Oʻzbekiston: "Xalqning prezidentga nisbatan fikri, qarashi oʻzgardi"

Oʻzbekiston Image copyright fergana.ru

Fargʻonalik faol Bahodir Eliboyev, oʻz nazarida, xuddi shu voqeʼlikni "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"ning eng katta natijalaridan biri sifatida eʼtirof etdi.

"Birinchi navbatda mamlakat rahbari, prezident oʻzini koʻrsata oldi. Xalqning ongida, shuurida ishonch paydo qila oldi", - deydi Rishtondan bu suhbatdoshimiz.

Videoni BBC O'zbek YouTube kanalida tomosha qiling.

Ammo, unga koʻra, xalq prezidentdan quyi rahbariyat qismiga "oʻsha-oʻsha, "Eski hammom, eski tos" qabilidagi ishonchsizlik hissi bilan qaramoqda.

"Ayniqsa, "Xalq bilan muloqot yili"da mana, oʻzimiz kuzatdik, bir nechta hokimlar xalqni soʻkinish, haqorat qilish, juda qattiq haqoratlar bilan nima qilishdi...Ayniqsa, bir hokimning kollej oʻqituvchilarini urib-urib chiqqanlari, ularni haqorat qilganlari...Bular albatta xalqning ongida, "yana biz oʻsha eski tuzumda qolaverar ekanmiz", degan tushunchani paydo qildi", - deydi faol.

Nihoyalab borayotgan "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"ga oʻz bahosini berarkan, suhbatdoshimiz, "oddiy xalqqa koʻp narsa kerak emas" edi deydi.

"Oddiy xalqqa gaz kerak, "svet" kerak, ravon yoʻl kerak. Boshqa koʻp narsa kerak emas. Lekin bizda gaz bormi, "svet" bormi yoki yoʻlarimiz haliyam loymi, maktablardagi bolalar haliyam sovuqqotayaptimi?...Oddiy xalqqa unaqa olamshumul narsalar, osmon kerak emas".

Shu soatlarda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yangi - kirib kelayotgan yilning nomi eʼlon qilinishi kutilmoqda.

Yillar va nomlar

Islom Karimov paytlaridan qolgan - yillarni turfa va baʼzan takroran bir nom bilan atash anʼanasi Oʻzbekistonda yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshqaruvi davrida ham davom etgan.

Shavkat Mirziyoyev oʻzi gʻolib chiqqan prezident saylovidan sanoqli kunlar oʻtib, kelayotgan 2017 yilni "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili", deya eʼlon qilgan.

Bu haqda Mirziyoyev Oʻzbekiston konstitutsiyasining 24 yilligiga bagʻishlangan yigʻilishda maʼlum qilgan.

Karimov davridan qolgan va aslida jiddiy islohotlarga turtki bermagan yil nomlash anʼanasi 1997 yilda boshlangan edi.

Markaziy Osiyoning deyarli barcha boshqa davlatlari ham bu kabi yil nomlash anʼanasi mavjud.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002

Bu mavzuda batafsilroq