Bobomurod Abdullayevning onasi: "Bolam, qoʻrqma! Men seni toʻgʻri oʻstirganman"

Bobomurod Abdullayev Image copyright Facebook

Qariyb uch haftadan buyon Toshkentdagi MXX tergov izolyatorida qolayotgan jurnalist Bobomurod Abdullayevning onasi Prezident Mirziyoyevdan oʻgʻlining ishini shaxsan nazoratga olishni soʻragan.

69 yoshli Gavharjon Madaminovaning BBC bilan suhbatda aytishicha, Bobomurod yangi Prezident boshlagan islohotlarga ishongan va uni qoʻllab-quvvatlagan.

Oʻzbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati 44 yoshli jurnalistni davlat toʻntarishiga urinishda ayblamoqda.

Bobomurod Abdullayev shu yilning 27 avgust kuni bedarak ketganidan buyon yaqinlariga koʻrsatilmagan.

MXX uni 29 sentyabr kuni hibs qilganini aytgan.

Xalqaro inson haqlari tashkilotlari Mirziyoyev hukumatini Bobomurod Abdullayevni zudlik bilan va shartsiz ozod etishga chaqirganlar.

BBC bilan suhbatda jurnalistning onasi oʻgʻli davlatga qarshi jinoyat sodir etmaganini aytib, hibsdagi farzandini "haqiqat va faqat haqiqatni gapirish"ga daʼvat qildi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq