarrar.

Hurmatli (bizni hurmat qilmasangiz ham) mobil operatorlar! Oʻzbekistonliklarning ham koʻp narsaga aqli yetadi!"

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq