"Rossiyada ishlagan oʻgʻlimni 18 kishiga tuhmat qilishga majburlashdi"

Farrux Arziyev 18 kishiga qarshi yolgʻon koʻrsatma berishga majburlangani aytilmoqda Image copyright ok.ru
Image caption Farrux Arziyev 18 kishiga qarshi yolgʻon koʻrsatma berishga majburlangani aytilmoqda

Bir yildan oshiq vaqt davomida 18 kishiga qarshi yolgʻon koʻrsatmalar berishga majburlangani aytilayotgan Farrux Arziyev hamon qoʻrquvda yashamoqda. Yolgʻon koʻrsatmalar berishga majbur boʻlgan Rossiyadagi tanishlari orasida oʻz akasi Hasan Arziyev ham bor.

Yangi uylangan navoiylik Farrux Arziyev 2015 yilning noyabr oyida "mayda bezorilik" uchun 10 kunga qamaladi. Onasining aytishicha, bu kunlar ichida Navoiy shahar tergov izolyatorida dahshatli qiynoqlar va tahdidlarga uchragan Farrux maxsus xizmatlarning boshqalarga qarshi koʻrsatma berish shartiga rozi boʻladi.

Materialni BBC Oʻzbek xizmatining YouTube dagi kanalida tinglang

Yaqinlarining aytishicha, Farrux Arziyev Sankt Peterburg shahrida birga ishlashgan yoki maʼlum muddat birga yashagan 18 vatandoshiga nisbatan, ularni terrorizmda ayblovchi yolgʻon koʻrsatma berishga majburlangan.

Onasi Inobat Arziyevaning aytishicha, hibsdan chiqqan oʻgʻlining peshobidan qon kela boshlaydi. Biroq uni davolata olishmaydi.

Bosh prokuror bilan uchrashmoqchi boʻlgan fuqarolar OMON bilan qoʻrqitildi

Nohaq hukmdan norozi ota-onalar doʻpposlandi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Тергов давомида майиб қилинган фарзанднинг онаси Мирзиёевга мурожаат қилди

"Nima qildi, senga ular desam, ha bir ayolga gap otib qoluvdim, deydi-da qoʻrquvdan uydan chiqmaydi. Qoʻrqadi, eshik, derazaga qarab qaltiray boshlaydi. Keyin oʻgʻlimning ichidan qon keta boshladi. Soʻng oʻgʻlimni doʻxtirga olib bordim. Doʻxtirxonaning darvozasidan kirmasimizdan telefoni jiringladi. Oʻgʻlim telefonini ushlab, ketdik, ketdik, deb bizni ham olib ketdik, deb turib oldi. Bizni uyga qoʻyib, oʻzi chiqib ketdi. Ular chaqirgan ekan. Men bilmaganman, oʻgʻlim yashirgan. Ota-onang, hech kimga aytmaysan deyishgan. Ana shu 10 sutkada oʻgʻlimga juda azob berishgan", deydi Inobat Arziyeva.

Inobat Arziyevaga koʻra, oʻgʻli ilk ushlangan 10 kun ichida qanday qiynoqlarga tutilgani va tuhmat qilishga majbur boʻlganini faqat 2016 yilning sentyabr oyida aytadi.

Ungacha haftada 2-3 marta yolgʻon koʻrsatma berishga chaqirilib turilgan Farrux Arziyev ikki marta oʻzini osadi. Har safar uni uydagilar qutqarib qolishgan.

2016 yilning sentyabr oyida ularning uyida Navoiy ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tintuv oʻtkazadi va Farruxning Rossiyada ishlab yurgan akasi Hasan Arziyev qidiruvga berilganini aytishadi.

"Uyimizni tintuv qilganidan keyin kichik oʻgʻlim yigʻlab aytdi. Bu orada oʻgʻlim fevral, iyul oylarida oʻzini osdi. Keyin sentyabr oyida uyim tintuv boʻlganda yana bir marta osdi. Keyin oʻgʻlimga aytdim, sen oʻzingni osib oʻldirarsan, lekin menga nima boʻlayotganin ayt. Onajon, men oʻsha 11 kunning ichida yegan azobimni yeb boʻldim. Meni ichkarida majburlab urdilar, elektroshok ishlatishdi. Vahshiyona munosabatda boʻlishdi. Jinsiy aʼzoyimga suv solingan baklashga osishdi. Shuning uchun oʻsha vaqti qon siya boshlagandim. Uch sutka yalongʻoch qilib, baklashga osib turgʻazib qoʻyishdi. 5 kunlik gulday xotining, onang va singillaringni olib kelib, koʻz oldingda xohlagan ishimizni qilamiz degan", - deydi Inobat Arziyeva.

Qiynoqlar va tahdidlarga chiday olmagan Farrux ularning aytganiga rozi boʻlgan. Onasining aytishicha, avvaliga unga 20 ta oq qogʻozga qoʻl qoʻydirib olishgan. Keyin aytib turib yozdirishgan.

Tuhmat qildirgan kishilar ichida oʻzining tugʻishgan akasi Hasan Arziyev ham bor. Oʻzbekiston qonunlaridagi shaxsning oʻz yaqinlariga qarshi guvohlik bermaslik huquqi buzilgan.

Onasi boxabar boʻlganidan keyin ham Navoiy Ichki ishlar boshqarmasi Farruxning pasportlarini olib qoʻyib uni koʻrsatma berishga majburlayvergan.

Bu orada erining oʻzini osib qoʻyaverishi va ruhiy holatidan siqilgan kelinchagi Iroda Joʻrayevaning ikki marta 4 oylik va 1,5 oylik homilasi tushib qolgani aytilmoqda.

2017 yilning fevral oyida Inobat Arziyeva bu ish ortiq davom etmasligini aytadi va Oʻzbekiston senati, Oliy majlisning inson huquqlari boʻyicha - Ombdusmaniga, Prezident Shavkat Mirziyoyevning devonxonasi, Bosh prokuraturaga shikoyat bilan murojaat qiladi.

Murojaatlar koʻrib chiqilsin tamgʻasi ostida Navoiy viloyatiga yuborilavergan.

"Xatni koʻrib chiqilsin deb Navoiydagi ichki ishlar boʻlimiga yuborishyapti. Bular esa meni chaqirishyapti. Farmonov Maqsud degan tergovchi telefonlarimni oldirtirib, hamma narsani eshikni oldiga tashlab, xonasiga chaqirtirib aytayapti. Sizning oʻgʻlingiz yaxshilik bilmaskan, men unga yaxshilik qilib qoʻyib yuborgandim. Bu oʻgʻlingizga ham delo ochib tiqaman, deb aytdi", deydi Inobat Arziyeva.

Farrux Arziyev koʻrsatmalari qiynoqlar ostida boʻlganligini aytib murojaat qilganidan soʻng, Navoiy ichki ishlar boshqarmasi xodimlari uni izlab uyiga kelishgan. Topib ber, deb onasiga bosim oʻtkazgan. Nima uchun shikoyat qilganini aytishgan. Inobat Arziyeva oʻgʻlini uch oy boshqa shaharda yashirib turishga majbur boʻlganini aytadi.

Farrux Arziyevning yolgʻon koʻrsatma berishga majburlangani haqida ariza yozishi natijasida uni tuhmat qilishga majburlashgan 18 kishidan 12 tasi qamoq jazosidan qutilib qoladi.

Koʻrsatma asosida terrorizm va ekstremizmda ayblangan Rossiyada ishlab yurgan Toshkent, Samarqand va Navoiy viloyatidan boʻlgan migrantlar Oʻzbekistonga qaytgach uzogʻi bilan bir oy qamoqda oʻtirib yoki 3 kunning ichida ozod qilingan.

Lekin ayblov koʻrsatmalari qiynoqlar ostida berilgani aytilganiga qaramasdan va ishda nomi kechgan guvohlarning sudda bergan koʻrsatmalariga qaramasdan akasi Hasan Arziyev va yana 3 kishi 6 yildan 8 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi.

18 kishidan 12 tasining ozodlikka chiqarilgani huquq tartibot idoralari tomonidan ushbu ish noqonuniy boʻlgan degan xulosaga kelinmagan.

Qiynoq evaziga olingan yolgʻon guvohlarga tayangan tergovchilar javobgarlikka tortilmagan.

BBC izoh olish uchun Bosh prokuraturaning matbuot kotibi Gulnoza Rahimova bilan bogʻlandi. U ish Bosh prokuratura tomonidan koʻrib chiqilayotganini bildirdi.

Farrux Arziyevga ham oʻzining koʻrsatmalari asosida Jinoyat kodeksining 241 va 244 moddalari boʻyicha jinoiy ish ochishgan. Biroq Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 25 yilligi munosabati bilan chiqarilgan amnistiya tufayli qamoqqa olinmaydi.

Inobat Arziyeva oʻgʻlining mana shu bosimlar ostida oʻz joniga qasd qilish uchun bir necha marotaba uringanini aytadi. Farrux Arziyev hamon psixologik bosimlardan xalos boʻlmagan.

"Oʻgʻlim oʻshandan keyin oʻzini osdi. Psixologiyasiga yomon taʼsir qilgan. Oʻgʻlim hozir sal gapga yigʻlab yuboradi. Oʻzini qanday tutishni bilmaydi. Qoʻrquvda yuradi. Uydan chiqmaydi. Oʻgʻlimni qanday qilishimni bilmayman. Kelajagini oʻylayman", deydi Inobat Arziyeva.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002