Mirziyoyev Usmonovdan samolyot ijaraga olganining nimasi yomon?

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Image copyright Getty Images
Image caption Oʻzbekiston davlat rahbarining koʻp safar qilishiga toʻgʻri keladi. Samolyotsiz buning hech iloji yoʻq.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sochidagi MDH davlatlari rahbarlari uchrashuviga rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning shaxsiy samolyotida uchib bordi.

Prezident Mirziyoyev sentyabr oʻrtasida Nyu-Yorkka, BMT Bosh assambleyasida maʼruza qilish va ishbilarmonlar forumida ishtirok etish uchun aynan Alisher Usmonov uchogʻida yetib borgan edi.

Mirziyoyev va Usmonovni qarindoshlik rishtalari bogʻlagan - Mirziyoyev rafiqasining jiyani Usmonovning 2013 yili avtohalokatda olamdan oʻtgan jiyaniga turmushga chiqqan edi. Sentyabr oyida boʻlib oʻtgan boshqa jiyanining toʻyida janob Usmonov Mirziyoyevning rafiqasi bilan birga raqsga tushdi.

BBCRussian bilan suhbatda Oʻrta Osiyo boʻyicha ekspert Arkadiy Dubnov, bunga ajablanmaslik kerak, deydi. "Tasavvur qiling, bu oilaviy samolyot", - deydi u. - Buni Islom Karimovning feodal-progressiv rejimidan Mirziyoyevning progressiv-kapitalistik rejimiga oʻtish davrining oʻziga xosligi deb atash mumkin".

Prezident Mirziyoyev begona uchoqdan foydalanayotganining sabablari koʻp boʻlishi mumkin. Bunga xavfsizlik ehtiyoji ham, prezident samolyotining hali tayyor emasligi ham, prezident uchogʻining eskirib qolgani ham sabab boʻlishi mumkin. Arkadiy Dubnovning fikricha, Oʻzbekiston prezidentining yangi samolyotiga buyurtma berilgan va yasalayotgan boʻlishi va hali qurilishi yakuniga yetmagan boʻlishi mumkin.

Albattaki, Alisher Usmonovning Oʻzbekistonda oʻz manfaatlari bor va ular oz emas. Shu yil aprelida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga safari 12 milliard dollarlik sarmoyaviy shartnomalarning imzolanishi bilan yakunlangandi. Ayrim kuzatuvchilarning fikricha, ushbu mablagʻning kamida yarmini janob Usmonovga tegishli strukturalar Oʻzbekistonga yotqizadilar.

Image copyright Getty Images
Image caption Alisher Usmonovning Dilbar deb nomlangan yaxtasi - dunyodagi eng yirik yaxtalardan biri

Yaqinda janob Usmonovning oʻzi ham agar marhum prezident Karimovning biznesmenlarga munosabati yaxshi boʻlganida, asli oʻzbekistonlik boshqa milliarderlar bilan birga Oʻzbekistonni allaqachon boshqa mamlakatga aylantirib yuborishlari haqida aytdi.

Noshaffof hokimiyat

BBCRussian yozishicha, Oʻzbekiston prezidentining begona uchoqda parvoz qilish qarori qator savollarni yuzaga keltirgan. Bu savollarning aksari masalaning axloqiy tomoni bilan bogʻliq.

"Na prezidentning oʻzi, na hukumat bu borada tushuntirish berayotgani yoʻq. Kuzatuvchilarda esa darhol Prezident Mirziyoyev bilan Alisher Usmonovning munosabatlari shaffof emasligi haqidagi savol tugʻiladi. Shu bilan birga, manfaatlar konflikti ehtimoli haqidagi savol ham oʻrtaga chiqadi - qaysi shartlarga binoan bu samolyot yollanmoqda, nima sabadan mamlakat prezidenti xususiy xizmatdan foydalanmoqda, - deydi Londondagi SOAS - Sharq va Afrika tadqiqotlari maktabining ilmiy xodimi Alisher Ilhomov. - Xususiy samolyotdan foydalanilayotgani - bir masala, hokimiyat tomonidan bu haqda sharh berilmayotgani esa - mamlakatdagi boshqaruvning ahvoli qanday ekanini namoyish etadigan signal".

Ekspertning fikricha, bunday boʻlayotganining asosiy sabablaridan biri shuki, Oʻzbekiston qonunchiligida hukumat amaldorlaridan manfaatlar konflikti ehtimoli haqida xabar berish talab qilinadigan meʼyorlarning yoʻqligidir.

"Manfaatlar toʻqnashuvi" degan tushunchaning hokimiyatning yuqori eshelonlarida, hukumatda oʻrnashishi qiyin kechmoqda, - deb hisoblaydi Alisher Ilhomov. - "Manfaatlar konflikti" degan tushuncha aholi orasida ham singib ketadi deb oʻylamayman. Bu narsadan odamlar ham bexabar va ular bu kabi suisteʼmolchiliklarni cheklaydigan mexanizmlar mavjudligini ham bilmaydilar".

Xususiy biznes va davlat

Yuqoridagilarning, tabiiyki, bu narsalardan yaxshi xabarlari bor. Ammo davlat bilan xususiy biznes munosabatlarida suisteʼmollikka yoʻl qoʻymaslik masalalari qonunlar tomonidan nazoratga olinmagan.

"Natijada yangi fenomen yuzaga kelmoqda: hokimiyat vakillari, yaʼni moliyaviy masalalarda qaror qabul qiladiganlar, resurslarni taqsimlaydiganlar bilan xususiy biznes vakillari oʻrtasida til biriktirish hosil boʻlmoqda, - deydi Alisher Ilhomov. - Ayniqsa, yuqori eshelonlarda "xususiy sektor" deb ataydiganimiz - oʻsha davlat elitasining davomidir. Yoki davlat elitasidagilar parallel biznesni yoʻlga qoʻyadilar, keyin esa ularning klani aʼzolari resurslarni "soʻrish"ni boshlaydilar. Yoki oligarxlar hokimiyatga kirib olishadi va sshng u yerdagilar ustidan nazoratni oʻz qoʻllariga oladilar".

Bu postsovet hududida yangilik emas. Biroq korruptsion jarayonlarni yuzaga keltirgan Oʻzbekistondagi hokimiyatning avtoritar tabiati oʻziga xos rol oʻynagan. Shu sababdan ham muammoni jazolash yoʻli bilan hal qilishga intilishning samarasi kam boʻladi.

Xitoydagi hozirgi korruptsiya bilan bogʻliq vaziyat yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi. Korruptsiyaga aralashganlarga qarshi faol kurash, xususan, katta miqdorda pora olganlarni otib oʻldirishga hukm etayotganlariga qaramasdan, vaziyat yaxshi tomonga oʻzgarib qolgani yoʻq.

Fuqarolik jamiyatining roli

Alisher Ilhomov yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratadi: Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati oyoqqa turayotgan paytda, avvalambor, eng zarur narsa - fuqarolar erkinliklariga urgʻu berildi. Hokimiyatning hisobdorligi va shaffofligi masalasini ikkinchi planga surib qoʻyildi.

"Faqat hokimiyatgina emas, fuqarolik jamiyati ham tashabbus koʻrsatishi kerak. Lekin Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati bosib yanchib tashlangan va bugunga kelib biror narsani ochiq-oydin gapirish imkoniyatiga ega emas", - deydi Alisher Ilhomov.

Bunday sharoitda Oʻzbekiston prezidentining rossiyalik oligarx samolyotida parvoz qilayotganining nimasi yomon degan savol koʻp ham dolzarb koʻrinmaydi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq