Gulnora Karimova "yakka amal qilmagan"

Tadqiqot internetda ham chop qilingan
Image caption Tadqiqot internetda ham chop qilingan

Britaniyalik kriminolog tadqiqotchilar chop qilgan "Kobra bilan raqs: Oʻzbekistondagi yirik korruptsiyaga qarshi kurash" nomli hisobotga koʻra, Karimova guruhi koʻplab davlat mansabdorlarini oʻz ichiga olgan.

Hisobot Oʻzbekiston va xorijda yashayotgan guvohlar koʻrsatmalari, bank tranzaktsiyalari, sud hujjatlari va koʻplab boshqa manbalarga tayangan.

Bu haqidagi videolavhani koʻrish uchun mana bu yerga bosing.

Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova otasi tirikligi vaqtida 2015 yili 5 yilga ozodlikdan cheklangan. Oʻzbekiston Bosh prokuraturasining oradan 2,5 yil oʻtib maʼlum qilishicha, sobiq Prezidentning toʻngʻich qizi soliq toʻlashdan bosh tortish kabi ayb bilan ozodlikdan cheklash jazosiga mahkum etilgan.

Birinchi ish

Birinchi jinoiy ish 2013 yilning oktyabr oyida ochilgan. Karimovani "Terra Group", "Prime Media", "Gamma Promotion" kabi uyushmalardan tushgan daromaddan soliq toʻlamaslikda ayblashgan.

Tergov maʼlumotlarida aytilishicha, Gulnora Karimova 12 yil davomida 51,1 milliard soʻmlik aktivlarga egalik qilgan uyushgan guruhni nazorat qilgan. Gulnora Karimova yirik jinoiy guruhga rahbarlik qilganlikda ayblanadi.

Jinoiy guruh turli korxonalardagi davlatga tegishli aktsiyalar va ulushlarni sotib olish, mulkiy obʼektlarni xususiylashtirish va mahsulotlarni past narxlarda sotishda 344,6 mlrd. soʻmlik davlat mulkini oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilishda aybdor deb topilgan. 2 trillion soʻmdan ortiq soliqlarni toʻlashdan bosh tortgan. Ushbu ish boʻyicha Islom Karimovning qizi 2013 yili hibsga olingan.

Image copyright Googoosha.com
Image caption Gulnora Karimova yirik jinoiy guruhga rahbarlik qilganlikda gumon qilinadi

Ikkinchi jinoiy ish

Gulnora Karimovaga nisbatan ikkinchi jinoiy ish alohida ochilgan va ayni damgacha tergov ishlari davom etmoqda.

Tergov materiallarida Karimova jinoiy guruhga 1 trillion soʻmdan ortiq mulkni davlat organlari vakolatlarini asossiz oʻzlashtirgan holda va firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirshda yordam bergan.

Unda radiochastota resurslari va yer uchastkalarini noqonuniy realizatsiya qilishda firibgarlik qoʻllash va xizmatlarga haq toʻlashda mobil aloqa operatorlari abonentlaridan qoʻshimcha toʻlovlarni asossiz undirish koʻrsatilgan.

Bundan tashqari Gulnora Karimova 1 milliard 942,8 million dollarlik (qariyb 2 milliradlik dollar) xorijiy valyutani yashirishda gumonlanmoqda. U ushbu mablagʻni turli shaxslarning manfaatlarini "ilgari surish" uchun uyushgan jinoiy guruhning offshor kompaniyalari hisob raqamiga "boʻnaklar" olish, ulushlarni sotish va dividendlarni toʻlash niqobi ostida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni chet elga olib chiqib ketish orqali yashirgan.

Prokuratura maʼlumotlariga koʻra, guruhning 12 ta xorijiy davlatda legallashtirgan mablagʻlari aniqlashtirilgan. Ularning umumiy miqdori 1,5 milliard dollarga yaqin legallashtirgan mablagʻlari aniqlashtirilgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq