IShIDchilar Markaziy Osiyoga qaytadimi?

IShID jangarilari Image copyright Video

Oʻzini "Islomiy Davlat" deb atagan guruhning asosiy qarorgohlari boʻlgan Iroqdagi Moʻsul va Suriyadagi poytaxti Raqqa shaharlari tortib olinganidan soʻng IShIDning nazorat hududlari kamaydi. Guruh tor-mor etiladigan boʻlsa, "xalifat"ga qoʻshilgan Markaziy osiyolik jangarilar qayoqqa borishadi, degan savol ustida koʻpchilik jiddiy bosh qotirmoqda.

BBC ekstremizm va terrorizm masalalari boʻyicha ekspertlardan IShIDchi jangarilarning kelgusi taqdiri borasida fikr-mulohazalarini bildirishni iltimos qilgan, shunday ekspertlardan biri - Jorj Vashington Universiteti qoshidagi Ekstremizm boʻyicha Dastur direktori hamda Milandagi Italiya Xalqaro Siyosiy tadqiqotlar institutida tashkil etilgan Radikalizatsiya va Xalqaro terrorizm Dasturi rahbari doktor Lorenzo Vidinoning tahliliy maqolasi eʼlon qilindi.

Bundan keyin Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston yoki Tojikistondan borib "Islomiy Davlat" saflariga qoʻshilgan jangarilar qayoqqa borishadi? BBC Oʻzbek xizmati Londondagi Sharq va Afrika tadqiqotlari maktabi ilmiy xodimi Alisher Ilhomovga murojaat qildi.

Alisher Ilhomov: IShID tarafida jang qilayotgan postsovet Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolarining soni proportsional nisbatda olinadigan boʻlsa, uncha koʻp emas. IShID saflarida koʻpchilikni Yevropa mamlakatlari fuqarolari tashkil qiladi. Markaziy Osiyoning har bir mamlakatidan "Islomiy Davlat" safiga bori qoʻshilganlarning soni 500-600 tani tashkil etishi haqidagi raqamlar keltirilgan edi. Bu ham taxminiy raqamlar, bu odamlarning sonini hech kim hisoblab chiqqan emas. Ular, asosan, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston va Qozogʻistondan borgan insonlar.

Hozirga kelib, IShID safidagi Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston yoki Qozogʻiston fuqarolarining ayrimlari halok boʻldilar. Bu insonlar hali ham oʻz mamlakatining fuqarosi sanaladi, fuqarolikdan ularni hech kim mahrum qilgan emas, ular oʻzlari ham voz kechgan emas. Aytmoqchimanki, oʻzining mamlakatiga potentsial qaytishi mumkin boʻlganlarning soni kamaygan. Tabiiyki, IShID tor-mor etilganidan keyin kelib chiqishi Markaziy osiyolik boʻlganlar yoppasiga vataniga qaytmaydi. Chunki ular qanaqa siyosiy muhitga qaytishlarini, oʻzlarini tugʻilib oʻsgan mamlakatida qanday tahdid kutib turganini juda yaxshi anglashadi. Ular oʻz qarindoshlarini, tugʻilib oʻsgan joylarini sogʻinayotgan boʻlsalar ham xavfsizlik masalasini birinchi oʻringa qoʻyadilar.

Image copyright Getty Images
Image caption "Islomiy Davlat" poytaxti Raqqadan siqib chiqarildi

Ular qayerga yoʻl olishlari mumkin? Menimcha, biz bundan keyin mana bunday rivojlanishni kutishimiz mumkin: sobiq IShIDchilarning bir qismi Yaqin Sharq mamlakatlari, Arab mamlakatlarini tanlaydilar. Chunki ular allaqachon Yaqin Sharq mamlakatlari jamiyatlariga integratsiyalashishga ulgurdilar. Shu bois bu insonlarning u yerlardagi mahalliy jamiyatlarga moslashishlari qiyin boʻlmaydi. Ular qattiq pasport tekshiruvi yoʻlga qoʻyilmagan mamlakatlarni tanlaydilar. Misol uchun, Liviya, Shimoliy Afrika va ayrim Yaqin Sharq mamlakatlarida sobiq SSSR yoki bugungi Oʻzbekistondagidek propiska, pasport tekshiruvi yoki chiqish vizasidek qattiq tartib, siyosiy tizim yoʻq. Bunday jamiyatlarda ular uchun adaptatsiya oson kechadi. Bundan tashqari, Liviyadek mamlakatda hamon jangovar amaliyotlar davom etmoqda.

Sobiq IShIDchilarning ikkinchi bir qismi Afgʻonistonga qaytishi mumkin. Afgʻoniston Markaziy Osiyoning sobiq Shoʻrolari respublikalariga yaqin. Madaniy muhit ham yaqin. Afgʻonistonda forsiyzabon jangarilar jang qilmoqda, ular orasida oʻzbeklar ham bor. U yerda sobiq Oʻzbekiston Islomiy harakati jangarilari ham qolgan.

Va nihoyat juda kam sondagi jangarilar vataniga qaytishlari mumkin. Nazarimda ular qandaydir bir topshiriqlarni bajarish maqsadida vaytishga qaror qilishlari mumkin. Potentsial qaytishi mumkin boʻlganlarning kam sondagisi muammo barpo qilishlari mumkin. Biz yaxshi bilamizki, yolgʻiz oʻzi boʻla turib xudkushlik hujumini sodir etadiganlar ham jamiyatda jiddiy muammolarni yuzaga keltirishi mumkin. Men mana shu joyda muayyan jiddiy tahdidlar mavjud, deb oʻylayman. Nega? Bir tomondan bizda Shoʻro zamonidan qolgan politsiya-pasport nazorati hali ham amal qilmoqda. Ayni paytda bu tizim korruptsiyaga botgan. Huquq-tartibot organlaridagi korruptsiya kuchli boʻlgani uchun mamlakatiga biror qoʻporuvchilikni sodir etish maqsadi bilan qaytadigan jangarining bunday amallarga qoʻl urishi muammo boʻlmaydi. Chunki ularda pul koʻp. Biz yaxshi bilamiz, IShID oʻz nazoratiga olgan hududlardagi neft resurslaridan yaxshigina daromad olib kelgan va guruhning moliyaviy ahvoli yaxshi boʻlgan. Ularda logistika, boshqarish va taʼminot yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Olingan xabarlarga koʻra, IShID dunyoning turli mamlakatlari, shu jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ham kanallar, aloqa-kommunikatsiyani yaxshi tashkillashtirgan. Bu ham tashkilotning moddiy imkoniyatlaridan dalolat beradi. Guruh pullarini huquq-tartibot organlari xodimlarini "sotib olish" va mintaqa jangarilarini oʻzi tugʻilib oʻsgan vataniga qaytishiga yoʻl ochish uchun sarflashi mumkin. Vataniga qaytgan jangarilarni esa sogʻinch tuygʻusi ortga qaytaradi, deb oʻylamayman. Ularning oʻz "markazi" topshirgan terrorchilik xuruji topshirigʻini bajarish uchun qaytishlari ehtimoli katta. "Markaz"ning esa Iroq yoki Suriya hududida boʻlishi shart emas, u dunyoning xohlagan mamlakatida joylashishi mumkin.

Hozir Gʻarbda ortga qaytgan jangarilar bilan nima qilmoq kerak, degan savol ustida bosh qotirmoqdalar. Deradikalizatsiya markazlari tashkil etilib, sobiq jangarilarning tinch hayotga qaytishlariga koʻmaklashishga harakat qilinmoqda. Ularni jismonan yoʻq talabi ilgari surilayotgani yoʻq. Bunday yondashuvni esa biz Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlaridan kutolmaymiz. Kimdir vataniga qaytib, taslim boʻlib, "men zoʻravonlik qarashlaridan voz kechdim", "qilgan ishlarimdan pushaymonman", "bundan keyin tinch hayotga qaytmoqchiman", "hech qanday xavf yuzaga keltirmayman", deb bosh egib boradiganlar juda ozchilikni tashkil qiladi. Misol uchun, men Mirziyoyev hukumati yoki Milliy Xavfsizlik xizmati bunday bosh egib kelganlarni yana jamiyatga qaytishiga rozi boʻladi, deb oʻylamayman. Hoynahoy, bosh egib qaytganlar repressiya qilinadi, "Jasliq"qa yuboriladilar. Bun narsani Suriya yoki Iroqda yurganlar juda yaxshi tushunadilar.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq