Rossiyada bomba xavfi, odamlar evakuatsiya etilishmoqda

Rossiya Image copyright YURI SMITYUK/TASS

Soʻnggi bir necha kun ichida Rossiyaning qator yirik shaharlarida maktablar, oʻquv yurtlari, vokzallar, bozorlar va savdo markazlari evakuatsiya etilishgan.

Xabarlarga koʻra, bunga u yerlarda bomba oʻrnatilganiga oid anonim qoʻngʻiroqlar sabab boʻlgan.

Ammo, maʼlum boʻlishicha, hozircha bu bino va inshootlarning birortasida bomba va yoki portlovchi uskuna topilmagan.

BBC Rus Xizmatining xabar berishicha, bunga oʻxshash holat oʻtgan uch kun davomida - 10, 11 va 12 sentyabr kunlari kuzatilgan.

Perm, Petrozavodsk, Yekaterinburg, Chelyabinsk, Omsk, Ufa, Sterlitamak, Stavropol, Krasnoyarsk, Vladivostok, Magadan, Bryansk, Kaliningrad va Yujno-Saxalinskdagilar anonim qoʻngʻiroqlar nishoniga aylanishgan.

Xabarlarga koʻra, bu yerlarda yana shahar maʼmuriyati, bolalar shifoxonasi, aeroportlar, koʻngilochar maskanlar, mehmonxonalar, bozorlar, kinoteatrlar, pensiya jamgʻarmalari, bank boʻlimlari, gipermarketlar va hatto, OITS markazidagilar ham koʻchirilgan.

Oʻtgan uch kun ichida oʻnlab binolardan evakuatsiya etilganlarning soni bir necha oʻn ming kishiga yetgan.

Bu kabi qoʻngʻiroqlar ortidan, Favqulodda Vaziyatlar vazirligi xodimlari ayrim binolarning titpitini chiqarib tashlashga majbur boʻlishgan.

Tafsilotlar

Shunga oʻxshash anonim qoʻngʻiroqlardan biri haqida Petrozavodskdagi mintaqaviy parlament matbuot xizmati xodimasi Janna Androsova "Interfaks" axborot agentligiga aytib bergan.

Unga koʻra, "nomaʼlum shaxs qabulxonalaridan biriga telefon qilgan. Kotibaga, "Meni diqqat bilan eshit. Siz joylashgan bino, yana aeroport, vokzal va savdo markaziga ham mina oʻrnatilgan", - deb aytgan".

Matbuot xodimasining aytishicha, qoʻngʻiroq qilgan erkak kishi boʻlgan va ovozi ham tabiiy yangragan.

Mahalliy masʼullarga koʻra, Chelyabinksda yashirincha qoʻngʻiroq qilarkan, nomaʼlum shaxs IP-telefonidan foydalangan.

Stavropollik masʼullarning maʼlum qilishlaricha, politsiya 11 sentyabr kunining oʻzida savdo inshootlari, ofislar, oʻquv dargohlari va boshqa maʼmuriy binolarga portlovchi uskuna oʻrnatilganiga oid 42 ta qoʻngʻiroq olishgan.

Ammo tekshiruvlari bu qoʻngʻiroqlar barchasining bitta nomerdan qilinganini koʻrsatgan.

Krasnoyarskda nomaʼlum shaxs politsiyadagilarni "bezovta qilib yotmasdan", toʻgʻridan-toʻgʻri, goʻyoki, binosiga bomba oʻrnatilgan tashkilotlarning oʻziga qoʻngʻiroq qila qolgan.

Qator Rossiya ommaviy-axborot vositalari bu kabi ommaviy safarbarlikka aksilterror mashqlari sabab boʻlganini yozib chiqishgan.

Ammo Rossiya boʻylab aksariyat politsiya boshqarmasidagilar bu kabi xabar va farazlarni rad etishgan.

Omsk viloyati Axborot siyosati Bosh boshqarmasidagilar shunga oʻxshash oʻquv mashqlari haqiqatan ham rejalanganini bayon qilishgan.

Ammo anonim qoʻngʻiroqlarning bunga hech bir aloqasi yoʻqligi, shunchaki, ularning "bir paytga toʻgʻri kelib qolgani"ni aytishgan.

Rossiya soʻnggi bir necha oyning oʻzida Yaqin Sharqdagi IShID guruhi masʼuliyatini oʻz zimmasiga olib chiqqan qator hujumlarga ham sahna boʻlgan.

BBC Oʻzbek Xizmati vaziyatni kuzatish va bu shaharlarda boʻlgan Markaziy osiyolik mehnat muhojirlarining ahvollarini oʻrganish harakatida. Bizni kuzatib boring.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq