Pen-klub: Bobomurod Abdullayevni zudlik bilan ozod qiling!

Xalqaro Pen-klubning rasmiy web sayti Image copyright pen-international.org

Jahon yozuvchilari va jurnalistlarining xalqaro birlashmasi Pen-klub oʻzbekistonlik jurnalist Bobomurod Abdullayevni zudlik bilan ozod qilish va unga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarni olib tashlashga chaqiriq bilan chiqdi.

Xalqaro Pen-klubning ishonishicha, Bobomurod Abdullayev faqat jurnalistik faoliyati uchun hibsga olingan.

Xalqaro tashkilot Bobomurod Abdullayevni qoʻllab-quvvatlash kampaniyasiga qoʻshilish, Oʻzbekiston rahbariyatidan uni qoʻyib yuborish va ayblovlarni olib tashlashni talab qilib maktub yozishga chaqirgan.

PEN-klub Bobomurod Abdullayev qiynoqlarga solinayotgan boʻlishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

Tashkilot jurnalistni qiynoq va shafqatsiz muomaladan himoya qilishga chaqiradi.

Toshkent shahrida yashaydigan 44 yoshli jurnalist Bobomurod Abdullayev 27 sentyabr kuni yoʻqolib qoldi.

Oradan bir kun oʻtib, uning Toshkentdagi "Gvardeyskiy" nomi bilan bilingan Milliy Xavfsizlik xizmatining izolyatorida ekani oʻrtaga chiqdi.

1 oktyabr kuni Toshkent shahrining Yunusobod tuman sudi jurnalistga nisbatan Jinoyat Kodeksining 159-band 4-qismi bilan ayblov eʼlon qildi va uni Oʻzbekiston Respublikasi MXX tergov izolyatoriga hibs qilishga buyruq berdi.

Jurnalist rasman 2011 yildan "Usmon Haqnazar"imzosi ostida "amaldagi tuzumni oʻzgartirishga chaqiruvchi" maqolalar chop etish va Oʻzbekistonda "inqilob qilish"ga urinishda gumonlanmoqda.

Bobomurod Abdullayevning oilasi uni huquqiy himoya qilishi lozim boʻlgan advokat bilan bogʻlanmayotganini maʼlum qildi.

Jurnalist himoyasiga qator xalqaro tashkilotlar bayonotlar bilan chiqdilar.

Human Rights Watch Bobomurod Abdullayevni ozod qilish talabi bilan chiqdi.

Amnesty International jurnalist hayoti xavf ostida degan bayonot eʼlon qildi.

"Markaziy Osiyoda inson huquqlari" assotsiatsiyasiga koʻra, Bobomurod Abdullayev Toshkentda oʻtkazilishi rejalangan "Markaziy Osiyoda ochiq jurnalistika" xalqaro konferentsiyasi arafasida hibsga olingan.

Bu anjumanni YeXHTning matbuot erkinligi masalalari boʻyicha byurosi tashkillashtirmoqda.

"Markaziy Osiyoda inson huquqlari" assotsiatsiyasiga koʻra, jurnalistning hibsga olinishi "Oʻzbekiston hokimiyatining hali fuqarolik jamiyati bilan muloqotga tayyor emasligining aniq signalidir".

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq