Samarqandda tergovchilar 8 yashar qizchani "zoʻrlash bilan tahdid qilgan"

sud Image copyright supcourt.uz

Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand viloyat sudida ayblanuvchilar tergovchilar tomonidan qiynoqlar va dahshatli tahdidlarga uchraganini daʼvo qilishgan. BBC Oʻzbek xizmatiga maʼlum boʻlishicha, ayblanuvchilardan biri qogʻozga qoʻl qoʻyish uchun 8 yoshli qizini zoʻrlash bilan tahdid qilingani haqida gapirgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand viloyat sudida yangi tugʻilgan chaqaloqlarning chala kuydirilgan jasadlari yuzasidan mahkama davom etmoqda.

Mahkamada ayblanuvchilar ayblarni rad etishgan va tergov davomida qiynoqlar tufayli iqrorlik koʻrsatmalariga imzo chekishganini aytgan.

Sudlanayottgan ayollardan biri sudyaga tergovchilar tomonidan qiynoqlarga tutilganini gapirgan. Hatto sakkiz yoshli qizini olib kelib zoʻrlash bilan tahdid qilishgan.

"8 yoshli qizchani onangni koʻrsatamiz deb militsiya xodimlari akasi bilan Samarqand shahar ichki ishlar boshqarmasiga olib kelgan. Akasini boshqa kameraga olib qizchani onasining oldiga olib kirgan. Keyin onasiga qarab iqrorlik koʻrsatmalariga qoʻl qoʻymasang, koʻz oldingda qizingni yechintirib zoʻrlaymiz deb tahdid qilishgan. Ayol qoʻrqib ketganidan ayblovnomaga qoʻl qoʻyib bergan", deydi sud jarayonidan yaqindan kuzatayotgan BBC manbasi.

Bir holatda yana bir sudlanuvchining talaba qizini onasiga bosim oʻtkazish uchun hech qanday rasmiy ayblovlarsiz bir necha kun qamoqda ushlashgan va doʻpposlashgan.

Ushbu tahdid haqida sudyaga murojaat qilinganida hakam nima uchun qiynoqlar haqida prokurorga murojaat qilmagansizlar, deb javob bergan.

"Qanday qilib prokurorga murojaat qiladi. Chunki ularni qiynayotgan odam oʻzi tergovchi boʻlsa. Shikoyat qilgan vaqti tergovchi ayolni yuzi aralash urganini ham sudyaga aytgan", deydi suhbatdoshimiz.

Ayblanuvchilarning yaqinlari tergov jarayonida qiynoqlar qoʻllanilayotgani haqida Prezident portaliga murojaat qilgan. Biroq odatdagidek qilingan shikoyat qiynoq qoʻllashda daʼvo qilingan prokuraturaga yuborilgan.

Image caption Bosh prokuratura javob xati

Qiynoqlar boʻyicha Bosh prokuratura tomonidan berilgan javob xatida tergovning borishi haqida Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingani va "nojoʻya harakatlar" yoʻqligi aytilgan.

"Murojaatingizni oʻrganish davomida, Samarqand viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan nojoʻya xatti-harakatlar sodir etilgani aniqlanmadi", deyiladi Prokuratura organlari tergov tarmoqlari faoliyati ustidan nazorat boshqarmasi boshligʻi tomonidan yozilgan javob xatida.

"Shikoyatimiz boʻyicha Toshkentdan maxsus odam kelgan. Lekin ayblanuvchilarni bir kun oldin yanada qattiqroq qoʻrqitishgan. Agar qiynoqlar boʻldi, deb aytsang bundan badtar qilamiz, deyishgan. Keyin yaqinlarimiz tekshiruvchiga qiynashmadi, deb aytishga majbur boʻlishgan", deydi BBC manbasi.

BBC ushbu daʼvolarni tasdiqlatish uchun jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand viloyat sudiga murojaat qildi. Rais oʻrinbosari Akbar Turopov ushbu masaladan xabari borligini aytdi, ammo goʻshakni qoʻyib qoʻydi.

Rais oʻrinbosari bilan bogʻlanishga qilgan keyingi urinishlar besamar ketdi.

"Eng katta oʻgʻrilar - prokurorlar"

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni oʻtkazilgan videoselektorda prokuratura xodimlarini qattiq tanqid qilgan. U oldingi tizimdan qolgan prokurorlarning 80 foizini boʻshatganini va oxirigacha oʻzgartirishni vaʼda bergan. U prokurorlarni yomon koʻrishini bildirgan.

"Men oʻzi prokuror degan odamni, kechirasizlaru, juda yomon koʻraman. Buni ochiqcha aytyapman, nimaga desangiz men rayon hokimi boʻlganman, viloyat hokimi boʻlganman. Bu noinsoflarni gʻoʻddayishini, prokurorcha boʻlib darrov yurishi oʻzgarib qolishini, odamni mensimasligini juda yaxshi bilaman. Oʻzi eng katta oʻgʻri ular", - degan u.

Prezidentning prokurorlarni tanqid qilgan audio yozuvi internetga sizdirilgan. U oldingi Bosh prokurordan qolgan tizimni axlatga tenglashtirgan.

"Mana biz yangi Bosh prokuror qoʻydik, 80 foiz odamni oʻzgartirdik, oldingi qolgan axlatdan, oldingi tizimdan, Bosh prokuror qoldirgan oʻgʻri tizimidan 20-15 foiz odamlar yuribdi. Baribir oʻzgartiramiz oxirigacha. Yo prokuror halol boʻlib ishlaydi, yo umuman prokuraturani yoʻq qilamiz", - degan Prezident.

Prezident ayrim prokurorlarni "ahmoq" degan va familiyasini ham toʻgʻri yozolmasligini aytgan. Mirziyoyev davlat oldida hech kim avtoritet boʻlmasligini va faqat xalq avtoritet ekanligini taʼkidlagan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq