Muhammad Solih: Bobomurod Abdullayev - "Usmon Haqnazarov"dir

Bobomurod Abdullayev Image copyright Courtesy
Image caption Jurnalist Bobomurod Abdullayev 27 sentyabr kuni bedarak ketgan va oradan bir kun oʻtib, MXX tomonidan hibsga olingani oʻrtaga chiqqan

Muxolifatdagi Oʻzbekiston Xalq Harakati raisi Muhammad Solih Toshkentdagi MXX tergov hibsxonasida saqlanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullayevning ishi yuzasidan kutilmagan bayonot bilan chiqdi.

Istanbuldagi matbuot anjumanida u Bobomurod Abdullayevning "Usmon Haqnazarov" taxallusi ostida maqolalar eʼlon qilib kelgan sirli muallif ekanini daʼvo qildi.

BBCga taqdim etilgan bayonot matnida, jumladan, shunday deyiladi:

"Ha, oʻtgan hafta Oʻzbekiston Milliy Xavfsizlik xizmati tomonidan qoʻlga olingan kamsuqum sport jurnalisti oʻsha afsonaviy Usmon Haqnazarovning oʻzi boʻladi! "Siyosatshunos Usmon Haqnazarov" imzosi bilan chop etilgan maqolalar nafaqat internetni, balki oʻzi fosh etgan Karimov tuzumi va uning maxfiy xizmatlarini ham ich-ichidan larzaga keltirdi. Karimovning oʻlimidan soʻng esa, Bobomurod Abdullayev yana ayni taxallus ostida SNB rahbari Rustam Inoyatov va maxsus xizmatlarning korruptsion sxemalarini fosh etuvchi turkum maqolalar eʼlon qildi. U Oʻzbekistonning yangi prezidentini SNB tomonidan liberal islohotlarning sabotaj qilinayotgani haqida ogohlantirdi. Bizda aynan shu tizim mamlakatdagi islohotlarning asosiy dushmani ekanini tasdiqlovchi koʻplab dalillar mavjud. Bobomurod Abdullayev mamlakatning yangi lideriga chin dildan ishondi va SNBni fosh etish orqali prezidentga chirib ketgan tuzumni qayta qurishda yordam berayapman, deb oʻyladi. Bizning Bobomurod Abdullayev SNBning tergov izolyatorida psixotrop moddalar vositasida qiynoqqa tutilmoqda, deb ishonishga jiddiy asoslarimiz bor. Bizning shubhalarimiz ushbu izolyatorda qiynoqlarni boshidan kechirgan muxolifatchilarning koʻrsatmalariga asoslangan. Biz uning uzoq muddatga qamoqqa tashlanishidan qoʻrqmaymiz. Biz uning hayotidan xavotirdamiz. Biz Bobomurod Abdullayevning hayoti Abduvali Mirzayev, Abdulla Oʻtayev, demokrat-muxolifatchi Shovruq Roʻzimurodov, yozuvchi Emin Usmon va rejim hamda SNBning boshqa muxoliflari hayoti kabi yakun topishidan xavotirdamiz... Oʻz maqolalarini Bobomurod Abdullayev faqat Oʻzbekiston Xalq Harakatining nashrida eʼlon qilgan va bu bilan adolatsizlik va ozodlikning yoʻqligiga qarshi ochiq muxolifatda ekanini taʼkidlab kelgan edi. Oʻtgan 14 yil mobaynida u katta bosim va muqarrar hibsga olinish tahlikasi ostida yashab keldi. Va bu sodir boʻldi".

Muhammad Solihning "Bobomurod Abdullayev-Usmon Haqnazarovdir" degan bayonotini mustaqil yoki rasmiy manbalardan tasdiqlashning imkoni yoʻq.

27 sentyabr kuni bedarak ketgan va oradan bir kun oʻtib, MXX tomonidan hibsga olingani oʻrtaga chiqqan jurnalist Bobomurod Abdullayevning rasman nimada gumon qilinayotgani maʼlum emas.

Dushanba kuni mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich oʻzining manbasiga tayangan holda, rasmiylar Abdullayevni "Usmon Haqnazarov" deb gumon qilayotgani haqida yozgan.

Inson haqlari faoli Surʼat Ikromovning aytishicha, MXX jurnalistning ayoliga mustaqil advokatdan voz kechish borasida bosim oʻtkazgan.

Image copyright Courtesy
Image caption Muhammad Solih shu daqiqalarda Istanbuldagi matbuot anjumanida gapirmoqda

Bobomurod Abdullayevga davlat tomonidan advokat tayinlanib-tayinlanmagani nomaʼlum.

Yakshanba kuni Bobomurod Abdullayev ustidan Yunusobod tuman sudida soat 11 ga belgilangan sanktson mahkama avvaliga qoldirilgani, keyin esa shu kuni tushdan soʻng boʻlib oʻtgani xabar qilingan.

Anglashilicha, mahkama jurnalistni hibsda qoldirish haqida qaror chiqargan.

Jurnalist MXX va IIVning tezkor amaliyoti natijasida qoʻlga olingan.

Bobomurod Abdullayev ustidan tergov harakatlari juda ham maxfiy tarzda olib borilayotgani aytiladi.

"Usmon Haqnazarov" taxallusi ostidagi maqolalar ilk bor internetda 2003 yilda paydo boʻlgan.

Muallif marhum prezident Islom Karimovning norasmiy tarjimai holi, sogʻligi va hokimiyatning yuqori eshelonlaridagi korruptsiya hamda mamlakatdagi siyosiy repressiyalarga doir rus tilidagi maqolalarni chop etib kelgan.

Ammo hozirga qadar "siyosatshunos Usmon Haqnazarov" daʼvo qilgan holatlarning birontasi na rasmiy va na mustaqil manbalardan tasdiqlangan emas.

Oʻzbek rasmiylari va rasmiy matbuot hech qachon "Usmon Haqnazarov"ning chiqishlariga munosabat bildirmagan.

Ayni taxallus ostida maqolalar chop qilgan muallifga nisbatan qidiruv yoki qandaydir tezkor amaliyotlar olib borilgani BBCga maʼlum emas.

Shunday boʻlsa-da, "Usmon Haqnazarov" nafaqat muxolifat nashrlari, balki mustaqil va xorijiy nashrlarda keng iqtibos qilingan.

Shu yilning avgustida hatto Oʻzbekistoning oʻzidagi qator internet nashrlari "siyosatshunos Usmon Haqnazarov"ning maqolasidan iqtibos keltirgandi.

Eng soʻnggi maqolalaridan birida muallif Milliy Xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatovning ikki oyogʻidan jarrohlik amaliyoti kechirgani va "falaj boʻlib qolgani"ni daʼvo qilgan, ammo oradan ikki kun oʻtib, davlat telekanallari Inoyatovning Toshkent aeroportida Prezident Mirziyoyevni kutib olayotgani aks etgan kadrlarni namoyish etgan.

"Usmon Haqnazarov"ning maqolalari 2003-2004 yillarda Centrasia.ru sayti, undan keyin esa asosan muxolifatdagi "Erk" va Oʻzbekiston Xalq Harakati nashrlarida chop etib kelingan.

Bobomurod Abdullayev 2000-yillar boshida "Ozod ovoz" mustaqil web-saytiga asos solgan, Britaniyaning urush va tinchlikni yoritish instituti (IWPR) muxbiri boʻlib ishlagan.

Oxirgi yillarda u Oʻzbekistonda futbol jurnalisti sifatida tanilgan. Futbol federatsiyasi va terma jamoa murabbiylarini keskin tanqidlari bilan ajralib turgan.

44 yoshli Bobomurod Abdullayevning hibsga olinishi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Toshkentda matbuot erkinligiga bagʻishlangan xalqaro anjuman oʻtkazishga tayyorlanayotgan paytda yuz bergan.

18-19 oktyabr kunlari Toshkent tashkilotning navbatdagi anjumaniga mezbonlik qiladi.

BBC Bobomurod Abdullayevning hibsga olinishi atrofidagi voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq