MXX tergovchisi Bobomurod Abdullayevning onasiga oʻgʻlini "jinoyatchi" degan

Abdullayev

Ayni damda Toshkentdagi Gvardeyskiy deb nom chiqargan MXX hibsxonasida saqlanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullayev onasiga koʻrsatilmagan. Jurnalist ishini olib borayotgan MXX tergovchisi Nodir Turakulovning yordamchisi Bobomurod Abdullayevni onasi va rafiqasiga uning "jinoyatchi" ekanligini aytib masxara qilgan.

Oʻzbekistonda inqilob qilishda ayblanayotgan jurnalistning rafiqasi ular juda oddiy yashagani va qarz olib kun koʻrib kelishganini aytmoqda.

Jurnalistning rafiqasi Katya Balxiboyeva bilan suhbatimizni tinglang

27 sentyabr kuni bedarak yoʻqolgan Jurnalist Bobomurod Abdullayev SNB hibsxonasida tergov qilinmoqda. 6 oktyabr kuni jurnalist rafiqasi va onasi u bilan koʻrishish maqsadida va shaxsiy gigiyena jihozlarini olib borishgan.

Katya Balxiboyeva tergovchi Nodir Toʻraqulov bilan koʻrishmoqchi ekanligini aytgan. Biroq uning oʻrniga yordamchisi chiqqan va oʻzini tanishtirmagan.

Rus tilida gapirgan yordamchi tergovchi jurnalistning onasi va rafiqasiga Bobomurod Abdullayevning "jinoyatchi" ekanligini qayta-qayta takrorlagan.

"Tergov ketayotgan boʻlsa nima uchuni uni jinoyatchi deb atayapsiz, yaxshi gap gapirmayapsiz, dedim. Haqiqatni gapirsa "jinoyatchi" boʻladimi. Biz hech kimga yomonlik qilmadik-ku, dedim. Kulib qayta-qayta aytaverdi. Unaqa demang, onasi ham turibdi, u xasta, nimaga bunday deysiz, dedim", - deydi Katya Balxiboyeva.

Mahkama qarorida aytilishicha, Jurnalist Bobomurod Abdullayev "Muhammad Solihning koʻrsatmasi bilan Oʻzbekistonda inqilob qilish va Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini agʻdarishga qaratilgan reja"ni ishlab chiqqan.

Tergovning daʼvo qilishicha, "Yigʻim-terim" ("Jatva") nomi berilgan "loyiha"ga muvofiq, uch bosqichda Oʻzbekistonning amaldagi konstitutsiyaviy tuzumini agʻdarish rejalangan.

Unda Oʻzbekiston hukumatidagi "muhim" mansabdor shaxslar (MXX, IIV va Mudofaa vazirligi) va keng xalq ommasini jalb etish, shuningdek, shahar va viloyat miqyosida (Toshkent, Fargʻona, Navoiy, Urganch) harbiy harakatlarni oʻtkazish rejalangani daʼvo qilinadi.

Sud aniqloviga koʻra, rejaga respublikaning turli vazirlik va idoralari rahbarlarining yashash joylari sxemalari va suratlari, shuningdek, ularni qoʻlga olish uchun zarur boʻlgan odamlar soni hamda ketadigan xarajatlarning smetalari ham ilova qilingan.

Jurnalistning rafiqasi Katya Balxiboyeva oʻzlarining juda ham odmi yashaganligi va Bobomurod Abdullayev oilasini boqish uchun tarjimonlik hamda taksichilik qilganini aytadi.

"Doim qarz olib, uchma-uch yetkazardik. Tarjima boʻlsa tarjima qilardi. Ammo u har doim boʻlmasdi. Men ishdan kelardim, u kishi pul topish uchun eski mashinamizda kirakashlik qilishga chiqib ketardi. Ayrimlar manzilga yetkach pulini bermasdan aldab ketardi. Hatto oʻgʻlimizning oʻqishidagi sinf va maktab fondiga pul topib berolmay izza boʻlgan kunlarimiz boʻlgan", deydi Katya Balxiboyeva.

Uning aytishicha. shu kecha kunduzda ham kommunal xizmatlardan koʻp ming soʻmlik qarzi bor. Ularning kambagʻal yashayotganini tergovchi Nodir Turakulov bilishini aytgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq